Jinoyat ishlarini ko‘rishda ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlash, dastlabki eshituv, aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv haqida nimalar bilamiz?

Jinoyat ishlarini ko‘rishda ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlash, dastlabki eshituv, aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv haqida nimalar bilamiz?

Bugungi kunda sud hokimiyatining fuqarolarimizni huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi rolini oshirish borasida yurtimizda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yil 18 fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-prosessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Mazkur, qonun bilan Jinoyat-prosessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:

- Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish;

- Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv;

-Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv institutlari joriy qilindi.

Jinoyat prosessida ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlash, dastlabki eshituv, aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv haqida nimalar bilamiz?

Dastlab, ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish nima va u qanday amalga oshirilishi haqida to‘xtalib o‘tsak.

Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish bu -  sud tomonidan amalga oshirilib, guvoh va jabrlanuvchini ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga ko‘ra so‘roq qilishda o‘z ifodasini topadi.

Bunda, guvoh va jabrlanuvchini ob’ektiv sabablarga ko‘ra keyinchalik so‘roq qilish mumkin bo‘lmay qoladigan hollarda, ularning ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yilishi mumkin.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv esa:

- jinoyat ishini to‘xtatib turish, tugatish, birlashtirish;

- ayblov dalolatnomasi yoki xulosasini, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni prokurorga yuborish;

- nomaqbul dalillarni chiqarib tashlash uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi.

Qonun talabiga ko‘ra dastlabki eshituvni o‘tkazish davomiyligi 10 sutkadan oshmasligi lozim.

Demak, dastlabki eshituv institutining joriy etilishi sudga kelib tushgan jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida taraflarning dastlabki eshituvlarda ishtirok eta olishini ta’minlaydi. Natijada sudlarda ishlarni ko‘rishda inson huquqlari va kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning bahslasha olish tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarishga, jinoyat ishini umumiy asoslarda ko‘rishga monelik qilayotgan sabablarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkoniyatini beruvchi qarorlar qabul qilish jarayonida taraflarning tortishuvi prinsipiga so‘zsiz rioya qilinishiga, sud muhokamasi davomida maqbul dalillardan foydalanish uchun imkon yaratishga xizmat qiladi.

Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv – o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanmaydigan jinoyatlar bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan, jinoyatni ochishga ko‘maklashgan va zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan prokuror bilan tuziladigan kelishuv sanaladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Qonun bilan amaldagi Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo belgilangan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmagan holda tayinlash ko‘rsatilgan.

Yuqoridagi yangi jihatlar ifodasidan ko‘rinib turganidek, islohotlar sud-tergov faoliyatida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini, ularning huquqlari va erkinliklari qonuniy,  ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Saidjon Badriddinov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining raisi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!