Maltada keng ko‘lamli blekaut yuz berdi

Maltada keng ko‘lamli blekaut yuz berdi

Malta va qo‘shni Gozo orolida kecha kunduzi elektr ta’minotida katta uzilish yuz berdi. 30 dan ortiq aholi punkti elektrsiz qoldi. Uylar va mehmonxonalarda kondisionerlar ishlamay qolgan, sohildagi barlarda esa televizorlar o‘chgan.

Elektr ta’minotidagi uzilish haqida aholi va sayyohlar ommaviy ravishda xabar bera boshladi. Maltaning Enemalta elektr energetika kompaniyasi ma’lum qilishicha, avariya suyultirilgan tabiiy gaz (SPG) qurilmasidagi uskunaning kutilmaganda ishdan to‘xtashi ortidan yuzaga kelgan. Energiya tizimi barqarorligini saqlab qolish uchun ayrim hududlarda elektr ta’minotini vaqtincha o‘chirishga to‘g‘ri kelgan.

Ko‘p o‘tmay, elektr ta’minotini tiklash uchun zaxira energiya manbalari ishga tushirildi. Ayrim aholi punktlarida elektr taxminan bir soatdan so‘ng qayta berilgan. Enemalta hozircha elektr ishlab chiqarish ob’ektidagi nosozlik sabablarini o‘rganmoqda.

Maltada so‘nggi haftalarda bu birinchi jiddiy blekaut emas. Avgust oyi oxirida Gozo orolida bir nechta yuqori kuchlanishli elektr liniyalaridagi muammolar sababli elektr ta’minoti 26 soatga to‘xtab qolgan edi. Rasmiylar jabrlanganlarga kompensasiya to‘lashga va’da bergan.

Bu yozda orollarda elektr ta’minotidagi uzilishlar odatdagidan ko‘proq kuzatilmoqda. Turizm mavsumida elektr energiyasiga talab ortib borayotgan bir paytda Malta energetika tizimi bunday yuklamani ko‘tara oladimi, degan savollar muhokama qilinmoqda. Enemalta esa elektr tarmoqlariga investisiyalarni oshirish tarafdori.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!