Marokashda Falastin xalqi va G‘azoning qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlash mitingi bo‘lib o‘tdi
Marokashda G‘azo sektori qayta tiklanishi va Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash talabi bilan ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi.
Islom ummati ishlarini qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi chaqiruvi bilan shimoliy Tetuan shahrining o‘nlab aholisi Isroil tomonidan genosidga uchragan falastinliklar va G‘azo sektori bilan birdamlik bildirish uchun ko‘chalarga chiqdi.
Miting ishtirokchilari Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlayotganliklarini e’lon qilib, Isroilning muntazam bosqinlariga duchor bo‘layotgan Masjidul-Aqsoni himoya qilish uchun shiorlar aytdilar.
Marokashliklar G‘azoda sulh e’lon qilinganidan keyin ham Falastin masalasini qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidlab, Isroilning ikki yildan ortiq davom etgan hujumlari natijasida vayron bo‘lgan hududni qayta tiklashga chaqirdilar.
Isroilning G‘azo sektoriga 2023 yil oktyabr oyida boshlangan va sulh e’lon qilinguniga qadar davom etgan hujumlarida 68 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi, 170 mingdan ortiq kishi yaralandi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 9 oktyabr kuni Isroil va HAMAS G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichini ma’qullaganini ma’lum qildi.
10 oktyabrda Misrdagi muzokaralarda kelishuv imzolanib, Isroil hukumati tomonidan ma’qullanganidan so‘ng kuchga kirdi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Isroil qo‘shinlarining Sariq chiziqqa chekinishi ortidan, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish shu kuni soat 12:00 da kuchga kirdi.
