Kosonsoyda YPX inspektoriga pora taklif qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Kosonsoyda YPX inspektoriga pora taklif qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Sudlanuvchi Tolib Toxirov 2022 yil 16 mart kuni Neksiya-2 rusumli, avtomashinani Kosonsoy tumani hududida transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagani holda boshqargani uchun viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashinasi jarima maydonchasiga qo‘yilganligi sababli, avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarish va ma’muriy javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida shu kuni Kosonsoy tuman IIB ma’muriy binosi oldida viloyat IIB YHXB 1-tumanlararo YPX inspektori, safdor SH.Zoxidovga 400.000 so‘m miqdorda pora berishni taklif qilib, 750.000 so‘mini bergan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 750.000 so‘m miqdordagi pullar tegishli tartibda olinib, ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan.

Amaldagi Jinoyat kodeksining 211-moddasida pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, -bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi Qarorining 3-bandida “Jinoyat kodeksining 8, 54-moddalari mazmuniga ko‘ra, jazo adolatli bo‘lishi, har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo‘lishi kerak” deb tushuntirilgan.

Sud, sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlarini eshitib, taraflarning muzokara so‘zlarini, sudlanuvchining himoya va oxirgi so‘zini tinglab, ishdagi dalillarni har tomonlama to‘la tekshirib, muhokama qilib, qonun sanksiyasida ko‘rsatilgan jazoni tayinladi.

Abdurasul Narzullayev,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tuman sudining raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!