MIBning ayrim vakolatlarini IIBga o‘tkazish masalasi tanqidga uchradi

MIBning ayrim vakolatlarini IIBga o‘tkazish masalasi tanqidga uchradi

Quyi palata muhokamasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining alohida moddasi fraksiya a’zolarining qattiq e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Gap loyihadagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan norma haqida bormoqda. Qonun loyihasida elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni (MJtK 101-modda) ko‘rib chiqish vakolatini Majburiy ijro byurosidan ichki ishlar organlariga o‘tkazish masalasi fraksiya a’zolarining tanqidiga uchradi.

Fikrimizcha, Prezidentimizning 2021 yil 26 martda hamda 2 aprelda qabul qilingan tegishli Farmoni va qarorida sohadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ichki ishlar organlariga berish masalasi ko‘rsatilmagan. Aksincha, mazkur hujjatlar talablaridan kelib chiqib, ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish borasida profilaktika ishlarini olib borishlari lozimligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2020 yil 18 fevraldagi Farmonida ham ichki ishlar profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan funksiyalarni yuklamaslik belgilangan.

Qolaversa, ichki ishlar xodimlari mutaxassis bo‘lmaganligi bois, ular yuqorida sanab o‘tilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish davomida qator muammolarga duch kelishlari mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fraksiya a’zolari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolatini ichki ishlar organlariga o‘tkazish bilan bog‘liq normani qonun loyihasidan chiqarib tashlashni taklif qildi.

Fraksiyamizning mazkur taklifi majlisda ko‘pchilik deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, ushbu modda qabul qilinmadi va qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Qodir JO‘RAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari o‘rinbosari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!