Metrodan foydalanuvchilar soni keskin oshgan

Yo‘nalishlar va bekatlar soni ortib borgani sari metroga bo‘lgan talab ham yanada ortib bormoqda. Toshkent metropoliteni o‘tgan 2024 yilda rekord miqdordagi yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
“Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 270,3 million yo‘lovchi metro xizmatlaridan foydalangan. Ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 57 foizga ko‘p bo‘lib, shahar transport tizimining jadal rivojlanayotganini hamda poytaxt aholisi va mehmonlari orasida metropolitenning tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda yo‘lovchilar oqimining o‘zgarishi 2020 yil – 38,8 million, 2021 yil – 101,8 million, 2022 yil – 136,7 million, 2023 yil – 172 million hamda 2024 yil – 270,3 million nafarni tashkil etgan.
Yo‘lovchilar oqimining keskin o‘sishi – metropolitenni rivojlantirish va modernizasiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasi hisoblanadi. Xususan, yangi bekatlarni ishga tushirish va metro tarmog‘ini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifati va sayohat qulayligini oshirish, liniyalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va harakatlanish chastotasi va harakatdagi tarkiblar sonini ko‘paytirish shular jumlasidan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 40 yil mobaynida metro bekatlari soni 29 tani tashkil etib, umumiy uzunligi 38 km bo‘lgan. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tufayli esa umumiy uzunligi 33 kmni tashkil etuvchi yangi bekatlar qurib, foydalanishga topshirildi. Buning natijasida metropoliten yo‘nalishlarining umumiy uzunligi 71 km, bekatlari soni esa 50 ta bo‘ldi.