JSST: Ellikdan ortiq mamlakatda koronavirusni yuqtirish holatlari ko‘paymoqda

JSST: Ellikdan ortiq mamlakatda koronavirusni yuqtirish holatlari ko‘paymoqda

Pandemiya mavzusi hali kun tartibidan tushgani yo‘q. Aksincha koronavirusning yangi mutasiyalari mutaxassislar e’tiborini yana o‘ziga qaratmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining kechagi bayonotida aytilishicha, hozir dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida COVID-19 infeksiyasini yuqtirganlar soni ortib boryapti.

Ekspertlar fikricha, ushbu o‘sish dinamikasi “omikron” shtammining yangi subvariantlari dunyo bo‘ylab keng taraqalayotgani bilan bog‘liq.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus shu haqda to‘xtalar ekan, ayni paytda “omikron”ning BA.2 versiyasi yer yuzida dominantga aylanganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Janubiy Afrika mintaqasida BA.4 va BA.5 variantlari tufayli kasallanish holatlari kundan-kun ko‘paymoqda.

To‘g‘ri, keyingi paytlarda aholi o‘rtasida ommaviy immunitetning kuchayishi, jumladan, vaksinasiya tadbirlari tufayli dunyoda koronavirusdan o‘lim hamda og‘ir holatlarda shifoxonaga yotqizish ko‘rsatkichlari birmuncha kamaymoqda. Ammo bu xotirjamlik uchun asos bo‘lolmaydi.

T. Gebreyesusning qayd etishicha, vaziyat “eng yomon ssenariy” asosida rivojlangan taqdirda, COVID-19ning immunitetga “chap berish”ga qodir, yanada yuqumliroq va o‘lim darajasini oshiruvchi shtammlari paydo bo‘lishi mumkin.

“Pandemiyaning yangi to‘lqini yengil o‘tishi uchun Janubiy Afrika olimlari aholini yana bir bosqichda emlash zarurligini taklif qilishmoqda, — deydi u. — Chunki jahondagi barcha mamlakatlar aholisining 70 foizi to‘liq vaksina olmagunicha, koronavirus insoniyat hayoti va salomatligiga xavf solishda davom etaveradi”.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!