Jizzaxda hujra ochib, noqonuniy diniy ta’lim berayotgan ayol ushlandi

Jizzaxda hujra ochib, noqonuniy diniy ta’lim berayotgan ayol ushlandi

Jizzax shahrida G.M. ismli ayol uyida diniy hujra tashkil etgani aniqlandi. Bu haqda «Postda» xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat Boshqarmasi hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda Jizzax shahar Qaliya mahallasida yashovchi o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan G.M. yashash xonadonida fuqarolarga diniy saboq berayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, ayol maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmay turib 15 dan ortiq kishiga diniy ta’lim berib kelgan. Ularning 8 nafari voyaga yetmaganlar bo‘lib, eng kichigi 6 yoshda bo‘lgan. Ta’lim olayotganlarning katta qismi uning mahalladoshlari bo‘lgan. Shuningdek, shaharning Alisher Navoiy, Bobur, Hamid Olimjon, Ittifoq, Bunyodkor mahallalarida yashovchi fuqarolar ham hujrada tahsil olgan.

Ta’kidlanishicha, ayolning o‘quvchilari orasida muqaddam diniy ekstremistik oqimlar faoliyatidagi ishtiroki uchun sudlangan shaxsning farzandi ham bo‘lgan.

Aytilishicha, tekshirish davomida 20 ta diniy qo‘llanmalar ashyoviy dalil sifatida olingan. G.M.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!