Joriy yilda qancha o‘quvchi kontrakt pulini to‘lay olmasdan, o‘qishni davom ettira olmagani ma’lum bo‘ldi

Joriy yilda qancha o‘quvchi kontrakt pulini to‘lay olmasdan, o‘qishni davom ettira olmagani ma’lum bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

“Hozirgi kunda to‘qimachilik, konchilik, elektrotexnika, kimyo va boshqa sanoat tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va servis, qurilish, tadbirkorlik sohalarida katta-katta o‘zgarishlar qilayapmiz.

Misol uchun, 2022 yilning o‘zida 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilib, ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar kerak bo‘ladi.

Kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish bo‘yicha marralarga ham odamlarga faqat va faqat zamonaviy kasblar berish orqali erisha olamiz”, dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.

So‘nggi 3 yilda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil qilinib, odamlarni kasbga o‘rgatish boshlangani, lekin bu tizim 5-10 foiz ishsizlarni qamrab olishi ta’kidlandi.

Bu yil respublika bo‘yicha 555 ming nafar yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi.

Ularni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, munosib ish bilan ta’minlash masalalari barcha darajadagi hokimlar, oliygoh rektorlari, kollej va texnikum direktorlarini ham o‘ylantirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikuman iborat tizim samarali ishlatilmayotgani qayd etildi. Ular mavjud quvvatlarining atigi 40-50 foizidan foydalanmoqda.

Energetika, Suv xo‘jaligi, Uy-joy kommunal vazirliklariga berilgan kollejlar 20 foiz, Qurilish, Transport vazirliklari kollejlari 10 foiz quvvatda ishlayapti.

Joriy yilda kollej va texnikumlarning 15 mingga yaqin o‘quvchilari kontrakt pulini to‘lash imkoniyati yo‘qligi bois, o‘qishni davom ettira olmagan.

Eng muhimi – kollej va texnikumlardagi kasblar ish beruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda ular ishga olgan yoshlarni qaytadan o‘qitishga majbur bo‘lmoqda.

O‘quv dasturlari zamon talablaridan ancha orqada, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmaydi.

Bu muammolar yechimi bilan shug‘ullanadigan mutasaddi vazirliklar tizimli ishlamayotgani tanqid qilindi.

Shu bois kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!