Mavsumiy ko‘z kasalliklaridan qanday himoyalanish kerak?
Kuz-qish mavsumida qator ko‘z kasalliklari faollashuvi kuzatiladi. Shulardan biri — ko‘zning qichishishi bo‘lib, bu simptom turli sabablarga ko‘ra yuzaga keladi.
Ba’zida u yengil kechsa, ayrim hollarda jiddiy xastaliklardan darak beradi.
Ko‘z qichishishiga sabab bo‘ladigan asosiy omillar nimalardan iborat? Qanday qilib uning oldini olish va davolash mumkin?
— Ko‘z qichishishi ko‘pincha allergiya tufayli kelib chiqadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Azamat Yusupov. — Chang, gul changi, hayvonlar yungi, kosmetika, maishiy kimyoviy vositalar, kontakt linzalar materiallari allergik reaksiyaga kirishadi. Natijada ko‘z qizarishi, shishishi, yoshlanishi va qichishi kuzatiladi. Ba’zi odamlar mavsumiy, ayrimlar esa doimiy allergiyaga moyil bo‘ladi.
Ko‘zning muntazam qichishishiga sabab bo‘luvchi yana bir muhim omil quruq ko‘z sindromidir. Ko‘z yetarlicha namlanmasa, quruqlik bois noqulaylik kelib chiqadi. Bunga uzoq vaqt kompyuter yoki telefon ekraniga qarash, yetarlicha suyuqlik iste’mol qilmaslik, dori va gormonlarning muvozanati buzilishi sabab bo‘ladi.
Bakterial va virusli infeksiyalar ham ko‘z qichishishiga olib keladi. Kon’yunktivit (ko‘z shilliq qavatining yallig‘lanishi) bakteriyalar, viruslar yoki zamburug‘lar bunga sababchidir. Bunday hollarda qichishish bilan birga, ko‘zdan yiringli, shaffof ajralmalar chiqishi, shish va qizarish kuzatiladi.
Kontakt linzalardan noto‘g‘ri foydalanish, ko‘zning ortiqcha toliqishi, insondagi gormonal o‘zgarishlar, stress va asabiy zo‘riqish, vitamin va minerallar yetishmovchiligi, ba’zi teri kasalliklari ham qichishishga olib keladi.
Endi xastalik profilaktikasi va muolajasiga keladigan bo‘lsak, bu borada bir qator tavsiyalar mavjud.
Ko‘z qichishishini davolash uning sababiga bog‘liq bo‘lib, ba’zan buni uy sharoitida muolaja qilsa bo‘ladi, ba’zida shifokorga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
Eng muhim choralar esa quyidagilar:
- Allergiyadan himoyalanish: agar qichishish allergiya bilan bog‘liq bo‘lsa, imkon qadar undan uzoq turish va antigistamin dorilar qabul qilish tavsiya etiladi.
Gigiyenaga rioya qilish: ko‘zlarni toza saqlash, qo‘llarni yuvish va begona narsalar bilan ishqalamaslik infeksiyalarning oldini oladi.
Sun’iy tomchidan foydalanish: u ko‘zni namlantirishga yordam beradi.
Har 20 daqiqada qisqa tanaffus qilish va ko‘zni dam oldirish zarur.
To‘g‘ri ovqatlanish: A vitamini, Omega-3 va B guruhi vitaminlariga boy mahsulotlar iste’mol qilish ko‘z sog‘lig‘ini yaxshilaydi.
Tashqi muhitni nazorat qilish: xonani namlantirish, ko‘zni shamol va changdan himoyalash muhim.
Shifokorga murojaat qilish: agar qichishish uzoq davom etsa hamda shish va yiringli ajralmalar yoki ko‘rish qobiliyati pasayishi kuzatilsa, albatta, oftalmolog bilan maslahatlashish shart.
Umuman, ko‘z qichishishi ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lib, davolash usuli shunga qarab belgilanadi. Shu ma’noda, har qanday holatda ham shifokorlar bilan maslahatlashish eng to‘g‘ri yechimdir.
