Mers: Germaniya hozir urush holatida emas, ammo tinch davrda ham emas
Germaniya kansleri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va gibrid hujumlari Yevropa xavfsizligi uchun bevosita tahdid ekanini aytdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlinda parlament ta’tili oldidan o‘tkazilgan yozgi matbuot anjumanida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, shuningdek, gibrid hujumlar Germaniya va Yevropa uchun bevosita xavf tug‘dirayotganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadan tashqari hududlarda ham yangi tajovuzkor harakatlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mersning ta’kidlashicha, tahdidlar Moldova, Boltiqbo‘yi davlatlari va Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham qaratilgan. Germaniya esa diversiyalar va gibrid hujumlarni qayd etmoqda.
«Biz gibrid urush deb ataladigan harakatlarning asosiy nishonlaridan birimiz», — dedi Germaniya kansleri.
Shu munosabat bilan u Germaniya va Yevropaning mudofaa qobiliyatini tiklash muhimligini ta’kidlab, Berlin bu borada avvalgi kamchiliklarni tez sur’atlarda bartaraf etayotganini aytdi.
