Jizzaxda Ombudsman ishga ketayotganda halok bo‘lgan bank xodimasining turmush o‘rtog‘i foydasiga 218 mln so‘m kompensasiya undirib berdi

Jizzaxda Ombudsman ishga ketayotganda halok bo‘lgan bank xodimasining turmush o‘rtog‘i foydasiga 218 mln so‘m kompensasiya undirib berdi

Jizzaxda Ombudsman ishga ketayotganda halok bo‘lgan «Xalq banki»ning sobiq kassiri uchun uning oilasiga kompensasiya pullarini undirib berdi. Bu haqda «Xalq so‘zi online» xabar bermoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2020 yilning 17 dekabr kuni Ombudsmanga Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro O.T. turmush o‘rtog‘ining ish bilan bog‘liq holatda vafot etgani uchun kompensasiya undirilishini so‘rab murojaat qilgan.

Murojaatni o‘rganish davomida aniqlanishicha, «Xalq banki»ning sobiq kassiri, marhuma M.T. 1989 yilda tug‘ilgan bo‘lib, uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda karantin munosabati bilan sayyor kassa xizmatini ko‘rsatish maqsadida AT «Xalq banki» Jizzax viloyati filialining 2020 yilning 21 avgust kungi buyrug‘i bilan marhuma M.T. hamda 20 dan ortiq xodimlar 22—23 avgust kunlari ishga jalb qilingan. 22 avgust, shanba kuni esa sobiq bank xodimasi ishga ketayotgan vaqtida avtohalokat tufayli voqea joyida vafot etgan.

Bir necha oydan so‘ng marhumaning turmush o‘rtog‘i Jizzax viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga rafiqasining ish vaqtida bevaqt vafot etganligi sababli ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdorining undirilishini so‘rab murojaat qilgan. Lekin «Xalq sug‘urta» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi sug‘urta kompaniyasi bir necha marotaba xodimning ishga kelayotgan vaqti ish vaqti hisoblanmasligi vaji bilan sug‘urta qoplamasini to‘lab berishdan bosh tortgan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalari»da «Ish beruvchi ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek, ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sog‘lig‘iga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi», deb belgilangan.

Shundan so‘ng Ombudsman sodir bo‘lgan mazkur baxtsiz hodisaga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy baho berish va kompensasiya undirilishi bo‘yicha O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilgan.

Murojaat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa mehnat vazifasini bajarish bilan bog‘liq deb topilgan hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Shundan so‘ng sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, marhumaning turmush o‘rtog‘i O.T. foydasiga «Xalq banki» Jizzax filialidan salkam 218 million so‘m bir yo‘la to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa hamda 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun ular 16 yoshga to‘lgunlarigacha har oyda 756 ming so‘mdan zarar undirilishi belgilangan. Agarda bolalar kunduzgi o‘qishni davom ettirsa, har oylik summa ular 18 yoshga kirgunlariga qadar undiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!