Jirkanch odat: Buxorodagi to‘ylardan birida 180 ta tirik akvarium balig‘i o‘limga hukm qilindi

Jirkanch odat: Buxorodagi to‘ylardan birida 180 ta tirik akvarium balig‘i o‘limga hukm qilindi

"Kanalimiz kuzatuvchilaridan judayam ayanchli murojaat kelib tushdi. Unda Buxoro viloyatida joylashgan Havas to‘yxonasida 21 yanvar kuni o‘tkazilgan nikoh to‘yida, mehmonlar uchun yozilgan dasturxonlarda gazak uchun qo‘yilgan go‘sht mahsulotlari orasida ichimlik ichiladigan idishlarga 2 donadan tirik akvarium baliqlarini solib qo‘yishgan", deb yozadi jurnalist Nargis Qosimova "Yoshlar kundaligi" telegram kanalida.

"To‘y va marosimlarimiz hamma vaqt ham me’yorida, eng yaxshi an’analarimizga, urf-odatlarimizga asoslangan holda o‘tkazilavermaydi. Bizga kelib tushgan murojaat gapimizga isbot bo‘la oladi. Kuzatuvchimiz “To‘yxonada 30 ta stol, unda har bir gazak idishiga 2 donadan baliq solingan bo‘lib, jami 180 dona baliqning uvoliga qoldik. Baliqchalar solingan idishlarga ichimlik suvi solingan edi. Tabiiyki ichimlik suvi xlorlangan bo‘ladi. Baliqlar esa bu suvda yashay olmaydi va o‘ladi. Kecha ayrim stollardagi baliqchalar o‘lib bo‘lgan edi”, deb yozadi.

2 soatlik to‘y uchun 180 ta dekorativ baliqchalarni qiynab, o‘limiga sabab bo‘lish, to‘y egasini obro‘sini oshirib, yoshlarni baxtli qiladimi? Aksincha, endigina oila qurayotgan yoshlarni o‘lgan baliqlarning uvoli tutmaydimi? To‘y tugagach, tirik qolgan baliqlar (agar xlorli suvda tirik qolishsa?) nima qilinadi? Bunday bedodliklar qayta sodir bo‘lmasligi uchun Buxoro shahar Ekologiya boshqarmasi, Ekopartiya viloyat bo‘limi, Ichki ishlar to‘y sohibi va to‘yxona egasini (ruxsat bergani uchun) jarimaga tortib, jazo qo‘llash zarur! Zero, boshqalar ulardan o‘rnak olishmasin, 2 soatlik hoyu-havas deya begunoh jonivorlar o‘limiga sabab bo‘lmasin!

To‘ylarni o‘tkazishda ba’zan haddan oshiq isrofgarchiliklar, dabdababozlik, shuhratparastliklar uchrab turadi, ammo bunisi oshib tushdi. Bir kechalik to‘y deb balqilarni bunchalar darajada qiynash va ularning o‘limiga sabab bo‘lish - vahshiylikdir. Aytilishicha, bu holatlar birinchisi emas ekan, balkim boshqa to‘ylarda ham bu odat urfga kirib bormoqda. Aytaylik, to‘yda hamma narsani mo‘l-ko‘l qilaman deb oziq-ovqat, non va boshqa mahsulotlarni isrof qilayotganlarni yoki men falonchidan oshirib to‘y qilolmaymanmi, deb mablag‘ni bekorga sovurayotganlarni, to‘yni dabdababozlikka aylantirayotganlarni va boshqa shu kabi illatlarni keltirib chiqarayotganlarning qilmishlarini oqlab bo‘ladimi?!

Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur’oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyatlar bor. Lekin ming taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!