Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati: Abdujabborning yaqinlari bormi?

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati: Abdujabborning yaqinlari bormi?

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati: Abdujabborning yaqinlari bormi? 

Afsuski, yo‘qqa o‘xshaydi. Bor bo‘lishsa, uning ustidan o‘tkazilgan sud jarayonida qatnashishardi. Faqat onasi bir qorasini ko‘rsatdi-yu, «O‘g‘lim boshqalarga yetkazgan zararni qoplashga qurbim yetmaydi», deb ketvordi. Vaholanki, bor-yo‘g‘i 850 ming so‘m to‘lashi kerak edi. Shunda Abdujabborning (ismi o‘zgartirilgan) jazosi yengillashardi.

U ilk bor jinoyatga qo‘l urganida hali voyaga yetmagan – 17 yoshda edi. O‘shanda o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etgani uchun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Oradan ikki oycha o‘tib, o‘zini nomunosib tutgani, belgilangan cheklovlarga rioya etmagani uchun jazoning o‘talmay qolgan qismi ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.

Tarbiya muassasasida jazo o‘tayotganida uning birinchi marta sudlanganidan keyin yana bir firibgarlik jinoyati sodir etganligi aniqlandi. Bu gal sud jarayoni tarbiya muassasasida 2019 yil 20 fevralda bo‘lib o‘tdi. U qilmishi uchun yana qonunda belgilangan muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo qonunlarimiz insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan. 2019 yilning 22 avgustida sud Abdujab­borni jazo muddatidan oldin shartli ravishda ozod qildi.

Biroq ozodlikka chiqqach, hayotda o‘z o‘rnini topa olmadi. Oradan bir oy ham o‘tmay, ketma-ket jinoyat sodir etdi.

U o‘tgan yili 7 sentyabr kuni soat 17.00 larda poytaxtimizdagi «Xolid ibn Valid» masjidi oldiga boradi. Namozxonlar asr nomozini ado etgani ichkariga kirib ketganliklaridan foydalanib, ulardan biriga qarashli velosipedni olib ketadi. To‘g‘ri «Chorsu» bozoriga borib, non sotuvchilardan biriga velosipedni arzon pulga sotib yuboradi.

Ertasi kuni esa xufton namozi paytini mo‘ljallab «Islom ota» masjidiga yo‘l oladi. Bu gal unga masjid hovlisida turgan velosiped yoqib qoladi. Uni xam «Chorsu» bozoriga olib borib, 300 ming so‘mga pullaydi. Har ikki safar ham xaridorlarga «Velosiped o‘g‘irlanmagan, o‘zimniki» degan mazmunda tilxat yozib beradi. Faqat tilxatda o‘zining ismi sharifini o‘zgartirib ko‘rsatadi.

10 sentyabr kuni esa bekorchilikdan ko‘cha kezib, Yashnobod tumaniga kelib qoladi. Qarasa, bir bola kolonka orqali musiqa tinglaganicha, velosipedda uchib yuribdi. Shu topda o‘zining ham velosiped uchgisi keldi. Bolaning yoniga borib:

– Mahallalaringga yaqinda ko‘chib keldik. O‘zim namozxonman. Hali bu yerda hech kimni tanimayman. Velosipedingda bir marta uchsam maylimi? – deb so‘radi.

Bola rozi bo‘lib, velosipedini berdi. Abdujabbor velosipedda bir marta aylanib kelib:

– Bu yerdan uzoqlashsam, velosipedga o‘rnatilgan kolonka telefoningda yozilgan musiqani qabul qila olmayapti. Shunga telefoningni ham berib tur, velosipedingda ashula eshitib uchay, – deb iltimos qildi.

Sodda bola yaxshilikni oxirigacha qilgisi kelib, «IPHONE –5» rusumli uyali telefonini unga uzatdi. Ikkala o‘ljani ham qo‘lga kiritgan Abdujabbor velosipedni shu yaqindagi «Majnuntol» qahvaxonasi tomon haydab, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bola esa avvaliga ketidan yugurdi. Keyin hayhaylagancha qolaverdi.

Abdujabbor shu ketishda «Qorasuv–1» dahasidagi bozorchaga bordi. U yerdagi sotuvchilardan biriga velosipedni 270 ming so‘mga pulladi. Bu gal ham xaridorga «Velosiped o‘g‘irlanmagan, o‘zimniki» deb tilxat yozib berdi.

Sud jarayonida bergan ko‘rsatuvida u yuqorida sodir etgan jinoyatlarini «Pul zarur edi», deya izohladi. Bu bir bahona, albatta. Boshida ro‘zg‘or tashvishi bo‘lmasa, usti but bo‘lsa, bitta qornini onasi ham to‘ydirayotgan edi. Psixolog esa yigitchaning bu qilmishlarini «Shu tariqa yaqinlarining e’tiborini o‘ziga qaratishni istagan», deya izohladi.

Afsuski, yaqinlari Abdujabborning qilg‘iliqlari elga oshkor bo‘lganidan keyin ham unga e’tibor qaratganlari yo‘q. Xabardor qilinganiga qaramay, u yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘inidan ham, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining tuman kengashidan ham birorta vakil sud majlisida qatnashgani yo‘q. Demak, ular endigina mustaqil hayotga qadam qo‘ygan yigitning taqdiriga befarq. O‘z jigarlari unga achinmagach, boshqalardan nima gina.

Ayniqsa, Abdujabborning sudyaga aytgan bir gapi kishini o‘ylantirib qo‘ydi. «Sizdan iltimos, meni iloji boricha ko‘proq muddatga qamang»,  dedi u allaqanday o‘kinch bilan. Bu ozodlikka chiqqach, hayotda o‘z o‘rnini topa olmagan, yaqinlariga kerakliligini his etmagan insonning qalb nidosi edi.

Adolat yuzasidan aytadigan bo‘lsak, katta hayotni «residiv jinoyatchi» degan «yorliq» bilan boshlash kimni o‘ksitmaydi, deysiz. U sodir etgan jinoyatlari uchun qattiq tartibli koloniyada jazo o‘tashga hukm qilindi. Buni oldindan bilardi. Demak, qamohxonani yaqinlari oldida ozodlikda yurishdan afzal bilyapti. Erta bir kun jazo muddatini o‘tab chiqqach, aqlini yig‘ib olarmikan, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga harakat qilarmikan? Bunga o‘zida kuch, iroda topa olarmikan? Yaqinlari, mahalla-ko‘y unga ruhiy madad berarmikan? Yoki yana...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!