Mirobod va Shayxontohur tumanlarida yashovchi fuqarolarda koronavirus aniqlandi

Mirobod va Shayxontohur tumanlarida yashovchi fuqarolarda koronavirus aniqlandi

Ayni kunlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘z natijasini berib, karantin tadbirlari asta-sekin yumshatilmoqda. Shu bilan birga, hamon aholi orasidan kasallik qayd etilish holatlari uchrab turibdi.

Birgina kecha, 4 iyun davomida koronavirus aniqlangan 96 nafar bemordan 13 nafari aynan aholi orasida aniqlangan. Shundan 4 nafari Toshkent shahridan, 1 nafari Toshkent viloyati, 8 nafari esa Navoiy viloyatidan.

Jumladan, Toshkent shahri Shayxontoxur tumanida vaqtincha yashovchi fuqaroda tana harorati ko‘tarilgan, tomoqda og‘riq bezovta qilgan. U tekshiruvdan o‘tkazilganda koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi. Shu tumanda joylashgan qurilish firmasining xodimida  ham ishga kelish uchun tahlil  o‘tkazilganda koronavirus aniqlangan.

Mirobod tumanida yashovchi, nafaqadagi fuqaro yuqori qon bosimi bilan tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib kelingan va tekshirilganda unda ham koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda tana haroratining ko‘tarilishi va tomoqda og‘riq bezovta qilgan. Uy sharoitida turli antibiotik dori vositalarni qabul qilgan. Toshkent viloyatida yashovchi, poytaxtimizdagi Shayxontoxur tumanida joylashgan “Mediapark” savdo majmuasida qo‘riqchi bo‘lib ishlovchi fuqaroda ham tana haroratini ko‘tarilishi, holsizlik, quruq yo‘tal va tomoqda og‘riq bezovta qilgan. Infeksiya aniqlangan ushbu bemor ham uy sharoitida turli antibiotik dori vositalarni qabul qilgan.

Shuningdek, Navoiy shahridan 6 nafar, Navbahor va Karmana tumanlaridan esa 1 nafardan koronavirusga chalingan bemor bevosita aholi orasida tasdiqlanganini afsus bilan qayd etish lozim.

Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilib, tegishli qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Bu kabi aholi orasida kasallanish holatlarining uchrab turishi atrofimizda kasallangan, ammo belgilari sezilmay yurgan fuqarolar ham  bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanidan dalolat. Shu bois, birinchi navbatda, karantin qoidalariga qat’iy rioya qiling. Qolaversa, kasallik belgilari sezilsa, o‘z bilganingizcha davolanishga harakat qilmasdan darhol shifokorga murojaat qiling.

‼️Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan har qanday holatda ham xotirjamlikka berilmay, karantin  va sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilish o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligini ta’minlashning asosiy sharti ekanini aslo unutmasligingizni so‘raydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!