Meksika prezidenti FIFAni tanqid qildi
2026 yilgi jahon chempionati chiptalari narxi 32 970 AQSh dollarigacha yetgan, qayta sotish bozorida esa 2,3 million dollargacha ko‘tarilgan. Narxlarning keskin oshishi munosabati bilan Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum FIFA tashkilotini narx siyosatiga qayta nazar tashlashga va turnirni muxlislar uchun yanada ochiq va hammabop qilishga chaqirdi. Bu haqda AP agentligi xabar berdi.
Sheynbaumning ta’kidlashicha, bunday yuqori narxlar tufayli ko‘plab muxlislar turnirni tomosha qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
“Futbol boshqacha bo‘lishi kerak. Bu FIFAning o‘zida ham jiddiy o‘ylab ko‘riladigan masala”, — dedi u.
Uning fikricha, futbol barcha uchun ochiq bo‘lishi va dunyo xalqlarini birlashtirishi lozim.
2026 yilgi jahon chempionatining AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan o‘yinlari uchun chiptalarning dastlabki narxi 140 dollardan 8 680 dollargacha bo‘lgan. Keyinchalik ayrim chiptalar arzonlashgan bo‘lsa-da, ba’zi o‘yinlarda narxlar sezilarli darajada oshgan.
Eng qimmat chiptalar final bahsiga tegishli bo‘lib, ularning qiymati 32 970 dollargacha yetgan. Qayta sotish bozorida esa narxlar yanada oshib, aprel oyida FIFAning rasmiy qayta sotish platformasida ayrim chiptalar taxminan 2,3 million dollarga baholangan.
Sheynbaum sportda tijorat modeli mavjudligi odatiy hol ekanini tan oldi. Biroq u sport faqat katta xarajatlarga asoslangan sohagina bo‘lib qolmasligi kerakligini ta’kidladi.
Hozircha FIFA Meksika tomonining ushbu bayonotiga rasmiy javob berganicha yo‘q. Tashkilot prezidenti Janni Infantino chipta narxlari Shimoliy Amerika bozori sharoitlariga mos kelishini aytgan.
