Lavrov Berlinning Moskvaga qarshi ayblovlarini «haqiqiy urush e’loni» deb atadi

Lavrov Berlinning Moskvaga qarshi ayblovlarini «haqiqiy urush e’loni» deb atadi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Germaniya rasmiylarining Moskvaga qarshi so‘nggi ayblovlari va harakatlarini «haqiqiy urushning boshlanishi» sifatida baholadi.

Lavrovning ta’kidlashicha, Germaniya kansleri Fridrix Mersning mamlakatni Yevropadagi yetakchi harbiy kuchga aylantirish haqidagi bayonotlari Rossiyaga nisbatan ochiqdan-ochiq tahdidni anglatadi.

«U bizga ochiqchasiga urush e’lon qilmoqda. Tarix saboqlari to‘liq o‘rganilmagan», — dedi Rossiya TIV rahbari televizion intervyuda.

Lavrov Germaniya rasmiylarini «nasistlar usullariga qiziqish bildirishda» ayblab, Moskva vaziyatdan tegishli xulosalar chiqarishini bildirdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Leypsig aeroportidagi dron bilan bog‘liq hodisadan so‘ng Moskvaga qarshi bildirilgan ayblovlarga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa bo‘yicha to‘liq tergov o‘tkazilmasidan turib, dron Rossiyaga tegishli ekani haqida xulosa qilingan.

«Ular aeroportda qandaydir dronni topib, hech kim tergov boshlamasidan oldin uni darhol Rossiyaga tegishli deb e’lon qilishdi. Bu yondashuv ko‘p jihatdan Rossiyaga qarshi haqiqiy urushning boshlanishidir», — dedi Lavrov.

U Germaniyada Rossiyaning diplomatik muassasalariga nisbatan ko‘rilayotgan choralarni ham tanqid qildi. Vazir Bonndagi Rossiya bosh konsulxonasi xodimlari chiqarib yuborilgani va avvalgi kelishuvlar bekor qilinganini, Berlindagi Rossiya uyi faoliyati ham to‘xtatilishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Lavrov, shuningdek, Yevropa siyosatining hozirgi rahbarlari kelajakda siyosiy sahnadan chiqib ketishiga ishonch bildirdi. Uning fikricha, Yevropa xalqlari oxir-oqibat «to‘g‘ri tanlov» qiladi.

Rossiya tashqi ishlar vazirining ushbu bayonotlari Germaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borayotgan bir paytda yangradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!