"Malika"da Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazildi. 7 kishi ushlandi, 1 kishi qidiruvda

"Malika"da Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazildi. 7 kishi ushlandi, 1 kishi qidiruvda

Internet tamrog‘idagi bir qator axborot manbaalarida voyaga yetmagan M.J.ning onasi tomonidan qilingan murojaat tarqaldi, unda ayol 16 yoshli voyaga yetmagan o‘g‘li “Malika” savdo kompleksida bo‘lgan janjalda go‘yoki Milliy gvardiya xodimini yonini olganligini, shunda Shayxontohur tumani IIO FMB xodimlari o‘g‘lini ushlab, urib-do‘pposlaganligini aytib o‘tgan. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Muqaddam, 31 yanvar kuni taxminan soat 21.00 larda, Yunusobod tumani Istiqlol ko‘chasida turgan, yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomobildan noma’lum shaxslar 25 million so‘mlik mulkni o‘g‘irlagan. Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida gumon qilinuvchilar aniqlanib ushlangan. Ulardan biri 19 yoshli Aurillo A. qamoqqa olingan, 22 yoshli Alfreda G.ni ushlash choralari ko‘rilmoqda. 16 yoshli M.J. voyaga yetmaganligi inobatga olinib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi tanlangan, garchi o‘g‘irlangan buyumlarning ko‘p qismi M.J.ning yashash joyida aniqlangan va olib qo‘yilgan bo‘lsada.

Shundan so‘ng, joriy yilning 9 fevral “Malika” savdo majmuasi hududidagi holat sodir bo‘lgan, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra M.J. unda faol ishtirok etgan. Shu kuni taxminan soat 16.20 larda Shayxontohur tumanidagi “Malika” savdo majmuasi hududida xizmat olib borayotgan Toshkent shahar IIBB PPX va Milliy Gvardiya boshqarmasi xodimlariga 17 yoshli Xojiakbar S. va Azizbek A.lar murojaat qilib, Azizbek sotmoqchi bo‘lgan telefonni olib qo‘ygan shaxslarga chora ko‘rishlarini so‘ragan.  

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari jabrlanuvchilarning so‘ziga ko‘ra gumon qilinuvchini ushlaganida, bir nechta fuqarolar o‘zlarining xatti-harakatlari bilan xodimlarga o‘z xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilib, Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazishgan.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (“Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish”) va 277-moddasi (“Bezorilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Janjalda ishtirok etgan shaxslar aniqlanib, qonuniy tartibda ushlangan. Ular 26 yoshli Abdulaziz E., 20 yoshli Abdulaziz T., 24 yoshli Saidrasul X., 40 yoshli Boxodir I., 32 yoshli Ismoil M., shuningdek voyaga yetmaganlar D.M. va M.J.lar. shuningdek yana bir shaxsning 25 yoshli G.SH.ning qayerdaligi aniqlanmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari janjalning barcha ishtirokchilarini aniqlash va ushlash choralarini ko‘rayotgan bir vaqtda, voyaga yetmagan M.J. yana gumon qilinuvchi sifatida ichki ishlar organlari xodimlari e’tiboriga tushadi. Ya’ni, 16 fevral kuni Shayxontohur tumani IIO FMBga 28 yoshli Zibogul A. ariza bilan murojaat qilib, u ta’mirlash uchun olib borgan telefonini olib qo‘ygan shaxsga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Aniqlanishicha, Zibogul A. telefonini ta’mirlashdan so‘ng qaytarib berishini so‘raganida, telefonini olgan shaxs unga tan jarohati yetkazgan. Natijada jabrlanuvchi 1-sonli Respublika Klinik shifoxonasiga tibbiy yordam uchun murojaat qilgan. Kuzatuv kameralaridan olingan tasvirlarda ayolga tan jarohati yetkazish holatlari aks etgan va ayol unga tan jarohati yetkazgan 16 yoshli M.J.ni tanib olgan. 

18 fevral kuni 16 yoshli M.J.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 2 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya sudi tomonidan M.J.ning onasi tomonidan berilgan arizaga asosan qamoq ehtiyot chorasi ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan.

Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan qo‘zg‘atilgan o‘g‘irlik fakti bilan bog‘liq jinoyat ishi, shuningdek yuqorida qayd etilgan holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari Shayxontohur tumani prokuraturasiga o‘rnatilgan tartibda birlashtirish uchun yuborilgan.

Shuning uchun, 16 yoshli M.J. tergov idoralari tomonidan gumon qilinuvchi sifatida jalb qilinib uning huquq va majburiyatlari tushuntirilgan bo‘lishiga qaramasdan, tergov harakatlari olib borilayotgan bir vaqtda yana jinoyat sodir etayotganligini inobatga olib, unga nisbatan 2 mart kuni yana qamoq ehtiyot chorasi tanlangan.

Bugungi kunda 16 yoshli M.J. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi (“O‘g‘irlik”); 219-moddasi 1-qismi (“Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish”); 277-moddasi 3-qismi “a” va “g” bandlari (“Bezorilik”); 168-moddasi 2 va 3-qismlari (“Firibgarlik”)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Tergov idoralari tomonidan 16 yoshli M.J.ning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Tergov davom etmoqda. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!