Latviya davlat ommaviy axborot vositalarida rus tilini taqiqlamoqchi
Latviya madaniyat vaziri Nauris Puntulis rus tilidagi kontentni ommaviy axborot vositalaridan butunlay yo‘qotishga chaqirdi. Bu haqda uning so‘zlariga tayanib Rossiyaning “RIA Novosti” agentligi xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, OAVda rus tilidagi kontent hanuz saqlanib qolmoqda. Ayniqsa hozirgi harbiy-siyosiy vaziyatda uning mavjud bo‘lishi uchun hech qanday asos yo‘q, deya ta’kidladi vazir.
Uni (rus tilidagi kontent)ni qisqartirish nimani anglatadi? U butunlay yo‘qolishi kerak va tamom”, dedi u Latviya parlamentining Inson huquqlari va jamoatchilik ishlari qo‘mitasi yig‘ilishida.
Latviya parlamenti yuridik byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda OAVda rus tilidagi materiallar ulushi taxminan 2,5 foizni tashkil etadi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab Latviyada maktablarda rus tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘qitish taqiqlandi.
Shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida rus tilidagi tele va radioeshittirishlar cheklandi, rus tilidagi kitoblar savdosiga qo‘llaniladigan soliq esa 21 foizgacha oshirildi.
