Koreya universiteti tibbiyot kadrlari tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

Koreya universiteti tibbiyot kadrlari tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

Janubiy Koreya sog‘liqni saqlash tizimi dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bu, avvalo, mamlakatda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida yo‘lga qo‘yilgan innovasion o‘quv metodikalari va ilg‘or ta’lim dasturlari bilan bog‘liq.

Jumladan, Koreya universiteti jahondagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri. U yuqori reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha Koreyada peshqadam. Qolaversa, dunyodagi eng yaxshi 100 ta universitet qatoridan joy olgan.

E’tiborli jihati, ana shu nufuzli ta’lim muassasasi rahbariyatining O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga qiziqishi katta. Xususan, tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor.

Bugun Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov va Koreya universiteti prezidenti Jin Te Chang boshchiligidagi delegasiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda bu e’tiroflar qayta-qayta tilga olindi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, tibbiyot sohasida davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkam asosga ega. Prezidentimizning 2021 yil 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari huzurida Sog‘liqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim imzolangach, mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro munosabatlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Bevosita Koreya universiteti haqida to‘xtalsak, ushbu muassasa bilan “Toshkent tibbiyot akademiyasida sog‘liqni saqlash sohasida ta’limni takomillashtirish”ga oid xalqaro ilmiy grant doirasida hamkorlik qilib kelinyapti.

Shu asosda akademiyada “Atrof muhit va inson salomatligi” kafedrasi hamda zamonaviy ilmiy markaz tashkil etilib, ilg‘or laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. Har ikki loyiha atrof-muhitdagi zararli va xavfli moddalarni o‘rganib, ularning aholi hamda ishchilar salomatligiga ta’sirini baholashga qaratilgan.

Muloqotda delegasiya vakillari tibbiy ta’lim yo‘nalishida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, xususan, Koreya universiteti ta’lim standartlari asosida shifokor va hamshiralar tayyorlash, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish borasida hamkorlik aloqalarini kengaytirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

‼️ Toshkent tibbiyot akademiyasida bo‘lib o‘tgan taqdimot yakunida Koreya universiteti prezidenti Jin Te Changga akademiyaning “Faxriy professori” unvoni topshirildi. O‘z navbatida, tomonlar o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!