Koronavirus dunyoni boshqarish vasvasasimi?

Koronavirus dunyoni boshqarish vasvasasimi?

O‘tgan yilning noyabridan boshlab butun dunyoni koronavirus pandemiyasi vahimaga solib kelmoqda. Dahshatga solmasinmi, ha degancha, butun dunyoga yoyilib, 500 ming odamning yostig‘ini quritdi, hali-beri ortga qaytadiganga ham o‘xshamaydi. Aksincha, tobora kengroq quloch otib boryapti. Uni yengganiga ishongan davlatlar chuchvarani xom sanagan ekanmiz, deya qaytadan karantin joriy qilmoqda. Boz ustiga Xitoydan yana hozirgisidan ham xatarliroq yangicha turlari paydo bo‘lib “eksport”ga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqalib turibdi.

Koronavirusni insoniyat tarixidagi eng xatarli o‘lat deb aytish mumkin. Chunki tarixda bo‘lib o‘tgan o‘latlar bir qishloq, shahar, yurt, mintaqa, uzog‘i bilan bir necha qit’alar aro yoyilgan. Koronavirus esa butun dunyoga, hatto Tinch Okeani o‘rtasidagi orollarga ham yetib bordi.

Alhissa, azizlar, o‘lim sharpasi shundoqqina yonimizda kezib yuribdi. Lekin biz uning istalgan choqda bo‘g‘zimizga chang solishini his qilib turgan bo‘lsak ham sira o‘zgarmayapmiz. Mubolag‘ami? U holda ayting-chi, dilozorlik, firibgarlik, yolg‘onchilik, g‘iybatchilik, tarozidan, enidan-bo‘yidan urish…  kamaydimi?

Tarixiy-badiiy kitoblarda yozilishicha, burungi zamonlarda xalqning boshiga bir falokat yog‘ilsa, o‘sha falokat odamlarning ko‘zini ochgan, odamlar Rabbini eslab qolgan, tavba-tazarru qilgan, o‘zaro jisplashgan, bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lib qolgan. Biroq boshqalarni qo‘yato‘raylik, himoyachilarimiz bo‘lgan jonajon melisamiz koronavirus balosi yog‘ilib turgan choqda bir necha odamni urib o‘ldirdi. (19:52 / 30.06.2020. Prezident Chiroqchi va Andijondagi voqealar uchun ichki ishlar organlari rahbarlarini tanqid qildiKun.uz)

Yana ularning sirkasi suv ko‘tarmaganiga nima deysiz? Sho‘ringiz qurib, bexosdan azgina qitiq-patiga tegib ketsangiz, birdaniga kechirim so‘rashingizni talab qila boshlaydi…

Koronavirusning paydo bo‘lish sabablarini o‘rgangan amerikaliklar uning Xitoyda yaratilgani, Uxandagi biolaboratoriyadan sizib chiqqanini, xitoyliklar esa AQShning biologik quroli ekanini da’vo qilmoqda. Olimlar uning ko‘rshapalakdan yoki dengiz hayvonlaridan tarqalgani haqidagi nazariyalarni  ilgari surmoqdalar.

Shu oyning boshlarida  Bi-bi-si muxbiri Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts bilan uyushtirgan suhbatda milliarder milliardlab odamlarga mikrochip implantasiya qilishni va uning yordamida Yer yuzida o‘zining mutlaq hokimiyatini o‘rnatib, aholini qisqartirishni rejalashtirgani, buning uchun uning GAVI [Bill va Melinda Geyts fondi homiyligidagi Vaksina va immunizasiya bo‘yicha global alyans] Covid-19 ga qarshi vaksina ishlab chiqishni moliyalashtirganiga to‘xtaldi. Suhbatning videomaterialida aholining vaksina ta’sirida sezilarli qisqarishini Bill Geytsning o‘zi ham aytib o‘tdi. Shu va shunga o‘xshash manbalardan ayon bo‘ladiki, Yer yuzi aholisining ko‘payishini istamasdan ularning har sakkiztadan yettitasini o‘limga hukm qilayotganlar transmilliy kompaniyalar ekan. Albatta, ularning ortida ham kimlardir (?) bo‘lsa kerak.

Bu gaplarning qanchalik rostligini bilmadig-u, ammo necha o‘n yillardirki, geopolitiklar aholining ko‘payib borayotganidan xavotirga tushib, urushlar, toshqinlar, zilzilalar, kasalliklar kabi odamlarga qirg‘in keltiradigan narsalarni o‘ylab topish haqida bosh qotirayotgani bor gap.

Nima emish? Aholi ko‘payib ketsa, oziq-ovqat tanqisligi boshlanarmish. Bu g‘oya – qizg‘anchiqlik, ochofatlik, xudbinlik g‘oyasi. Bunday g‘oyaga qo‘shilganlar Chingizxondan ham, Gitlerdan yovuz, lekin aqli zaif, ko‘zi och kimsalardir. Chunki odamlarga o‘lim tilab turarkan, ajal o‘zining yoqasiga chang solganini bilmaydilar.

Ular yana bir xususiyatga e’tibor bermaydilar. Sayyoramiz aholisi unchalik ko‘p bo‘lmagan yillarda aholining moddiy ta’minoti unchalik zo‘r bo‘lmagan. Masalan, 1927 yili Yer yuzida ikki milliard, ya’ni bugungi kundagidan qariyb to‘rt barobar kam aholi yashagan. Lekin odamlarning yeb-ichishi bugungining yarmicha ham bo‘lmagan. Davlatlarning boyligi ham, qudrati ham bugungichalik bo‘lmagan.

Uzoq o‘tmish sahifalarini varaqlasangiz, Yer yuzida odamlar juda ham ko‘p bo‘lgan vaqtda to‘kin-sochinlik, rizq-nasiba mo‘l bo‘lgan. Manbalarda aytilishicha, Nuh alayhissalom davrida odamlar shu qadar ko‘p bo‘lganki, Xitoydan Makkagacha tomdan tushmasdan borsa bo‘larkan. Qavm to‘qlikka sho‘xlik qilib baloga uchragan. Miloddan avvalgi 530 yilda massagetlar yurtiga 200 ming qo‘shin bilan bostirib kirib birortasi tirik qolmagan Midiya-fors podshosi Kir Ikkinchining nevarasi Doro Birinchi  bobosining qasosini olish uchun miloddan avvalgi 514 yilda massagetlarning yaqin qardoshi skiflar ustiga 700 ming kishidan iborat qo‘shin tortib boradi va mag‘lub bo‘ladi. Demak, urushda partizanlik usulini tanlagan skiflar qo‘shini ham anchagina bo‘lgan. O‘sha zamonlarda shuncha ko‘p qo‘shin yig‘ilishidan ayon bo‘ladiki, Yer yuzining aholisi o‘sha vaqtlarda ham kam bo‘lmagan. Lekin Yer ularni ko‘targan. Oziq-ovqat ham yetarli bo‘lgan. Nega?

Chunki Alloh taolo: «Er yuzida o‘rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir», degan (Hud surasi, 6-oyat).

Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asarida ushbu oyati karima ma’nosining xalqona, sodda ifodasini “Ag‘їlda og‘laq tug‘sa, arїqda otї ÿnär – molxonada buzoq tug‘ilsa, ariqda o‘t chiqadi”, deb keltirib o‘tgan.

Oziq-ovqat tanqis bo‘lib qolishini ro‘kach qilib, rizqi Allohning zimmasida bo‘lgan insonlarning joniga qasd qilish uchun turli fitna-fasodlar o‘ylab topib, ularni aldovlariga ishontira olishiga ishonganlar, «Albatta munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar. Holbuki, Alloh ularni «aldab» qo‘yguvchidir» (Niso surasi, 142), surasini o‘qib qo‘ysalar o‘zlarining qanday ahvolda ekanini bilib olgan bo‘lardilar.

Damin JUMAQUL


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!