Koronavirus anatomiyasi. Yarim yilda Covid-19 haqida nimalarni bilib oldik?

Koronavirus anatomiyasi. Yarim yilda Covid-19 haqida nimalarni bilib oldik?

Qotil izidan

Xavfli kasallik tarqalishini tadqiq etish izquvar faoliyatidan ko‘p farq qilmaydi. Avval dalillar yo‘qolmaguncha voqea joyini ko‘zdan kechirishga ulgurish kerak; so‘ngra uzoq vaqt davomida guvohlarni so‘roq qilish, keyin esa uning keyingi zarbasini oldindan taxmin qilish uchun qotilni ta’qib qilish zarur. 

Ammo xalqaro miqyosda birgalikda olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, koronavirus rivojlanishda davom etmoqda va har kuni minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lmoqda.

Olimlar so‘nggi olti oy ichida virus haqida nimalarni aniqlashdi?

Favqulodda vaziyat
Har qanday virusning kelib chiqishini bilish uning sog‘lig‘imizga qanday ta’sir qilishi va qanday sur’atda tarqalishini oldindan taxmin qila olish uchun juda muhim hisoblanadi. Ammo koronavirus bizni avval boshdanoq hayratda qoldirdi. 

Dunyo Yangi yilni nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, shifokor Li Venlyan Uhan markaziy kasalxonasining shoshilinch bo‘limida ishlardi, u yerda pnevmoniya – o‘pka yallig‘lanishi bilan kasallangan yetti nafar bemor karantinga olingandi.

30 dekabr kuni u WeChat’dagi guruhda hamkasblariga eng yomon xavotirlari haqida yozgan – Li SARS’ning (og‘ir o‘tkir respirator sindrom) yangi to‘lqini boshlanayotganini taxmin qilgan. Koronavirusning boshqa turi bo‘lgan SARS ilk marta 2003 yilda Xitoyda paydo bo‘lgan va 26 mamlakat bo‘ylab 8000dan ortiq odamga yuqqan.

Biroq, shifokor Li SARS’ning ikkinchi to‘lqinini emas, balki Covid-19 (SARS-CoV-2) virusining dastlabki izlarini aniqlagandi.

Xitoy nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, Li hamkasblariga ehtimoliy avj olish to‘g‘risida ogohlantiruvchi xabar yuborganidan uch kun o‘tgach, u va uning 8 nafar hamkasbi «mish-mish tarqatganlikda» ayblanib, polisiya tomonidan hibsga olingan. 

Shifokor Li ishga qaytganidan ko‘p o‘tmay Covid-19 bilan kasallanadi. U 6 fevralda 34 yoshida o‘g‘li va homilador xotinini qoldirib vafot etdi.

Bozordagi virus o‘chog‘i
Shaharning yangi qismida joylashgan Xuanan dengiz mahsulotlari bozorida chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilar o‘zlarining kichik peshtaxtalarida hamma narsa sotishgan – tirik parrandalardan baliq, sudraluvchilar va yovvoyi hayvonlargacha.

Ammo 2019 yil dekabr oyining so‘nggi haftalarida, virusning ehtimoliy tarqalishi haqida ogohlantirishlar baralla yangray boshlaganida, shifokorlar birinchi navbatda e’tiborni yangi o‘xshashlikka qaratishdi – bemorlarning aksariyati Xuanandagi dengiz mahsulotlari bozorida ishlagan.

31 dekabr kuni Uhan sog‘liqni saqlash komissiyasi Pekinga o‘zining birinchi rasmiy hisobotini taqdim etdi. Ertasi kuni bozor karantinga yopildi.

Bugungi kunda, olimlar bir ovozdan dengiz mahsulotlari bozori avj olish o‘chog‘i bo‘lganini tasdiqlashadi, ammo virus ilk marta bozorda paydo bo‘lgani so‘roq ostida.

Bozordagi odamlar va tirik hayvonlardan olingan Covid-19 namunalari shundan beri musbat natija berdi. Ammo, Uhandagi tibbiyot tadqiqotchilari fikriga ko‘ra, odamlardagi koronavirus kasalligi bilan bog‘liq eng erta holat bozorda yoyilishidan deyarli to‘rt hafta oldin sodir bo‘lgani keyinchalik aniqlandi: kasallik alomatlari 2019 yilning 1 dekabrda ko‘zga tashlangan uhanlik keksa odamning dengiz mahsulotlari bozoriga aloqasi bo‘lmagan. 

Uhandagi tibbiyot xodimlari shahar kasalxonalarida kasallikning kundan kunga kuchayib borayotganini payqagan yanvar oyida hech kim virusning nafaqat Xitoyda, balki butun Osiyo qit’asi va keyinchalik dunyo bo‘ylab qanday dahshatli tarzda tarqalib ketishini tasavvur qila olmasdi.

11 yanvar kuni, Covid-19 yuqtirgan bemorlar orasida ilk qayd etilgan o‘limdan atigi to‘qqiz kun o‘tgach Yaponiya, Janubiy Koreya va Tailandda yangi holatlar qayd etilishga ulgurdi.

Shunday qilib, qotilni ta’qib qilish boshlandi, ammo tibbiyot va texnologiya sohasida dunyodagi barcha yutuqlarga qaramay, biz doimo virusdan bir qadam ortda qoldik...

Covid-19 olti oy ichida 188 mamlakatga tarqaldi va 10 milliondan ortiq kishi virusdan zararlandi.

Qotil portreti
«Har doim beriladigan birinchi savol – bu nima o‘zi?», deydi professor-immunolog Kristian Andersen. 

Andersen laboratoriyasi yuqumli kasalliklar genomikasiga ixtisoslashgan. Ular virusning hayvondan odamga yuqishini o‘rganishadi.

Dekabr oyi oxirida, ilk bemorlar kasalxonaga yotqizilishidan bir necha soat o‘tgach Uhan virusologiya instituti olimlari sirli virus bilan og‘rigan bemorlarning burun surtmalarini tahlil qilishdi.
Ular virus genomini – bu qanday virus ekanligi va uning tarqalish usulini aniq ko‘rsatuvchi to‘liq genetik kodni qidirishdi. 

Sodda qilib aytganda, genom «harflarning» uzoq zanjiri sifatida ifodalanishi mumkin – masalan, inson genomi uch milliarddan ortiq genetik harflardan iborat. Odatiy gripp virusi 15000 harfdan iborat bo‘lib, bu zanjirda o‘zini million marta aks ettirishi uchun virusga kerak bo‘ladigan barcha ko‘rsatmalar kodlangan va ular epidemiyaga yo‘l ochadi. 

Virus genomi kodini ochish odatda bir necha oy, ba’zan bir necha yil vaqt oladi. Ammo 10 yanvar kuniyoq professor Yun-Chjen Chjan boshchiligidagi Uhan virusologiya instituti olimlari Covid-19'ning birinchi genom tartibini - jumboqning birinchi va ehtimol, eng muhim qismini e’lon qilishdi.

«Ushbu birinchi ketma-ketlikni ko‘rishimiz bilan uning koronavirusning bir turi ekanligini va SARS virusiga 80 foiz o‘xshashligini darhol angladik», deydi professor Andersen.

Koronaviruslar o‘zida viruslarning katta oilasini jamlagan bo‘lib, ularning yuzlab turlari, bizga ma’lum bo‘lishicha, cho‘chqalar, tuya, ko‘rshapalaklar va mushuklar kabi hayvonlar orasida tarqalgan. Covid-19 – hayvondan odamga yuqish xususiyatiga ega bo‘lgan va fanga ma’lum hozircha yettinchi koronavirus.

«Ikkinchi savol – qanday tashxis qilinishi – bu virusni aniqlash va uning yuqish mexanizmlarini tushunishga imkon beradi. Uchinchi savol – vaksina qanday yaratiladi? Virusning genetik «chizmalariga» ega bo‘lgan holda, bu savollarning barchasiga javob topishning iloji yo‘q», deydi professor Andersen.

Andersenning so‘zlariga ko‘ra, virus ilk marta ko‘rshapalaklarda paydo bo‘lganini inkor etib bo‘lmaydigan dalillar mavjud. 

«Hammasi ko‘rshapalaklardan boshlangan. Biz bilamizki, bu mutlaqo tabiiy virus, chunki ko‘rshapalaklarda shunga o‘xshash ko‘plab viruslar mavjud. Uning inson populyasiyasiga qanday yuqib qolgani esa ma’lum emas», deydi u..

Andersen jamoasi ko‘rshapalakda topilgan boshqa bir koronavirusni o‘rgandi, bu Covid-19 bilan 96 foiz o‘xshash. Ular, shuningdek, Osiyo mintaqalarida uchrovchi va aksariyat hollarda noqonuniy tarzda sotiladigan sut emizuvchi pangolinlarda topilgan boshqa virus bilan juda kuchli o‘xshashlikni ko‘rishdi.

Virus ko‘rshapalaklardan boshqa vositachi hayvonga, masalan, pangolinga o‘tib, oxir-oqibat, odamga yuqishidan avval yo‘l-yo‘lakay qo‘shimcha oqsillar ishlab chiqara olishi mumkinmi? Olimlar tekshirishni davom ettirishmoqda. 

Xitoyda, Covid-19’ning birinchi genetik zanjiri aniqlanganidan ikki kun o‘tgach mahalliy hokimiyat professor Chjan laboratoriyasini yopib qo‘ydi va uning ilmiy lisenziyasini bekor qildi. Xitoy nashrlariga ko‘ra, bunga hech qanday rasmiy sabab ko‘rsatilmagan. Ammo yarim natijaga erishib bo‘lingandi.

«Ushbu ilk izchilliksiz ish boshlashimiz mumkin emas edi. Bularning barchasi muhim ma’lumotlarni ajoyib tezlikda bergan xitoylik olimlar tufayli», deydi professor Andersen.

Izidan borish va izolyasiyaga olish

Covid-19 tarqalishi bilan olimlar virusning kelib chiqishini o‘rganishdan voz kechib, e’tiborni uning yoyilishini to‘xtatishga qaratishdi.

Kontaktlarni kuzatish
51 million aholiga ega bo‘lgan Janubiy Koreya Covid-19 kirib kelishini to‘xtatish borasida dunyodagi eng muvaffaqiyatli davlatlardan biri bo‘ldi.

Ushbu muvaffaqiyat, asosan, kontaktlarni kuzatish agentlari armiyasini – Covid-19 bemorlari va ular aloqa qilgan odamlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashni o‘rgangan tadqiqotchilarni jalb qilish qobiliyati bilan izohlanmoqda. So‘ngra o‘z-o‘zini izolyasiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma kimlarga berilishi kerakligi yoki ba’zi hollarda, butun bino yoki butun tashkilot – kasalxona, qariyalar uyi yoki idorani karantin qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish zarur. 

Yanvar va fevral oylari boshlarida kasallikning yangi holatlari juda kam edi va Janubiy Koreya aholisi kasallik avj olishini to‘xtatishga umid qilishardi. Biroq, fevral oyi oxirida vaziyat birdaniga yomonlashdi – bir (yagona) shahar epidemiya o‘chog‘iga aylandi, bir necha kun ichida bemorlar soni bir necha ming kishiga yetdi. 

Degu shahridagi avj olish keyinchalik «Bemor 31» nomi bilan tanilgan bir inson – «super-yuqtiruvchi» harakatlari bilan bog‘liq. 

31 sonli bemorning koronavirus uchun topshirgan tahlillari 17 fevralda musbat natijani bergan. Faqat kuzatuvchilarning faoliyati tufayli, 10 kun ichida u yaqinda aloqada bo‘lgan va uning izdoshlari bo‘lib chiqqan insonlar soni 1000dan oshiq ekani aniqlandi va ularga o‘z-o‘zini izolyasiya qilish tartibi kiritilishi orqali virusning yanada tarqalib ketishining oldi olindi. 

Degu epidemiologiya guruhining o‘rinbosari sifatida professor Kim Chen Yon shahardagi kontaktlarni izlash ishiga javobgardir – bu ish bilan ko‘pincha sobiq hukumat amaldorlari va boshlovchi shifokorlar shug‘ullanishadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar o‘z-o‘zini izolyasiya qilish qoidalariga rioya qilishni istashmasa (31-sonli bemor kabi), yanada qat’iyroq usullardan foydalanish kerak, masalan, kredit kartalari to‘lovlari va telefon aloqalari yoki GPS ma’lumotlarini kuzatish. 

«31 sonli bemor avvaliga o‘zining Sinchxondji cherkoviga mansubligini aytmagan. Buni aynan biz, aloqani kuzatuvchi xodimlar, keyinroq bilib oldik», deydi professor Kim. 

Sinchxondji Cherkovi diniy sektasi butun mamlakat bo‘ylab 300 mingga yaqin a’zolarga ega va ularning asoschisi Li Man-xi o‘zini ikkinchi masih deb da’vo qiladi. Janubiy Koreyadagi ko‘plab yirik xristian cherkovlari ushbu guruhni insonga sig‘inish deb bilishadi va uning yoshlarni o‘z safiga jalb qilish yo‘lidagi agressiv siyosatini tanqid qilishadi.

Ammo, 31 sonli bemor o‘zining Sinchxondji cherkoviga aloqadorligini yashirgani bilan mashhur bo‘lmagan. Izquvarlar aniqlashicha, u kasallikka tahlil topshirishidan 10 kun avval, alomatlar paydo bo‘lganiga qaramay butun Degu bo‘ylab harakatlanib, mingdan ortiq odam bilan aloqada bo‘lgan.

U 6 fevral kuni avtohalokatga uchragan va ertasi kuni kasalxonaga yotqizilgan, u yerda taxminan 128 kishi bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Keyin u uyga borib, shaxsiy buyumlarini olib kelish uchun kasalxonadan vaqtincha javob berilgan (borib-qaytish uchun ikki yarim soat). Keyinchalik o‘sha haftaning o‘zida u kasalxonadan bir necha marta chiqib ketadi – bir marta do‘sti bilan tushlik qilishga va ikki marta cherkovning 2000ga yaqin odam qatnashadigan ikki soatlik ibodatiga borish uchun.

Professor Kimning so‘zlariga ko‘ra, Sinchxondji cherkovi yopiq xarakterga egaligi sababli, kuzatishning eng og‘ir qismi shu hafta davomida yana kimlar ibodatga qatnashganini aniqlashga urinish bo‘lgan. 

«Oxir oqibat, cherkovning barcha 9000 a’zolari ro‘yxatini oldik. Avvalo, ularning har biriga qo‘ng‘iroq qilib, virus alomatlari bor-yo‘qligi so‘raldi. 1200 ga yaqin kishi «bor» deb javob berdi,  ammo ba’zilari karantinga ketish va tahlil topshirishdan bosh tortdi. Yuzlab odamlar Sinchxondjiga aloqador ekanliklarini oshkor etishni istashmadi va agentlarda boshqa yo‘l qolmadi», deb ta’kidlaydi Kim. 

«Gap bizning cherkov a’zolarini Deguning qolgan aholisidan qanchalik tez ajratib olishimiz haqida borardi. Shu bois hukumat Sinchxondji cherkovining barcha a’zolariga o‘zini yakkalash rejimiga o‘tishni buyurdi».

Barcha yangi holatlarning sinchkovlik bilan tekshirilishi keng qamrovli tahlillar bilan birgalikda virus tarqalishini jilovladi va aprel oyi boshlariga kelib, Degu Covid-19’dan xoli shaharga aylandi. 

Biroq, dunyoning boshqa qismlarida virus barqaror ravishda tarqalishda davom etdi. Ilmiy hamjamiyat uchun Covid-19’ni nafaqat mamlakatlar, balki butun qit’alar bo‘ylab kuzatib borish juda muhim vazifaga aylandi. 
Muammoning yechimi ko‘payish va tarqalishni boshlagan virusning genetik kodining kaliti bo‘lgan genomda yotadi. 

Dalillar zanjiri
Covid-19 bilan kasallangan bemorlardan olingan va virus genomini aniqlash uchun olimlar tomonidan tahlil qilingan birinchi bir nechta surtmalarni ifodalovchi yagona binafsha nuqta Uhanda. 

Yanvar oyida professor Yun-Chjen Chjan tomonidan genom kashf qilingandan so‘ng, dunyo olimlari o‘n minglab burun surtmalarini tahlil qilishni davom etishdi va natijalarini GISAID’ga, ochiq manbali ma’lumotlar bazalaridan biriga yuklashdi. 

Genni uning tarqalishi orqali bir necha marta sekvenlash (ya’ni aminokislota yoki DNK va RNK nukleotidlarining ketma-ketligini aniqlash) orqali olimlar genetik koddagi mutasiyalarni – mayda xatolarni, genetik «harflar» zanjiridagi «farqni» kuzatib borishlari mumkin. Virus qoldirgan ushbu dalillarni o‘rganish, mutasiyalar ketma-ketligini taqqoslash virusning chegaralar bo‘ylab qanday tarqalishini ko‘rsatishi mumkin.

Masalan, agar Nyu-Yorkdagi bemordan olingan namunada uchta bir xil mutasiya aniqlansa va Uhandagi bir necha namunalar o‘z genomida aynan o‘sha uch «farqni» tashisa, bu holatlarning barchasi virusning aynan bir odamdan boshqa odamga yuqishi qismlari ekani ehtimoli yuqori. Keyinchalik, voqealar jadvalini qayta tiklagan holda, mutaxassislar virusning Uhandan Nyu-Yorkka qachon va qanday ko‘chib o‘tganini tushunishi mumkin. 

Dunyo bo‘ylab to‘plangan 37000dan ortiq sekvenlangan namunalar Covid-19’ning kuchli yuqumli potensialini namoyish etadi.

Epidemiolog Emma Hodkroft GISAID’ga yuklangan o‘n minglab ketma-ketliklardan asosiy ma’lumotlarni ajratib oladigan Nextstrain guruhi olimlari va dasturchilari bilan ishlaydi. Uning yordami bilan ochiq manba kodli ya’ni butun dunyo bo‘ylab virus tarqalishi jarayonida mutasion genomning suratiga ega xarita yaratilmoqda. 

«Genomni kuzatish bilan biz bemorlar bilan suhbatlashishdan ko‘proq foyda olamiz. Ular infeksiyani qachon va qayerda yuqtirganliklarini bilishmasligi mumkin. Ammo genom ma’lumotlari ancha ishonchli», deydi doktor Hodkroft. 

Gap, ayniqsa, Eron kabi ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lmagan mamlakatlar haqida ketganda bu juda muhimdir.

Sirli rishta
Yanvar oyi oxirida doktor Hodkroft va Nextstrain jamoasi juda o‘xshash genomga va ko‘pincha bir xil mutasiyalarga ega bo‘lgan bir nechta namunalarga e’tibor qaratishdi, ammo ular sakkizta turli mamlakatlarda, shu jumladan Avstraliya, Yangi Zelandiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy va Niderlandiyada olingan. 

Dastlab, olimlar ushbu g‘ayrioddiy namunalar guruhi qayerdan paydo bo‘lganini aniqlay olishmadi. 

«Ular xaritada bir-biriga juda yaqin joylashgan edi. Bu kutilmagan hol edi, chunki bu odamlarni boshqa hech narsa bog‘lab turmasdi. Ammo, keyinchalik Avstraliyadan keltirilgan bir nechta namunalar Eronga yetaklashi mumkinligi aniqladik. Bu juda muhim edi, chunki o‘sha paytda bizda Erondan namunalar bo‘lmagan. Ammo hozir aniq aytishimiz mumkinki, bu odamlar virusni yo Eronning o‘zida, yoki yaqinda Eronda bo‘lgan odamdan yuqtirgan», deydi Hodroft.

Genomni kuzatish kuchli vositadir, chunki virus kamdan kam hollarda mutasiyaga uchraydi. Shuning uchun, olimlarga virusning butun mintaqada qanday tarqalishini tushunish uchun hatto bir necha namunalar ham kifoya qiladi. 

Erondan olingan ushbu namunalarni o‘rgangan Nextstrain guruhi ularning barchasi nafaqat Erondagi bitta yuqtirish holatidan olingan, balki mamlakatda barcha virus yoyilishi holatlari ham xuddi shu bemordan boshlangan degan xulosaga keldi. 

Shu orqali olimlar Eronning muqaddas Qum shahridagi avj olganini kuzatishga muvaffaq bo‘lishdi. U yerga har kuni minglab sayyohlar va ziyoratchilar tashrif buyurishadi hamda virus aynan shu shahardan ikki haftadan kam vaqt ichida butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. 

Kontaktlarni o‘rganish va genomni tadqiq qilish orqali olimlar Covid-19’ning dunyo bo‘ylab tarqalishi haqiqiy tezligi va ko‘rinmasligini aniqlashdi. Biroq, so‘nggi olti oy ichidagi barcha kashfiyotlarga qaramay, mutaxassislar bir qadam orqada qolishmoqda – virus keyingi safar qachon va qayerda paydo bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi. 

Gap Covid-19’ni jilovlash haqida borsa, bitta katta muammo mavjud: virusning populyasiya orqali tartibsiz tarqalish qobiliyati – ba’zida o‘limga olib keladi, ammo ko‘pincha yengil alomatlar bilan yoki umuman alomatlarsiz kechadi. 

Alomatlarsiz odamlar orasida Covid-19 tarqalishini o‘rganish juda qiyin. Biroq, Italiya shimolidagi bir mitti qishloqda ushbu jumboqning muhim uchi topildi.

Ko‘rinmas tahdid
Italiyada Covid-19’dan birinchi o‘lim holati uning o‘ta gavjum shaharlaridan birida emas, balki Veneto viloyatida joylashgan, dunyodan deyarli uzilgan mitti Vo qishlog‘ida yuz berdi. Bu yerda taxminan 3000 kishi istiqomat qiladi. Vo (boshqa nomi Vo Euganeo) Venesiyadan uncha uzoq bo‘lmagan milliy park – Eugan balandligi etagida joylashgan.

21 fevral kuni mamlakatda virusdan ilk o‘lim holati qayd etilishi bilanoq mahalliy hokimiyat butun qishloqni yopishga qaror qildi va alomatlar bor-yo‘qligiga qaramay, aholidan yoppasiga tahlil olina boshlandi. Izolyasiya holatidagi bir necha ming odam bir necha bor tahlildan o‘tishi ilmiy nuqtayi nazardan noyob vaziyatni yuzaga keltirdi.

Tadqiqotni mahalliy mikrobiolog, dosent Enriko Lavezzo olib bordi. U tadqiqotdan olingan va virusning «jim tarqalishi» deb atalgan xulosani tushuntiradi: kutilmaganda, Covid-19 uchun o‘tkazilgan ko‘plab testlar musbat natija berdi, ammo bemorlarda alomatlar zaif yoki yo‘q edi. 

«Virus bilan kasallangan odamlarning 40 foizdan ko‘prog‘i o‘zlarining boshqalarga yuqtirishlari mumkinligini hatto xayoliga ham keltirishmagan. Bu yuqumli kasallikning jilovlash nuqtai nazaridan juda katta muammo. Kasallik belgilari bo‘lgan odamlarning aksariyati uyda qolishadi, ammo alomatlari bo‘lmagan odamlarning aksariyati odatdagidek harakat qilishadi. Ular tashqariga chiqishadi, odamlar bilan uchrashishadi, boshqalar bilan yaqin aloqada bo‘lishadi, ammo virusni boshqalarga yuqtirishlarini o‘zlari ham bilishmaydi», deydi professor Lavezzo. 

Lavezzo guruhi birinchilardan bo‘lib asimptomatik holatlar muammosi ko‘lamini aniqladi. Boshqa tadqiqotlar shundan beri 70 foizga yaqin bahoni bergan.

Yana bir hayratlanarli kashfiyot – qishloqdagi 3000 kishi orasidan 10 yoshgacha bo‘lgan biror bolada ham Covid-19 aniqlanmagan. 

«Biz bolalar virusni yuqtirmaydi deb da’vo qilmaymiz. Bu boshqa tadqiqotlarda isbotlangan. Ammo ularning kamida o‘nlablari bemorlar bilan yashagani, ammo yuqtirib olmagani odatiy emas va qo‘shimcha izlanishni talab qiladi», deydi Lavezzo.

Covid-19 tarqalishini to‘xtatib bo‘lmayotganining asosiy sababi shundaki, boshqa koronaviruslarga qaraganda u o‘zining tarqalishiga beixtiyor yordam beradigan ko‘p sonli odamlarga yetib borishidir.

Ammo yengil yo‘taldan nafas olishda o‘limga yetaklovchi qiyinchiliklargacha bo‘lgan keng ko‘lamli alomatlarni keltirib chiqaruvchi Covid-19 noyobligi sababi nima bo‘lishi mumkin? Shuningdek, professor Lavezzoning natijalariga asoslansak, nima uchun bolalarga nisbatan kamroq darajada tarqaladi?

O‘lik kombinasiyasi
Olimlar virus inson tanasiga faqat bir yo‘l bilan, inson hujayralariga ACE-2 reseptorlarini biriktirib kirishi mumkinligini aniqlashdi. 

Professor Maykl Farzan laboratoriyasi ACE-2 reseptorlarini 2003 yilda SARS virusi tarqalishi paytida aniqlagandi.

Farzanning tushuntirishicha, muammo shundaki ACE-2 reseptorlari tananing hamma qismida, burun, o‘pka, ichak, hatto yurak, buyrak va miyada joylashgan. 

ACE-2’ning bu qadar keng tarqalishi Covid-19’ning nima uchun hid qobiliyati yo‘qotilishiga yetaklovchi burun infeksiyasidan kuchli yo‘tal chaqiruvchi o‘pka yallig‘lanishigacha bo‘lgan turli alomatlar paydo qilishini izohlaydi.
Odatda, viruslarning aksariyati yaxshi tarqaladi yoki jiddiy kasalliklarga olib kelishi mumkin. Covid-19 yanada xavflidir, chunki u ikkisini ham birday uddalamoqda. 

Yallig‘lanish yuqori nafas yo‘llariga, burun va o‘pkaga o‘rnashib olib, yo‘tal va aksirishni yuzaga keltiradi, bu esa kasallik tez tarqalishiga sabab bo‘ladi. Quyi nafas yo‘llari infeksiyalari jiddiy, potensial halokatli nafas olish muammolariga olib kelishi mumkin. 

Bolalarning virusni yuqtirish qobiliyati kattalarnikidan qanchalik farq qilishi hozircha noma’lum. 

Buyuk Britaniya hukumatining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ilmiy maslahat guruhi ta’kidlashicha, mavjud dalillarga asoslangan holda bolalar Covid-19 bilan kamroq kasallanadi va ularning boshqalarga yuqtirishi ehtimoli kichik deb taxmin qilish mumkin. Shu bilan birga, olimlar dalillarning o‘zi yetarli emasligini ta’kidlashadi. 

Professor Farzanning so‘zlariga ko‘ra, kasallik holatlarining 2 foizdan kamrog‘ini tashkil etadigan bolalarda o‘pkaning pastki qismida ACE-2 reseptorlari kattalardagiga qaraganda kamroq ekanligiga dalillar bor. 

«Bu degani, bolalar ushbu kasallikka, hech bo‘lmaganda kattalarda uchraydigan og‘ir pnevmoniya, kamroq moyil bo‘lishadi», deydi professor Farzan.

Ammo bolalar o‘pkasining yuqori qismida reseptorlar yetarli. 

«Bolalar shunda ham virusni tarqatishi mumkin, chunki bunda yuqori havo yo‘llari juda ahamiyatli», deb tushuntiradi u. 

Olti oylik izlanishlar va ilmiy kashfiyotlarga qaramay, olimlar fikricha, pandemiyani haqiqatan ham to‘xtatish va virusning kelajakdagi to‘lqinlari oldini olishning yagona yo‘li – profilaktik emlash. 

Vaksina ortidan
Hozirda 124ta turli tadqiqot guruhlari Covid-19’ga qarshi birinchi vaksinani ishlab chiqish borasida bahsga kirishgan. 

San-Paulu universiteti professori Xorxe Kalil Braziliyada olib borilayotgan bir necha ehtimoliy vaksina sinovlaridan birini boshqarmoqda. Mamlakat koronavirusdan jiddiy jabr chekmoqda, ammo prezident Jair Bolsonaru karantinga qarshi mitinglarda ishtirok etishda davom etmoqda, bu vaqtda mahalliy ma’murlar mamlakatning ko‘plab yirik shaharlarida karantin joriy etishgan. 

Ba’zi ishlab chiqaruvchilarning vaksina sentyabr oyida tayyor bo‘lishi mumkinligi, ishlab chiqarish va tarqatish esa 12 oydan 18 oygacha vaqt olishi haqidagi e’lonlariga professor Kalil shubha bilan qaraydi. Uning aytishicha, asosiysi shoshqaloqlik emas, puxtalik. 

«Biz iloji boricha tezroq harakat qilishimiz kerak. Ammo marraga birinchi yetgan kishi g‘alaba qozonadi deb o‘ylamayman. Bu avtopoyga emas. G‘oliblik ko‘pchilikka – mukammal holatda 90 foiz insonga mos keluvchi, alomatlar va virus tarqalashini to‘xtatuvchi vaksinaga nasib etadi», dedi u. 

Kalilning ta’kidlashicha, dunyoda pandemiyani haqiqatan ham to‘xtatish uchun keksa odamlar va surunkali yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘riydigan odamlarga mo‘ljallangan vaksina zarur. Aynan ushbu toifadagi odamlar uchun antitelani – emlash yoki infeksiyaga javoban tanamizning tabiiy himoya mexanizmini ishlab chiqish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun, agar vaksina ko‘pchilik odamlar, shu jumladan eng himoyasiz odamlar uchun ishlamasa, Covid-19 tarqalishda davom etaveradi. 

Shuningdek, Kalil barcha mamlakatlar vaksinadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhimligini ta’kidlaydi, aks holda epidemiya takrorlanishi oldini olish mumkin emas. 

«Muammo pul va siyosatda. Bu yerda, San-Pauluda boy odamlar chiroyli uylarda o‘zlarini izolyasiya qilishmoqda, ammo bitta xonada sakkiz, to‘qqiz yoki o‘n kishidan iborat kamtarin oila haqida nima deyish mumkin? Virusdan hammani butunlay ozod qilish uchun juda sifatli vaksina kerak. Boshqa chiqish yo‘li yo‘q», deydi u. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!