Koinot zaxiralar qaysi davlatga tegishli?

Koinot zaxiralar qaysi davlatga tegishli?

AQSh prezidenti Donald Tramp kosmik zaxiralarga amerikaliklarning huquqini mustahkamlab qo‘yadigan farmonga imzo chekdi va yarim yil davomida boshqa mamlakatlar bilan shunga tegishli kelishuvni muhokama qilishga ko‘rsatma berdi.

“Amerikaliklarda qonun asosida cheksiz koinot bag‘rida tadqiqot ishlarini olib borish, zaxiralarini o‘zlashtirish va foydalanishga bo‘lgan huquqi bo‘lishi lozim. Kosmos qonunan va jismonan insonlar faoliyati uchun o‘ziga xos kenglik hisoblanadi“, — deyiladi Oq uydan e’lon qilingan hujjatda.

Farmonda aytilishicha, AQSh ushbu yo‘nalishda xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Hujjatga binoan, davlat departamenti va boshqa vazirlik va muassasalar oyda va boshqa koinot jismlarida zaxiralarni o‘zlashtirish, ulardan foydalanish bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlarni imzolash uchun xususiy va hamma biladigan kompaniyalar bilan xalqaro darajada muzokaralar olib borishi lozim. Shuningdek, mazkur farmonda 180 kun davomida davlat kotibining ushbu yo‘nalishda qilingan ishlar bo‘yicha hisobot topshirishi belgilab qo‘yildi.

Tramp ma’muriyatining ushbu masalaga izoh berishicha, AQSh bu borada yangi xalqaro hujjat qabul qilish shart deb hisoblamaydi, ammo ushbu mavzuda hamkorlar bilan muhokama qilishni rejalashtirgan. Farmonda ta’kidlanadiki, AQSh 1967 yilda qabul qilingan kosmos haqidagi shartnomani qo‘llab-quvvatlaydi, ammo 1979 yilgi davlatlarning Oyda va boshqa osmon jismlarida faoliyat olib borishi to‘g‘risidagi hozirgacha 20 ta davlat imzolagan bitimni ma’qullamaydi.

Oq uy ma’muriyatining ta’kidlashicha, farmon AQSh siyosatida hech qanday o‘zgartirish kiritmaydi, faqat amaldagi pozisiyasini mustahkamlaydi. Qolaversa, ushbu hujjat kongress tomonidan amerikaliklarga va amerika kompaniyalariga kosmosni o‘zlashtirish va kosmik zaxiralarini, jumladan suv va minerallarni olishga ruxsat beruvchi 2015 yilda qabul qilingan qonunni yana bir bor tasdiqlaydi.

Tramp ma’muriyati bundan avval oy dasturini hayotga joriy qilishni boshlagani haqida ham e’lon qilgan edi. Dasturga “Artemis“, deb nom ham berilgandi. Ushbu dastur doirasida insonning oyga qaytishi va har doim u yerda bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Bu esa, Marsga parvoz qilish yo‘lida muhim bosqich bo‘ladi, deyiladi xabarda. NASAning ushbu yangi oy dasturi doirasida oy atrofida Gateway stansiyasini barpo qilish g‘oyasi ham ishlab chiqilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, kelajakda insonning ko‘pmartalik uchib-qo‘nadigan apparatlarda oy yuzasiga parvoz qilishi va qaytib kelish imkoniga ega bo‘lishdir. Qolaversa, AQSh “Artemis“ dasturini hayotga joriy qilishda xalqaro hamkorlikka umid qilayotganini ko‘p bor ta’kidlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!