Markaziy bank O‘zbekistonning tashqi qarzi bo‘yicha tarqalgan materiallar yuzasidan axborot berdi

Markaziy bank O‘zbekistonning tashqi qarzi bo‘yicha tarqalgan materiallar yuzasidan axborot berdi

❗️So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi hisoboti doirasida nashr qilingan umumiy tashqi qarz ko‘rsatkichlariga oid ko‘plab fikr va mulohazalar bildirilayotganligi munosabati bilan Markaziy bank quyidagilarni ma’lum qildi.

(https://t.me/markaziybank_matbuotkotibi/1790)🔸2018 yildan boshlab Markaziy bank tomonidan O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi, xalqaro investision pozisiyasi va tashqi qarzi ko‘rsatkichlari Xalqaro valyuta jamg‘armasining metodologiyasi asosida tayyorlanib, muntazam ravishda (choraklik, yillik) foydalanuvchilarga taqdim etib kelinmoqda.

🔸Ushbu ma’lumotlar investorlar, tadbirkorlar va keng jamoatchilik uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining ochiqligini ta’minlashda muhim hisoblanadi.

🔸2021 yilning 1 iyul holatiga umumiy tashqi qarz ko‘rsatkichi 35,9 mlrd. dollarni tashkil etib, uning 61 foizi (21,98 mlrd. doll.) davlat va davlat kafolati ostidagi qarzlar, 39 foizi (13,9 mlrd. doll.) esa xususiy sektor korxonalari va banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

🔸Bunda 2021 yilda umumiy tashqi qarz ko‘rsatkichlarida jami 2 mlrd. doll. miqdorida o‘sish kuzatilib, mazkur o‘sishning 1,4 mlrd. doll. yoki 70 foizi xususiy sektor korxonalari va banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

🔸So‘nggi yillarda davlat tashqi qarzlari doirasida jalb qilinayotgan mablag‘lar asosan hududlarda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, davlat rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilmoqda.

🔸Davlat byudjeti to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra 2021 yil uchun davlat qarzining xavfsiz darajasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foiz miqdorida belgilangan bo‘lib, davlat qarzining joriy miqdori (38,5 foiz) belgilangan me’yorlardan past darajada saqlanib qolmoqda.

🔸Xususiy sektor tashqi qarzi ko‘rsatkichlaridagi o‘sish asosan tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelib, jalb qilinayotgan mablag‘lar hududlardagi tadbirkorlik sub’ektlari loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilmoqda.

🔸Xususiy sektor korxonalari va banklar tomonidan jalb qilingan tashqi qarzlar bo‘yicha majburiyatlar bevosita ushbu korxona va banklar tomonidan so‘ndirilib kelinmoqda.

🔸Xususan, jalb qilingan umumiy tashqi qarz mablag‘lari bo‘yicha 2021 yilning I yarim yilligida jami 2,4 mlrd. doll. miqdorida asosiy qarz va foiz to‘lovlari amalga oshirilib, ushbu mablag‘larning 1,8 mlrd. doll. yoki 75 foizi xususiy sektor korxonalari va banklar tomonidan to‘langan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!