Meliqo‘ziyev WBA’dan chempionlik jangi talab qildi: "Bu mening imkoniyatim"

Meliqo‘ziyev WBA’dan chempionlik jangi talab qildi: "Bu mening imkoniyatim"

O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev The Ring nashriga bergan intervyusida WBA yo‘nalishi super o‘rta vazn toifasi chempioni Xayme Munguya bilan jang masalasi yuzasidan noroziligini bildirdi. U meksikalik bokschini o‘zi bilan to‘qnashuvdan qochayotganlikda aybladi.

"Bek Bully" laqabi bilan tanilgan Meliqo‘ziyevning professional rekordi 17 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyatdan iborat bo‘lib, 11 ta jangni nokaut bilan yakunlagan. Ayni paytda u WBA chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar maqomida.

Biroq o‘zbekistonlik bokschi hanuzgacha Munguyaga qarshi chempionlik jangi o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Xayme Munguya 2026 yil may oyida Armando Resendisni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etib, WBA super o‘rta vazn toifasidagi chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan.

Meliqo‘ziyevning ta’kidlashicha, u majburiy da’vogar maqomini reyting yoki kelishuvlar orqali emas, balki ringdagi natijalari bilan qo‘lga kiritgan.

"WBA nega o‘z qoidalariga amal qilmayotganini tushunmayapman. Rasmiy majburiy da’vogar bor va chempion kamarini aynan shu bokschiga qarshi himoya qilishi kerak", — dedi Meliqo‘ziyev.

O‘zbekistonlik bokschi Munguyaga avval boshqa raqib bilan jang qilish imkoniyati berilishiga qarshi emasligini, ammo shundan keyin chempionlik jangi uchun navbat aynan unga kelishi lozimligini ta’kidladi.

"Biz har doim qoidalarga amal qilamiz. Reytingda ham shu qoidalar asosida yuqorilab boramiz. Ammo nihoyat o‘zimiz mehnat qilib topgan imkoniyatni olish vaqti kelganda, qoidalarga rioya qilinmayapti", — dedi u.

Meliqo‘ziyev bu huquqni ringdagi g‘alabalari orqali qo‘lga kiritganini yana bir bor urg‘uladi.

"Men bu pozisiyani ringda qo‘lga kiritdim. Bu jang menga kafolatlangan edi. WBA ham, Golden Boy ham menga ushbu imkoniyat berilishini aytgan", — dedi bokschi.

Bektemirning fikricha, uning Munguya bilan ehtimoliy jangi super o‘rta vazn toifasidagi eng tomoshabop to‘qnashuvlardan biri bo‘lishi mumkin.

"U jang qilishni yaxshi ko‘radi, men ham jang qilishni yaxshi ko‘raman. Bu haqiqiy urush bo‘ladi", — deya ta’kidladi Meliqo‘ziyev.

O‘zbekistonlik bokschi mazkur to‘qnashuvni 31 oktyabr kuni Saudiya Arabistonida Kanelo Alvares va Kristian Mbilli jangi o‘tkaziladigan boks oqshomi doirasida tashkil etish taklifini ham ilgari surgan.

Meliqo‘ziyev Munguyani mag‘lub etish imkoniyatiga ishonishini ham yashirmadi.

"U ajoyib bokschi. Doimo oldinga intiladi va ringga chiqqanida haqiqiy jang qiladi. Ammo men ham xuddi shundayman. Uni mag‘lub etish uchun menda barcha imkoniyatlar borligiga ishonaman", — dedi u.

Bektemirning so‘nggi jangi fevral oyida bo‘lib o‘tgan. O‘sha bahsda u Sena Agbekoni yettinchi raundda nokautga uchratgan.

Hozir Meliqo‘ziyev majburiy da’vogar sifatida chempionlik jangi navbatini kutmoqda. Uning fikricha, boshqa jangda ishtirok etib, chempionlik imkoniyatini xavf ostiga qo‘yish mantiqsiz.

"Men boshqa barcha bokschilarni hurmat qilaman. Ammo hozir mening vaqtim. Bu mening imkoniyatim. Men bunga erishdim", — deya fikrini yakunladi Meliqo‘ziyev.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar