Koronavirusga qarshi cheklovlar qaysi mamlakatlarda kuchaytirilib, qaysilarida yumshatildi? Koronaxabarlar

Koronavirusga qarshi cheklovlar qaysi mamlakatlarda kuchaytirilib, qaysilarida yumshatildi? Koronaxabarlar

Ayrim mamlakatlarda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlashuvi fonida amaldagi cheklovlar uzaytirildi yoki yangilari kiritildi. Boshqalarida esa koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi ortidan vaziyat yaxshilanishi natijasida cheklovlar susaytirildi. «Daryo» koronadayjestida shu yangiliklarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Niderlandiyada COVID-19 pandemiyasi tufayli joriy qilingan komendantlik soati 31 martgacha uzaytiriladi. «Hozir qandaydir yumshatishlar haqida e’lon qilish noma’qul bo‘lgan bo‘lardi», — dedi mamlakat bosh vaziri Mark Ryutte. Shu bilan birga, 15—17 mart kunlariga belgilangan parlament saylovlarini o‘tkazish uchun istisno qilinadi. Agar yaqin orada mamlakatda koronavirus bilan kasallanish darajasi pasaysa, kelasi oydan boshlab restoran va barlarga ochiq ayvonlarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun ruxsat berilishi mumkin. Niderlandiyada 21:00 dan 04:30 gacha amal qiladigan komendantlik soati 23 yanvardan kuchga kirgan.

Estoniyada koronavirusning «britancha» shtammi faol tarqalayotgani tufayli 11 martdan qat’iy karantin choralari kiritiladi. Ular kamida bir oy muddatga joriy qilinadi. Mamlakatda barcha bolalar va o‘smirlar masofaviy ta’limga o‘tkaziladi, do‘konlar, umumiy ovqatlanish joylari yopiladi, ommaviy tadbirlar bekor qilinadi. Ko‘chalarda «2+2» qoidasi kiritiladi — faqat ikki kishi uchrashishi (oilalardan tashqari) va ular bir-biridan ikki metr uzoqlikda bo‘lishi kerak. Sport bilan faqat yolg‘iz shug‘ullanish mumkin.

Finlyandiyada deyarli butun mamlakat bo‘ylab COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani tufayli restoran va barlar uch haftaga yopiladi. Mamlakatning ba’zi hududlaridan tashqari barcha joylarda umumiy ovqatlanish muassasalari faqat uyga olib ketish uchun ishlashi mumkin. 8 martdan Finlyandiyada uch haftalik lokdaun boshlandi. Katta sinf o‘quvchilari, gimnaziya va kasbiy ta’lim muassasalarida o‘quvchilar masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Shuningdek, mamlakatda 1 martdan favqulodda holat amal qilib kelmoqda.

Chernogoriya ham koronavirusga chalinish ko‘rsatkichlari yomonlashgani sababli o‘z chegaralarini yopib qo‘yishi va qat’iy cheklov choralarini kiritishi mumkin. Mamlakat prezidenti Milo Jukanovich COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatni jiddiy deb atadi va choralarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Isroilda esa 8 martdan ba’zi toifadagi chet elliklarning mamlakatga kirishiga ruxsat berildi. Shuningdek, isroilliklarning mamlakatga qaytishiga qo‘yilgan taqiq ham olib tashlandi. Yaqin haftalar ichida birinchi navbatda ularning Isroilga kirishiga ruxsat beriladi, chunki 23 mart kuni Isroilda muddatidan oldingi parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Xorijliklardan musobaqalarga kelayotgan professional sportchilar, chet ellik ishchilar hamda mamlakat fuqarolarining turmush o‘rtoqlariga Isroilga kirish uchun ruxsat beriladi. Isroil koronavirus tufayli kiritilgan cheklovlarni ommaviy emlash fonida susaytirmoqda. Mamlakat koronavirusga qarshi vaksinasiya borasida dunyoda yetakchilik qilmoqda: ayni paytgacha vaksinaning har ikkala dozasini qabul qilganlar mamlakat aholisining 41,4 foizini tashkil qilmoqda.

Tailandda apreldan COVID-19’ga qarshi emlangan chet ellik sayyohlar uchun 7 kunlik karantin joriy qilinadi. Ayni paytda majburiy yakkalanish muddati ikki haftaga teng. Emlanganlar pasportiga ega chet elliklar uchun oktyabrdan karantin butunlay bekor qilinishi ham mumkin.

Tunisda bunday qoida 8 martdanoq amal qilishni boshladi: 2021 yilning 8 martidan 28 martigacha bo‘lgan davrda mehmonxonalardan birida xona band qilgan chet elliklar mamlakatga kelishdan avval 72 soat ichida olingan PZR-testning manfiy natijasini taqdim etishi va yetib kelish punktida ekspress-testdan o‘tishi kerak, mehmonxonada yetti kunlik karantindan keyin o‘z hisobidan PZR-test o‘tkazib, manfiy natijani taqdim etishi kerak.

AQShda koronavirusga qarshi vaksinaning ikkala dozasini ham olgan fuqarolar bino ichida niqob taqmagan hold ava ijtimoiy masofa saqlamagan holda o‘zaro yig‘ilishi mumkin bo‘ldi. AQSh Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari tavsiyalariga ko‘ra, shuningdek, to‘liq emlangan odamlar uyda COVID-19’ning og‘ir shakli rivojlanishi xavfi past bo‘lgan odamlar bilan uyda to‘planishi mumkin, masalan, vaksina olgan keksalar sog‘lom farzandlari va nevaralarining uylariga borishi mumkin. Ayni paytgacha AQSh aholisining 9 foizga yaqini koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.

8 martdan boshlab Buyuk Britaniyada o‘rta maktablardagi qatnab o‘qish to‘liq tiklandi. Maktablar yanvarda qisman ochilgan edi, ammo boshlang‘ich maktablar o‘quvchilari hamon masofaviy ta’limda edi. Maktablarga qatnab o‘qishning to‘liq tiklanishi COVID-19’ga qarshi faol vaksinasiya bilan ham bog‘liqdir. Ayni paytga qadar Britaniyaning 23 million aholisi vaksinaning kamida bitta dozasi bilan emlangan, bu esa kasalxonalarga yuklama ancha kamayishiga olib keldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!