JSST: Dunyoda ko‘krak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish mumkin

JSST: Dunyoda ko‘krak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish mumkin

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir dunyoda har besh erkakdan biri va har oltinchi ayol hayotining qaysidir qismida saratonga chalinish ehtimoli bilan yashamoqda.

Eng yomoni, ushbu kasallik Yer yuzida bevaqt hayotdan ko‘z yumish holatlarining eng keng tarqalgan ikkinchi omilidir. Ko‘krak bezi saratoni esa sayyoramizda ayollar o‘limi sabablari orasida birinchi o‘rinni egallaydi.

Xalqaro tashkilotlar bu global xatar bilan samarali kurashish mumkin, degan xulosada. Jumladan, BMT 2040 yilga kelib, ko‘krak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish yuzasidan yangi tashabbusni ilgari surdi.

JSST esa bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarga rahbarlik qilishni o‘z zimmasiga oldi.

Tashkilot bayonotida keltirilishicha, dunyoda har yili 2,3 milliondan ortiq ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yiladi. Taraqqiy etgan mamlakatlar 40 yoshdan oshgan ayollar o‘rtasida bu xastalikdan o‘lim ko‘rsatkichini 90 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Ammo ba’zi iqtisodiy qoloq davlatlarda kasallik diagnostikasi va muolajasi ko‘lami cheklangan. Shu bois ularda ko‘krak bezi saratonidan omon qolish darajasi 50 foiz va undan kam.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu dard asosan 45-65 yoshda rivojlanadi. Ayni sababdan bu yoshdagi ayollarni rejali mammografik tekshiruvlardan o‘tkazib turish zarur.

Yurtimizda ham mazkur yo‘nalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kelgusida har yili 1,5 millionga yaqin 45-65 yoshdagi opa-singillarimiz shunday tekshiruvlar bilan qamrab olinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!