Kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘z vaqtida qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.F.” MCHJ rahbari R. hamda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan YA. MCHJga “Limonchilik faoliyatini rivojlantirish uchun zamonaviy issiqxona tashkil etish” maqsadida bank filialidan ajratilgan 1,6 mlrd so‘m kredit mablag‘ini maqsadsiz sarflab, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “P.D.” MCHJ rahbari D.B. va boshqalar, binoni ta’mirlash va jihozlash uchun ajratilgan 1,2 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Marhamat tuman bo‘limi tomonidan bank filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “D.I.” MCHJ rahbari Z.O. va boshqalar tikuv dastgohlari va matolar sotib olish uchun ajratilgan 1,1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Q.T.” MCHJ rahbari S.T. va boshqalar “Mikrokreditbank” ATB Kattaqo‘rg‘on filialidan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shahobchasini tashkil etish uchun ajratilgan 800 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini maqsadsiz sarflab, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!