Mavlidi nabiyni nishonlash bid’atmi?

Mavlidi nabiyni nishonlash bid’atmi?

Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdu lillah vasalatu vassalamu ala rasulillah Amma ba’du.

Rabi’ul avval oyi kirib kelishi bilan barcha ummati muhammadiyaning ko‘nglida yoqimli his paydo bo‘ladi. Shunday bo‘lishi ham tabiiy, chunki bu muborak oyda Payg‘ambarimiz s.a.v. tavallud topganlar. Har yili Rabi’ul avval oyi qaytib kelganidek, Allohning rahmati o‘laroq yuborilgan zot ham ummatning hayotiga qaytib, unga mazmun bahsh etib keladilar. Biz bu narsani Rabi’ul avval oyi kirib kelishi bilan butun dunyo musulmonlari bu muborak oyga bag‘ishlab turli xayrli tadbirlar tashkil etish taraddudiga tushishlarida mushohada qilamiz. Kimlardir xonadonlarida ziyofat dasturxoni yozib, yig‘ilganlar ma’naviy ozuqa ham olib ketishlari uchun Mavlidi sharifdan o‘qishlikni tashkil etsa, yana kimlardir bu oyda odatdagidan ko‘ra ko‘proq salavot aytishga o‘tadi. Ilm dargohlarida Payg‘ambarimiz s.a.v.ning siyratlariga bag‘ishlangan kechalar, Qur’oni karim musobaqalari tashkil etilsa, xalqaro miqyosdagi ilmiy hay’atlar, ulamolar kengashlari yirik-yirik ilmiy anjumanlar uyushtiradilar. Bularning barchasi, Rasululloh s.a.v.ga bo‘lgan hurmat va muhabbat o‘laroq, u zotning siyratlari va sunnatlarini yana bir karra hayotga qaytarish maqsadida amalga oshiriladi. Mana shularga umumiy ma’noda Mavlidi nabaviyni nishonlash deb qaraydigan bo‘lsak, buning shariatimizga hech qanday zid tomoni yo‘q.

Afsuski, ba’zi bir mutaassib kimsalar Mavlidi nabiyni nishonlash Rasululloh s.a.v.ning davrlarida bo‘lmagan bid’at, ya’ni harom ish, uni qilgan kishi bid’atchi va gunohkor bo‘ladi, deb da’vo qiladilar.

Biz aytamizki, to‘g‘ri, Mavlidi nabiyni nishonlash bid’at, lekin yaxshi bid’at. Zero, biz Rasululloh s.a.v.ga muhabbatli bo‘lishga, u zotning yo‘llariga ergashishga, doimo u zotga salavot va salomlar yo‘llashga buyurilganmiz. Garchi bu amallarga muntazam, har doim amal qilib kelgan taqdirimizda ham, Mavlid oyi kirishi bizlarni ushbu amallarni yanada ko‘paytirishimizga va ularga ahamiyatliroq bo‘lishimizga sabab bo‘ladi xolos. Payg‘ambar s.a.v. doimo nafl ro‘za tutishga odatlangan bo‘lsalarda, dushanba kunida ro‘za tutishga alohida e’tibor berar edilar. Buning sababi so‘ralganda dushanda kuni tavallud topganliklari va shu kuni payg‘ambar bo‘lganliklarini aytar edilar. Shundan, dushanba kuni nafl ro‘za tutish sunnat bo‘lib qoldi. Shunday ekan, nima uchun Rasululloh s.a.v. tavallud topgan oylarida u zotni ko‘proq eslash, tarjimai hollari bo‘lmish Mavlidlarini o‘qish, ko‘proq salavot aytish mumkin bo‘lmasin?!

Quyida Mavlidi nabiyni nishonlashni yoqlagan ulamolarning so‘zlaridan namunalar keltiramiz. Shoyat, Mavlid haqida salbiy fikrda bo‘lib yurganlarga tanbeh bo‘lsa.

Jaloliddin as-Suyutiy aytadilar: “Mening nazdimda aslida mavlid amalida odamlarning to‘planishi, Qur’oni karimdan qiroat qilish, Payg‘ambar a.s.ning tavallud topganlarida ro‘y bergan mo‘jizalar haqida vorid bo‘lgan xabarlarni rivoyat qilish, keyin dasturxon yozilib, taomlardan tanovul qilingach tarqalib ketish, bularning hammasi bid’at hasana ishlardan sanalib, uni tashkil etganlarga savob bor. Chunki, bunda Payg‘ambar s.a.v.ni ulug‘lash, tavallud topganlari uchun hursandchilik va shodlikni izhor etish bor”. U zot yana shunday deydilar: “Qorilarning imomi Al-Hofiz Shamsiddin ibn al-Jazariyning (arfu at-ta’rif bilmavlid ash-sharif) nomli kitobida shunday satrlarni o‘qidim: “Abu Lahab vafot etgach uni tushda ko‘rildi va unga: holing qanday? - deyildi. U: do‘zaxdaman, biroq, har dushanba kechasi mendagi azob yengillatiladi. Yana barmog‘imni so‘rsam suv chiqadi. Buning boisi cho‘rim Suvayba menga payg‘ambarning tug‘ilgani haqida xabar olib kelganida hursand bo‘lganimdan uni cho‘rilikdan ozod qilib yuborganim va u Muhammadni emizgani uchun, deb javob berdi. Agarki, Payg‘ambar s.a.v.ning tavallud topgan kechalarida hursand bo‘lgani uchun Qur’oni karimda mazammat qilingan kofir Abu Lahabga do‘zaxda shunchalik muruvvat ko‘rsatilgan bo‘lsa, payg‘ambarning tug‘ilganidan hursand bo‘lgan, borini unga bo‘lgan muhabbati uchun Alloh yo‘lida ehson qilgan musulmonning holi qanday bo‘lishi mumkin. Beshak, Alloh taolo uni o‘z fazli bilan jannat ne’matlariga doxil etadi”[ حسن المقصد في عمل المولد لجلال الدين السيوطي]

Ibn al-Javziy mavlid haqida shunday deganlar: “Uning xususiyatidan biri o‘sha yili omonlik bo‘ladi va niyat hamda maqsadlar tezda amalga oshishi haqida hushxabar bor”.[ السيرة الحلبية  تاليف علي بن برهان الدين الحلبي]

Ibn Hajar al-Asqaloniyga mavlid amali haqida savol berilganda u zotning aytgan javoblarini Jaloliddin as-Suyutiy keltiradilar: “Aslida Mavlid amali bid’at ish bo‘lib, avvalgi uchta asrda yashagan salafi solihlardan bunday qilganlari naql qilinmagan. Lekin, shunga qaramay uning ko‘plab yaxshi tomonlari bor. Kim ana shu yaxshi tomonlarini qilsa yaxshi bid’at jumlasidan bo‘ladi. Men bunga asos bo‘ladigan dalilni ham topdim. U ham bo‘lsa, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadisdir: Payg‘ambar s.a.v. Madinaga kelgan vaqtlarida u yerdagi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar va ulardan buning sababi haqida so‘radilar. Ular: bu kunda Alloh taolo Fir’avnni g‘arq etib, Musoga najot bergan. Shuning uchun biz Allohga shukr qilib ro‘za tutamiz, deyishdi. Bundan shunday ma’no kelib chiqadiki, Alloh taolo kimga biror muayyan kunda birorta ne’mat bergan yoki baloni daf etgan bo‘lsa, o‘sha kuni Allohga shukrona tariqasida yaxshi amal qilish lozim bo‘ladi. Bu kunda rahmat payg‘ambari bo‘lmish zotni dunyoga kelishidan ham ortiqroq ne’mat bormi?! Mana bu mavlidni nishonlash uchun naqliy dalil sanaladi. Ammo, unda qilinadigan amallarga keladigan bo‘lsak, albatta, Allohga shukrona bo‘ladigan Qur’on tilovati, taom va sadaqalar tarqatish, payg‘ambar a.s. haqlaridagi qasida va madhiyalar o‘qish, oxiratga savob bo‘ladigan amallarga targ‘ib etish kabi amallar bilan o‘tkazish lozim bo‘ladi.[ حسن المقصد في عمل المولد لجلال الدين السيوطي]

As-Saxoviy aytadilar: “Avvalgi uch asrda yashagan salaflar mavlidni nishonlashmagan, balki u keyinchalik paydo bo‘lgan. Shundan beri barcha yurtlardagi musulmon aholisi mavlidni nishonlab keladilar. Mavlid kechasida turli xildagi sadaqalar chiqaradilar, mavlidi sharifdan o‘qishga alohida e’tibor beradilar va buning natijasi o‘laroq ularda fayzu barakotlar namoyon bo‘ladi”.[ السيرة الحلبية  تاليف علي بن برهان الدين الحلبي]

Ibn al-Hoj al-Molikiy aytadilar: “Rabiul avval oyining 12 dushanba kuni Alloh taologa shukrona uchun ko‘plab ibodatlar va xayriyalar qilishimiz lozim. Zero, u bizga behisob ne’matlarini ato etgandir. Darhaqiqat, ne’matlarining ichida eng buyukrog‘i bu albatta, Payg‘ambarimizning tavallud topishlaridir”.[ المدخل عن تعظيم شهر ربيع الاول  تاليف ابن الحاج] Yana shunday deganlar: “Payg‘ambar s.a.v.ni ulug‘lashning bir ko‘rinishi u zot tavallud topgan kechada husandchilik qilish va mavlidi sharifdan qiroat qilishdir”.[ الدرر السنية]

Ibn Obidin aytadilar: “Bilingki, Payg‘ambar s.a.v. tavallud topgan oyda mavlidi sharif o‘tkazish yaxshi bid’atlardandir”. Yana shunday deganlar: “Mo‘’jizalar sohibi bo‘lmish zotga eng afzal salavotlar va mukammal salomlar bo‘lsinki, u zotning qissalariga quloq solish eng buyuk qurbatlardandir”.[ شرح ابن عابدين على مولد ابن حجر]

Al-Hofiz Abdurrahim al-Iroqiy aytadilar: “Ziyofat tashkil etish va muhtojlarga taom ulashish har vaqtda ham yaxshi sanalgan amallardandir. Ayniqsa, bu muborak oyda unga Rasululloh s.a.v.ning nurlari zohir bo‘lganligi tufayli shodu hurramlik ulansa qanday ham yaxshidir. Uning bid’at ekanligi makruh bo‘lishiga sabab bo‘lolmaydi. Zero, qanchadan qancha yaxshi bid’atlar borki, ularga amal qilish vojib darajasiga chiqqandir”.[ شرح المواهب اللدنية للزرقاني]

Abu Shoma (Imom An-Navaviyning shayxi) aytadilar: “Bizning zamonaga kelib har yili Payg‘ambar s.a.v.ning tuvallud kunlarida sadaqalar va ko‘plab yaxshiliklar qilish, ziynat va shodu hurramlikni izhor etish kabi yangiliklarni joriy etgan kishilar qanday ham yaxshi ish qildilar. Zero, bunday qilish o‘sha ishni qilgan kishining qalbida rasulullohga bo‘lgan muhabbatini namoyon etadi hamda butun olamlarga rahmat qilib yuborgan rasulini vujudga keltirgani uchun Alloh taologa shukrona bo‘ladi”.[ الباعث على انكار البدع و الحوادث  تاليف ابو شامة]

Ash-Shihob Ahmad al-Qastaloniy shunday deydilar: “Qalbida marazi bo‘lgan kishilarga yana ham ziyoda illat bo‘lishi uchun Payg‘ambar s.a.v. tavallud topgan oyning tunlarini bayram qilgan kishini Alloh rahmatiga noil aylasin”.[ المواهب اللدنية]

Al-Hofiz Shamsiddin bin Nosiriddin ad-Dimashqiy  aytadilar: “Abu Lahab payg‘ambar a.s. tug‘ilganlarida hursandligidan Suvaybani cho‘rilikdan ozod qilib yuborgani uchun dushanba kuni do‘zaxdagi azobi yengillatiladi, degan xabar sahihdir”[ مورد الصادي في مولد الهادي].

Mutaaxir ulamolardan aksariyati mavlidi nabaviyani nishonlashni yoqlaganlar. Jumladan;

Hasanayn Muhammad Maxluf – Azharning sobiq shayxlaridan: “Nuri Muhammadiy charog‘on etgan mavlid oyi kechalarini bedor o‘tkazish unda xaloyiqning eng yaxshisi bo‘lmish zotni vujud olamida zohir etib ummatga katta ne’mat ato etgan zotni zikri va shukri bilan mashg‘ul bo‘lish bilan bo‘ladi. Shukrni izhor etish esa, muhtojlarga yordam berib ularning mashaqqatlarini yengillatish, qarindoshlar bilan silai rahm qilish kabi ishlarda namoyon bo‘ladi. Garchi mavlidni nishonlash Payg‘ambar a.s. va u zotning sahobalari davridan qolmagan bo‘lsada, unga amal qilishning zarari yo‘q, balki u yaxshi sunnatlardandir”.[ حسين محمد مخلوف فتاوى شرعية و بحوث اسلامية]

Muhammad Ash-Shoziliy an-Nayfar – Tunisdagi Al-A’zam jome’sining shayxi: “Alloh taolo bizga o‘ziga muhabbatli bo‘lishdan so‘ng Payg‘ambar a.s.ga muhubbatli bo‘lishni vojib qilgan ekan, demak bu bizga payg‘ambar a.s.ga taalluqli bo‘lgan barcha narsani ulug‘lashni vojib etadi. Mavlid kunlarini bayram sifatida nishonlash ham shuning jumlasidandir”.[ محمد الشاذلي النيفر  مقالة احتفاء و تذكير]

Muhammad Mutavalliy Ash-Sha’roviy: “Ushbu mavlidi karimga hurmatan biz har yili shu vaqtda qalbimizdan shodu hurramlik kayfiyatini namoyon etmog‘imiz lozimdir”.[ على مائدة الفكر الاسلامي  تاليف محمد متولي الشعراوي]

Al-Mubashshir At-Taroziy – Turkiston ulamolaridan: “Turli xildagi zararli namoyishlar ko‘paygan hozirgi vaqtda ularga qarshi kurashish uchun ham Payg‘ambar s.a.v.ning mavlidi shariflarini nishonlash asosiy vojib amallardan biriga aylandi”.

Muhammad Ulviy al-Molikiy: “Biz Payg‘ambar a.s.ning mavlidi shariflarini nishonlashni, u zotning siyratlari, haqlarida aytilgan madhiyalarni tinglash, taomlar ulashib ummatning qalbiga surur baxsh etishni joiz deb bilamiz”.[ محمد علوي المالكي  حول الاحتفال بذكرى المولد النبوي الشريف]

Yusuf Al-Qarazoviy – Musulmon ulamolarining butun olam birlashmasi raisi: “Rasulullohning tavallud topgan kunlarini u zotning siyratlarini, shaxsiyatlarini, boqiy va umumiy risolatlarini o‘rganish fursatiga aylantirish qanday qilib bid’at va zalolat bo‘lishi mumkin”.[ موقع القرضاوي: الحتفال بمولد النبي و المناسبات الاسلامية]

Muhammad Sa’iyd Ramazon Al-Butiy: “Rasulullohning tavallud kunlarini eslab nishonlash diniy manfaat ko‘zlanadigan ijtimoiy tashabbusdir. Buni hozirgi asrda o‘tkaziladigan bir qator diniy anjumanlarning biri deyish mumkin. Biroq bunday bayramlar shariatda munkar sanalgan holatlardan xoli bo‘lmog‘i lozim”.[ موقع البوطي: فتاوى عن المولد النبوي]

Nuh Al-Quzot – Iordaniya sobiq muftiysi: “Shaksiz, Mustafo s.a.v.ning tavalludlari biz uchun Alloh taoloning fazli, bu ummatga ato etilgan eng to‘kis ne’matidir. Shunday ekan, u zotning mavlidlari sababli shod bo‘lishga biz haqlimiz”.[ موقع دار الافتاء الاردنية: خطبة جمعة بمناسبة المولد النبوي الشريف]

Ali Jum’a – Misrning sobiq muftiysi: “Payg‘ambar a.s.ning mavlidlarini nishonlash eng fazilatli va buyuk qurbat hosil qiladigan amallardandir. Chunki, bu hursandlik va u zotga muhabbatni ifodalashdir. Zero, payg‘ambar a.s.ga nisbatan muhabbat imon asoslaridan biridir”.[ البيان لما يشغل الاذهان  تاليف علي جمعة]

Vahba Az-Zuhayliy: “Agar mavlidi nabiy Qur’oni karimni o‘qish, Payg‘ambar a.s.ning axloqlarini eslash, odamlarni islom ta’limotlariga amal qilishga targ‘ib etish, farzlarni bajarishga va islomiy odoblarga undash bilan o‘tkazilsa unda bu bid’at sanalmaydi”.[ الجزيرة تت: حلقة البدعة و مجالاتها المعاصرة مع الدكتور وهبة الزهيلي]

         Muhammad bin Abdulg‘affor ash-Sharif – Kuvayt vaqf ishlari bosh kotibi: “Sayyidul xaloiq s.a.v.ning mavlidlarini nishonlash jumhur ulamolarning fikricha mustahab va bid’at hasana amallardandir”.[ موقع الدكتور الشريف: رقم الفتوى 431 في حكم المولد النبوي]

Homidjon Ishmatbekov

O‘MI fatvo bo‘limi mudiri

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!