Kanadada aviahalokat oqibatida vafot etgan o‘zbekistonliklar dafn etildi

Kanadada aviahalokat oqibatida vafot etgan o‘zbekistonliklar dafn etildi

Kanadada 27 noyabr kuni yengil motorli shaxsiy samolyot qulashi natijasida asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Otabek Obloqulov va Bobomurod Nabiyev, shuningdek, ularning oila a’zolari (jami yetti kishi) halok bo‘lgan edi. Ular dam olish uchun Ontarioning Markxem shahridan Kvebek provinsiyasining Kvebek shahri tomon uchayotgan bo‘lgan.

Foto: «Sof.uz»

«Sof.uz»ning xabar berishicha, Otabek va Bobomurodning oilasi ularni Kanadada dafn qilishga qaror qilgan. Lekin Bobomurodning turmush o‘rtog‘ining ota-onasi yolg‘iz qizini ona yurtiga olib ketib, dafn qilish niyatida. Shu sababli otasining tez orada Torontoga yetib kelishi kutilmoqda.

6 dekabr, juma kuni Toronto yaqinidagi Skarboro shahridagi «Abu Bakr Siddiqiya» masjidida yuzlab o‘zbekistonliklar va boshqa musulmonlar ishtirokida 7 marhumning janoza namozi o‘qilgan. Unda qatnashish uchun o‘zbekistonliklar Amerikaning Xyuston va Chikago kabi shaharlaridan ham yetib kelgan.

Foto: CTV News 

Namozdan so‘ng 6 ta tobut solingan avtomashinalar yuzdan ortiq kishi kuzatuvida 25 kilometr shimolda joylashgan Richmond Hill yaqinidagi musulmonlar qabristoniga olib borilgan.

Foto: CTV News

Jasadlar olti kishi uchun qazilgan bitta qabrga dafn qilindi. Birinchi marhum Otabek Obloqulov qabrga qo‘yilgan. Uning yoniga 15 va 5 yoshli o‘g‘illari, qizi va turmush o‘rtog‘i, undan keyin Bobomurod Nabiyevning jasadi qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, halokat noqulay ob-havo sababli yuz berganmi, texnik nosozlik sabablimi yoki inson omilidanmi — hozircha noma’lum. Buni aniqlash uchun samolyotning hamma bo‘laklari Kanada aviasiya xavfsizlik kengashi tomonidan olib ketilgan.

Foto: «Sof.uz»


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!