“KREDIT QARZINI MEN TO‘LAY-U, UYDA BOSHQALAR YASHASINMI?”

“KREDIT QARZINI MEN TO‘LAY-U, UYDA BOSHQALAR YASHASINMI?”

— Turmush o‘rtog‘imning nomiga olingan uyning kredit qarzini men to‘layman. Erim xorijga ishlagani ketgan. Bundan ikki oy oldin qaynonam so‘ragan pulini bermaganim uchun o‘z uyimdan haydab chiqardi. Hozir uyda qaynopam yashayapti. Alam qilayotgani, uyning kredit qarzi-yu to‘lovlarini to‘layapman, ammo ikkita bolam bilan ota-onamkida o‘tiribman. Bu vaziyatda meni qanday haq-huquqlarim bor?
Ismi sir tutildi

Dilshod XASANOV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi:

— Uy-joy kodeksining 32-moddasi talablariga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar.
Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.
Turar joy mulkdorining oila a’zolari deb, u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin.
Uy-joy kodeksining 52-moddasi 1-qismiga ko‘ra, munisipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha bo‘lmaganida turar joy olti oy muddat davomida ularning hisobida saqlanib turadi.
Mazkur qonun normalari asosida turmush o‘rtog‘ingizga tegishli bo‘lgan uy-joydan uning oila a’zosi sifatida foydalanish huquqiga egasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining 3-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiq har bir shaxsga o‘z huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlanadi.
Har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli.
Uy-joydan foydalanish huquqingiz buzilgan taqdirda, uni tiklash yoki himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqingiz mavjud.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!