Kiberfiribgarlardan himoyalanish bo‘yicha eng muhim 4ta tavsiya

Kiberfiribgarlardan himoyalanish bo‘yicha eng muhim 4ta tavsiya

Bugungi kunda O‘zbekistonda Internetning faol rivojlanishi bilan birga tarmoqlarda kiberfiribgarlik, fuqarolarning plastik kartasi hamda elektron hisob raqamlaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlash holatlari ham ortib borayotgani qayd etilmoqda. Kiberfiribgarlar karta ma’lumotlarini bilib olish va keyin pul mablag‘larini o‘g‘irlashning yangi usullarini izlab topishmoqda.

Hozirgi vaqtda mablag‘larni o‘g‘irlashning eng keng tarqalgan usullaridan biri quyidagi shaklda: jinoyatchilar aldov yo‘li bilan hamda Click va Payme kabi to‘lov tizimlarining qalbaki veb-saytlarini yaratish orqali fuqarolarning plastik kartalari haqida ma’lumot olishadi, noqonuniy ravishda jabrlanganlarning mablag‘ini o‘zlashtiradi (ilovada ko‘rsatilgan).

Kiberfiribgarlardan himoyalanish bo‘yicha eng muhim 4ta tavsiya

Masofaviy bank xizmatlari va to‘lov tashkilotlarining elektron pul o‘tkazmalaridan foydalanuvchilar tomonidan sodir etiladigan kiberhujum, firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlari barcha fuqarolarni ogohlantiradi va quyidagilarni tavsiya etadi:

1. Tasdiqlash kodini oshkor qilmang

Hech qachon birovga SMS orqali olingan bir martalik tasdiqlash kodini ma’lum qilmang.

Ushbu tekshirilgan kod yordamida firibgarlar hisob raqamingizdan ruxsatingizsiz pul mablag‘larini ko‘chirishlari yoki mobil ilovalar orqali ularni boshqarish huquqiga ega bo‘lishlari mumkin.

Kiberfiribgarlardan himoyalanish bo‘yicha eng muhim 4ta tavsiya

2. Begona kishiga bank kartasi yoki bank mobil ilovasidagi akkauntingiz to‘g‘risida ma’lumot bermang

Unutmang, bank kartasiga pul o‘tkazish uchun kartaning amal qilish muddati zarur emas, uning 16 ta belgili raqamini bilish yetarli. Yodda tuting, bank, to‘lov tashkiloti xodimlari sizdan bank kartangizning amal qilish muddatini yoki SMS orqali olingan tasdiqlash kodini so‘rashmaydi. Sizga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank ishchisi, to‘lov tashkiloti yoki boshqa davlat muassasasining ma’muri sifatida tanishtirgan hamda plastik kartangiz yoki bank mobil ilovasidagi akkauntingiz haqida so‘ragan shaxslarga plastik kartangiz to‘g‘risidagi maxfiy yoki shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etmang. Ular firibgar bo‘lishlari mumkin. Agar siz hisob raqamingizda o‘zgarishlarga olib keluvchi ma’lumotlarni olishga urinishlar, shubhali to‘lovlar, nomingizga rasmiylashtirilgan kredit yoki depozitlarni bilib qolsangiz xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat qilishingiz va ma’lumotlarga aniqlik kiritishingiz lozim.

3. Taklif etilayotgan mahsulot va xizmatlar rasmiy sertifikatlangan yoki lisenziyaga ega ekanligiga ishonch hosil qiling

Turli reklama aksiyalari, lotoreyalarda yutuqlar, brokerlik xizmatlari, valyuta ayirboshlashda ishtirok etish, xorijda onlayn ta’lim va yuqori daromadli ish o‘rinlariga tez va oson ishga joylashish, oldindan sarmoya kiritish bilan qisqa muddatda boyib ketish, onlayn savdo platformasi orqali arzon narxda mahsulotni yetkazish kabi yuqori daromad olishga undovchi yolg‘on takliflar bilan fuqarolar ishonchidan foydalanib pul mablag‘larini o‘zlashtirishga urinish holatlari ko‘p uchramoqda. Shu o‘rinda firibgarlar qalbaki shartnoma va hujjatlarni taqdim etib fuqarolarni ishontirishga urinishadi.

4. Internetdagi veb-sahifalarning rasmiyligini tekshiring

Shubhali veb-saytlarga bank kartangiz ma’lumotlarini va SMS tarzda jo‘natilgan tasdiqlash kodini kiritmang. Hozirgi kunda firibgarlar to‘lov tashkilotlari saytlariga o‘xshash qalbaki sahifalarni tarqatmoqda. Saytda bank kartasi to‘g‘risida ma’lumot kiritilganda, firibgarlar ushbu ma’lumotdan mobil bank ilovasiga bank kartasini ulash va pul mablag‘ini o‘g‘irlash uchun foydalanish xavfi mavjud bo‘ladi.

Agar sizda taklif etilayotgan veb-sahifaning haqiqiyligiga shubha uyg‘onsa, uni tegishli tashkilotning Internetdagi rasmiy sayt manzili yoki veb-sahifasi bilan taqqoslang.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!