Koronavirus soyasidagi dinbuzarlar yoxud buzg‘unchilar faollashgani haqida

Koronavirus soyasidagi dinbuzarlar yoxud buzg‘unchilar faollashgani haqida

Ayni kunimizdagi voqelikka nazar

2020 yilda butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bilan band bo‘lgan, davlatlar o‘z fuqarolarining salomatligi borasida qayg‘urayotgan, odamlar esa qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir pallada ekstremistik kuchlar o‘z qing‘irliklarini faollashtirish payida bo‘lmoqda.

Bu holatni oxirgi paytlarda Suriya va Iroq hududlaridagi jangarilar urush harakatlarini olib borayotgani va mana shunday jang maydonlariga johil yoshlarni jalb etayotganlaridan yaqqol ko‘rish mumkin.

So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda ham mana shunday jangari to‘dalar yetakchilarining puch va’dalariga aldanib, ularga borib qo‘shilishga urinayotganlar kuzatilayotgani bilan fikrimizni yanada ochiq bayon etamiz. Yaqinda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami a’zolari 25 nafar bo‘lgan ikkita yashirin «Jihodchilar» guruhlari faoliyatiga chek qo‘yildi, deydi "hidoyat.uz".

Guruhlarning biri 2019 yilning may oyida tashkil etilib, unga yetakchilik qilgan shaxs o‘tgan yil noyabr oyida Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchi tashkiloti safiga borib qo‘shilgan. Ikkinchi guruh esa muqaddam ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan fuqaro tomonidan tuzilgani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, birinchi guruh a’zolarining aksariyati hozirda Suriyadagi jangarilar safida bo‘lgan o‘z yetakchisi bilan internet orqali muntazam ravishda aloqa qilib turgan. O‘zaro yig‘inlarda guruhlar a’zolari ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining “hijrat” va “jihod” qilish to‘g‘risidagi audio-video ma’ruzalari hamda da’vatlarini tinglab, “Jihodchilar” oqimi g‘oyalarini o‘z atrofidagilarga targ‘ib qilib kelishgan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada terrorchilik faoliyati olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” jangarilarining g‘oyaviy ta’siriga tushgan holda Toshkent shahrida yashirin guruh tuzib, yig‘ilishlar davomida internet tarmog‘i orqali ko‘chirib olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni muhokama qilib kelishgan hamda go‘yoki “hijrat” va “jihod” amallarini bajarish maqsadida Suriya davlatiga chiqib ketishni rejalashtirishgani ayon bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur guruhlar a’zolari orasida xususiy nashriyot rahbari, tibbiyot xodimi, arab tili kursi o‘qituvchisi, umumiy ovqatlanish muassasalari ishchilari va tijorat ishlari bilan shug‘ullanuvchi shaxslar ham borligi har bir oqil insonni chuqur o‘yga toldiradi.

Ma’lumot o‘rnida “Tavhid va jihod katibasi” terrorchi tashkiloti haqida muxtasar. Ushbu tashkilot 2014 yilda Suriya hududida “Jannat oshiqlari” va “Islom jihodi ittihodi” guruhlarining bir qism jangarilarining ittifoqi asosida shakllangan xalqaro terrorchi tashkilotdir. Ularning asosiy maqsadi mintaqalarda “jihod” orqali amaldagi davlat tuzumini ag‘darish, so‘ngra esa go‘yoki barcha musulmonlarni birlashtiruvchi yagona “islom xalifaligi”ni o‘rnatishdir. Tashkilot a’zolari asosan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolaridan iborat bo‘lib, unga qirg‘izistonlik shaxs yetakchilik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qaroriga muvofiq “Tavhid va jihod katibasi” terrorchi tashkiloti deb e’lon qilingan va faoliyati taqiqlangan.

So‘nggi vaqtlarda mana shunday tashkilotlarning safiga qo‘shilib qolayotgan fuqarolar respublikamizning Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Surxondaryo kabi viloyatlarida uchrayotgani barchamizdan yanada hushyorlik va ogohlikni talab etmoqda, shuningdek, bunday buzg‘unchi oqimlarning botil da’volariga qarshi tinimsiz sa’y-harakatlar olib borishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, buzg‘unchi oqimlar “jihod”, “hijrat” kabi tushunchalarni buzib talqin qilib, bu yo‘lga hali Islomni yaxshi tushunmaydigan kishilarni, ayniqsa, yoshlarni jalb etayotganlari sababli bu kabi tushunchalar aslida qanday izohlanishi va ularni g‘arazli talqin etishning og‘ir gunoh ekani haqida quyida bayon etamiz.

Islom dinini niqob qilib olgan buzg‘unchilar o‘ta nozik va hassoslik bilan yondashish talab etiladigan “jihod”, “hijrat”, “shahid”, “takfir” kabi tushunchalarni turli shaxslarning fatvolariga tayangan holda internet saytlarida g‘arazli talqin etilmoqda. Bunday talqin yoshlar ongida Islom go‘yo, yovuzlikka, jangu jadal, qon to‘kish, boshqa dindagilarga qarshi murosasiz kurash olib borishga asoslangan kabi botil tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Hozirda internet tarmog‘ida ekstremistik ruhdagi ko‘p saytlar faoliyat yuritmoqda, ularning homiylari insonlarni “jihod” qilishga, sababsiz o‘z yurtidan “hijrat” qilib, chiqib ketishga chaqirib, Islom dini niqobi ostida o‘zlarining manfur niyatlarini amalga oshirish payida bo‘lmoqda. Ularning maqsadi din yo‘lida xizmat qilish emas, balki dunyoviy manfaat, mol-dunyoga erishishdir. Hali tafakkuri shakllanmagan, ilmi va tajribasi yetarli bo‘lmagan yoshlar bunday saytlarga kirib qolsa yoki “rahnamolar” suhbatida ishtirok etib qolsa, oqibati qanday ayanchli yakunlanishi kunday ravshan. Shuning uchun quyida ushbu diniy tushunchalar aslida qanday izohlanishini batafsil bayon qilamiz.

 “Jihod” tushunchasidan botil maqsadlarda foydalanmang!

“Jihod” so‘zi lug‘atda g‘ayrat qilmoq, harakat qilmoq, intilmoq, zo‘r bermoq, bor kuchini sarflamoq, o‘z yurtiga yov bostirib kelganda qarshi kurashmoq kabi ma’nolarni ifodalaydi. Shuningdek, bor imkoniyatini ishga solib, biror ishni bajarishga jiddu jahd qilish ma’nosini ham anglatadi. Misol, shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib, harakat qilgan yirik olim “mujtahid” deb ataladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “jihod” so‘zi ayrim kimsalar iddao qilayotganidek “urush” ma’nosini anglatmaydi. Arab tilida urush boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Urush ma’nosini anglatish uchun, asosan, “qitol” so‘zi ishlatiladi. “Jihod” so‘zining lug‘aviy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ma’lum davrlarda xalqlarning bosqinchilarga qarshi jon-jahdi bilan jang qilishi ham jihod deyilgan. Keyinchalik ushbu oxirgi ma’no boshqalaridan ustun kelib, “jihod” ko‘proq qo‘llaniladigan bo‘ldi.

Bir hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom: “Jihodning eng afzali kishining o‘z nafsu havosiga qarshi kurashmog‘idir”, – deganlar (Ibn Moja rivoyati). Makka davrida Nabiy alayhissalom Alloh taoloning: (Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘li (dini)ga, hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!” (Nahl, 125), – degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar.

Hozir esa buzg‘unchi toifalar o‘zlari ilgari surayotgan manfur maqsadga erishish uchun yangi “jihod” turlarini o‘ylab topishyapti. Ular “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, aybsiz odamlarning qoni nohaq to‘kilishiga sababchi bo‘lmoqda. Bunga dunyoning turli nuqtalarida “jihod” yoki “shahidlik” niqobi ostida amalga oshirilayotgan qo‘poruvchiliklar misol bo‘ladi. Ayniqsa, yaqin o‘tgan kunlarda Afg‘oniston, Suriya va Iroq hududlarida bo‘layotgan xudkushliklar yoki terrorchi hujumlar oqibatida begunoh qariyalar, ayollar va yosh bolalarning o‘limi ko‘paygani juda achinarli holdir. Bunday mintaqalarda hatto Allohning uyi – masjidlarda ham qo‘poruvchilik sodir etilayotgani yo minglab begunoh go‘daklar hayotdan ko‘z yumgani kabi juda og‘ir musibatlar terrorchi kuchlarning dinga va insoniyatga qarshi naqadar shafqatsiz ekanini namoyon etmoqda.

Bunday nobakor kimsalar internet va ijtimoiy tarmoqlardan juda ustalik bilan foydalanishmoqda. Birgina “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida va “Youtube” kanallarida bir qancha guruhlar ochib, soxta g‘oyalarini muntazam ravishda tarqatib, ko‘paytirib borishyapti. Terrorchilar o‘zlariga tegishli  sahifa va kanallarda “jihod” va “hijrat” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga erishayotgani achinarli hol, albatta.

Shu o‘rinda mashhur olim, marhum Muhammad Said Ramazon Butiyning terrorchilar xususida aytgan quyidagi so‘zlarini keltirish lozim: “Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?”

Islom dinida begunoh inson qonini to‘kish buzg‘unchilikning eng ulkan ko‘rinishi hisoblanadi. Islom dini hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dinga e’tiqod qo‘ygani haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da’volari soxta ekanini fosh etmoqda.

“Hijrat” so‘zini g‘arazli yo‘lda ishlatmang!

Bu so‘z lug‘atda “ko‘chish, tark etish” demakdir. U ikki xil bo‘ladi. Birinchisi, farz ibodatlarini bajarishga umuman imkon bo‘lmaganida, zulmlar ko‘payganida din va hayot muhofazasi yo‘lidagi makoniy hijratdir. Ikkinchisi, gunoh-ma’siyatlarni tark etish ma’nosidadir. Shu ma’nodagi hadislarda Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning qator ko‘rsatmalari bayon qilingan. Jumladan, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Hijratning eng afzali Alloh taolo qaytargan narsani tark etmoqdir”, – deyiladi (Imom Ahmad rivoyati).

Ayrim nobakorlar o‘z yurtlarida kechirib bo‘lmas jinoyatlarni sodir qilganlari uchun o‘zga yurtga qochib, musulmonlarni, masjidlarda azonlar yangrayotgan, namozlar o‘qilayotgan, ro‘za tutib, zakotlar ulashilayotgan, xullas, Islomning barcha arkonlari emin-erkin ado etilayotgan osuda Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar. Holbuki, o‘z yurtiga qarshi qurol ko‘tarish yoki isyon qilish Islom ta’limotiga butunlay zid ekani barchaga ma’lum.

Bugun buzg‘unchi kuchlar Qur’oni karimdagi “Tavba” surasining 24-oyati mazmunini o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga burishga intilmoqda. Vaholanki, bu oyatning hukmiga ko‘ra, Payg‘ambar alayhissalom davrlarida makkalik mo‘minlar dinlarini himoya qilish uchun Madina shahriga hijrat qilishlari buyurilgan edi. Mufassirlarning ta’kidlashiga ko‘ra, bu oyatning hukmi o‘sha paytda Makka fath bo‘lgunga (egallangunga) qadar davom etgan. Ushbu oyat o‘sha vaqtda Makka shahridan Madina shahriga hijrat qilishdan bosh tortgan musulmonlarga tahdid sifatida nozil bo‘lgan. Zero, o‘sha paytda Madinaga hijrat qilish Alloh taolo tomonidan farz qilingan bo‘lib, Makkada qolish go‘yo Islomdan qaytish, musulmonlar safini kamaytirish va mushriklar sonini ko‘paytirish, deb hisoblangan.

Nabiy alayhissalom bir hadisda: “Makka fathidan keyin hijrat qilish yo‘q”, – deganlar. Shu o‘rinda ko‘r-ko‘rona kimlarningdir yolg‘on gaplariga ishonib, “hijrat” qilayotgan, Alloh taolo uchun emas, balki kimningdir manfaati uchun urush qilmoqchi bo‘lgan kimsalar zalolatga ketayotganini, haq yo‘ldan og‘ib, hidoyatni zalolatga almashtirmoqdalar. Axir ular uylarida farzandlari, xotinlari, keksayib qolgan ota-onalarini tashlab ketmoqdalar. Ularning ko‘z yoshlariga, iltijoyu nolalariga parvo qilmayaptilar. Eng achinarlisi, o‘zga yurtlarda xoru zorlikda puch va’dalar qurboniga aylanmoqdalar. Yuqoridagilardan ma’lumki, hijrat qilish o‘rniga Islom diyori bo‘lgan o‘z yurtida Alloh taolo tomonidan yuklangan majburiyatlarni ado etish lozim.

Shuningdek, “hijrat” qilmaganlar mo‘min-musulmonlikdan chiqishi haqidagi da’volariga raddiya sifatida marhum Shayx Muhamad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari tomonidan Qur’oni karimning “Anfol” surasi, 72-oyatiga berilgan sharhini keltiramiz. Mazkur oyatda:

“Albatta, imon keltirgan, hijrat qilgan, mollari va jonlari bilan jihod qilganlar va joy berib yordam ko‘rsatganlar, aynan o‘shalar bir-birlariga valiydirlar. Imon keltirgan, ammo hijrat qilmaganlarga esa, to hijrat qilmagunlaricha, siz hech valiy bo‘la olmassiz. Agar ular sizdan dinda yordam so‘rasalar, yordam bermog‘ingiz vojib. Faqat siz bilan o‘rtalarida ahdnoma bor, qavm ziddiga emas. Alloh nimalar qilayotganingizni ko‘ruvchi zotdir” deyilgan.

Ushbu oyatda Alloh taolo mo‘minlarning bir necha darajalarini zikr qilmoqda: hijrat qilganlar, yordam berganlar, iymon keltirganlar, lekin hijrat qilmaganlar. Bularning barchasi mo‘minlar, deb atalmoqda.

Yuqoridagi dalillardan musulmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, islomning beshta arkoni emin-erkin bajarib kelinayotgan O‘zbekiston kabi mamlakatdan hijrat qilinmasligi haqidagi qat’iy xulosa chiqadi.

Shu bilan birga, xorijiy davlatlarga chiqib ketish va ekstremistik guruhlar va terrorchilik tashkilotlari tarkibida faoliyat yuritish O‘zbekistondagi amal qilinayotgan qonunlarga ko‘ra jinoyat hisoblanib, bunday harakatlarni sodir etgan shaxsga nisbatan chora ko‘riladi.

Shu nuqtai nazardan, dunyodagi eng taniqli ulamolar va fatvo markazlari bugungi kunda musulmon olamiga tahdid solayotgan, o‘zlariga “jihod”, “tavhid” kabi islomdagi ulug‘vor so‘zlarni qo‘shib nom qo‘yib olgan turli oqim va guruhlar, “Tavhid va jihod katibasi” kabi tashkilotlar aslida zamonaviy xavorijlar (ilk adashgan toifa) ekani haqida fatvo beradilar.

Hanafiy ulamolarining fatvolariga ko‘ra, “juma namozi, iyd namozlari kabi islom hukmlari joriy etilishi bilan dorul kufr dorul islomga aylanadi”. Shu nuqtai nazardan, tashqi istiloga uchramagan barcha musulmon mamlakatlari islom diyori sanalib, ushbu hududlardan hijrat qilinmaydi va mazkur davlatlarga nisbatan qurolli jihod olib borish joiz emas.

Ushbu maqolada so‘nggi vaqtlardagi ayrim voqeliklarni muxtasar bayon ettik, xolos. Bunday xurujlarga qarshi kurashish diniy soha xodimlarining birlamchi vazifasi bo‘lishi barobarida barcha ziyo ahli, ma’rifat egalari ham bu ishda yetakchi bo‘lishlari zarur bo‘lmoqda.

O‘z navbatida ta’kidlaymizki, imom-xatiblarimiz bu yo‘ldagi  kurashchanlikni har qachongidan ham oshirishlari kerak. Agar biror hududdan adashgan toifalar tuzog‘iga ilingan kimsa chiqsa, demak o‘sha qavmning imomi yetarlicha tushuntirish ishlari olib bormaganini anglatadi. Shunday ekan, jamiyat peshvosi bo‘lgan imom-domlalarimiz xalqimiz e’tiqodi mustahkamligi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishlarini davrning o‘zi qat’iy talab etayotganini doimo his etishlari kerak.

O‘.Hasanbayev


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!