Jinlar bor narsami?

Jinlar bor narsami?

Savol

Bolaligimizda kattalar bizlarni «Bemahalda yolg‘iz yurma, jin chalib ketadi» deb qo‘rqitishardi. Ulg‘aygach, odamlarning «Falonchiga jin kirib olibdi, hech qanday muolajaning foydasi bo‘lmayotgan emish» degan gaplarini eshitib qolyapmiz. O‘zi jin bor narsami, uning odam ichiga kirib olishi, unga zarar yetkazishi haqiqatmi?

Hurmat bilan, muxlisangiz Dinora

Toshkent shahri

Javob:

«Jin» so‘zi lug‘atda «to‘silgan», ya’ni odamlar ko‘zidan to‘silgan, yashirilgan ma’nosida keladi. Xalqda «ajina» ham deyiladi. Jinlar insonlar ko‘ziga ko‘rinmaydigan, aslida mavjud g‘aybiy maxluqlardir. Jinlarning mavjudligiga Qur’oni Karimdagi Jin surasi va bir necha oyatlar dalildir. Alloh taolo va Uning payg‘ambari xabar bergan, ammo bizga ko‘rinmaydigan narsalar g‘aybiy sanalib, ularga iymon keltirish islomiy aqiydaning asosi hisoblanadi. Har bir musulmon bunga iymon keltirishi lozim. Qur’on oyatlarida ko‘pincha inson (ins) va jinga baravar murojaat qilingan. Hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalomning jinlarga Qur’on o‘qib berganlari xabari kelgan. Qur’on va hadis jinlarning olovdan, ko‘rinmas qilib yaratilganiga qat’iy dalolat qiladi. Jinlarning insonlarga ozor berishi, dushmanlik qilishi inkor etilmaydi. Ular insonlar ko‘ziga tuya, sigir, qo‘y, xachir, ot, it, ilon, chayon, qushlar sifatida, hatto odam qiyofasida ko‘rinishi mumkin.

Jinlar ham insonlar kabi kofir yoki mo‘min, turli din va aqiydada bo‘ladi, yeb-ichadi, erkak-xotini bor, shar’iy takliflarga mukallaf bo‘ladi. Jinlarning kofirlari shayton-iblislardir. Jinlardan panoh tilash, yordam so‘rash, ularga atab jonliq so‘yish shar’an harom hisoblanadi. Ulamolarimiz ba’zi bir yomon jinlarning odamlarga ta’siri bo‘lishi mumkin deyishgan. Masalan, Alloh taolodan panoh so‘ramay hojatxonaga kirgan odamga shaytonlar zarar yetkazishlari mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jinlardan saqlanish uchun Falaq va Nas suralarini o‘qib dam solib yurishni tavsiya qilganlar. Nas surasining o‘zida jinlarning yomonligidan panoh so‘rash ochiq-oydin aytilgan.

Hozirgi paytda «falonchiga jin kirib olibdi», «falonchi folbin jinlar bilan gaplashar emish» qabilidagi gaplar ko‘payib ketgan. Faqihlarimiz, kim jinlar bilan gaplashishni da’vo qilsa, Qur’oni Karimga asoslanib, uning guvohligi qabul qilinmaydi degan hukmni chiqarishgan. Agar banda Alloh taoloning aytganini qilib yursa, jinlar unga qarshi hech narsa qila olishmaydi, shaytonga ergashsa, uning malayi bo‘lib qolishi ham hech gap emas. Mabodo shayton vasvasa qiladigan bo‘lsa, darhol Allohdan panoh so‘rash lozim. Shayton nima qilsa ham, vasvasadan nariga o‘ta olmaydi. Har bir inson uchun shaytonning vasvasasidan qutulishning oson yo‘li – mo‘min-musulmon, taqvodor bo‘lish. Allohni har doim eslab yurish shaytonga qarshi eng ishonchli va kuchli quroldir.

 G‘aybga (yashirin olamga) iymon keltirish islomiy aqiyda asoslaridan biridir. «G‘ayb» Alloh azza va jalla hamda Uning oxirgi Payg‘ambari xabar bergan, lekin bizga ko‘rinmagan narsalardir. Jinlar ham g‘aybiy narsalardan bo‘lib, ularga iymon keltirishimiz lozim. Chunki jinlarning borligiga Qur’oni Karim va hadisi shariflarda dalillar juda ko‘p.

Alloh taoloning buyrug‘i bilan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom insonlarga jin haqida bunday ma’lumot bermoqdalar: «Menga vahiy orqali ayon bo‘lishicha, jinlarning bir guruhi (etti nafari) Qur’on o‘qiyotganimda tinglab o‘tirishdi va keyin sheriklarining oldiga borib: «Bizlarni Haq so‘zga hidoyat qiladigan ajoyib bir Qur’onni eshitdik va darhol unga imon keltirdik», deyishdi». Bu hodisaning bayoni Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisda kelgan:

«Bir kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. Keyin u kishini yo‘qotib qo‘ydik. Allohning elchisini vodiy va daralardan izladik. O‘zimizcha: yo olib qochib ketishgan yoki u zotga suiqasd bo‘lgan deb o‘yladik. Shu tun bizga eng yomon kecha bo‘ldi. Tong otganida u zotning Hiro tomondan kelayotganlarini ko‘rdik. Biz: «Ey Rasululloh, sizni yo‘qotib qo‘yib, izladik. Lekin topa olmadik va juda yomon tunni o‘tkazdik», dedik. Shunda Rasululloh: «Menga jinlarning da’vatchisi keldi, u bilan jinlar oldiga bordim. Men ularga Qur’on o‘qidim», dedilar. Ibn Mas’ud aytadilar: «Rasululloh biz bilan borib, ularning izlarini va yoqqan olovlarining asarini ko‘rsatdilar. Jinlar yemishlari haqida so‘rashganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning ismi zikr qilingan har bir suyak sizlarning qo‘lingizga to‘liq go‘shtli bo‘lib tushadi, har bir tezak esa ulovingizga yem-xashak bo‘ladi», dedilar. Keyin bizga: «Bu ikki narsa bilan istinjo qilmang, chunki ular birodarlaringizning yemishidir», dedilar» (Muslim rivoyati).

 Alloh taolo xabar beradiki, maxluqotlari orasida jin ham mavjud, u olovdan yaratilgan, Iblis ham jinlardan. Jinlar odamlarni ko‘radi, ovozini eshitib-tushunadi, insonlar esa ularni ko‘ra yo eshita olishmaydi. Ulardan insonlar kabi iymonli va kofirlari, yaxshi-yomonlari bor. Jinlar zalolatga ketgan insonlarni yo‘ldan ozdirib, fikriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Moddiy olamnigina tan olib, g‘aybiy (yashirin) ruhiy olam borligidan bexabar yoki bunga ishonmaydigan ayrim nodon kimsalar jinlarning ham mavjudligini inkor qilishadi. Ular jinlarni ko‘rmaganlari uchun unga ishonishmaydi. Vaholanki, atrofimizda inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan, ammo mavjudligi haqiqat bo‘lgan qancha-qancha narsalar bor. Masalan, elektr tokini ko‘rolmaymiz, lekin uning simda yurishini, chiroqni yondirishini hamma biladi. Nafas olayotganda havoni ko‘rmaymiz, biroq uning borligini, usiz bir daqiqadan ortiq yashab bo‘lmasligini yosh bola ham anglaydi. Agar ko‘zlarga ko‘rinmaydigan ruh tanani tark etsa, u jonsiz go‘sht-suyak yig‘indisiga aylanib, odam hayoti tugashini bilmagan kishi topilmasa kerak. Shu kabi ko‘zga ko‘rinmas jinlarning borligiga mo‘minlar iymon keltirishadi.

Ammo qadimda ham, hozir ham jin haqida turli xurofiy va bid’at tushunchalar, irim-sirimlar shu qadar ko‘payib ketganki, odamlar jinlar borligiga ishonmaganlari tufayli ana shu yolg‘on e’tiqodga bo‘ysunishyapti yoki dunyodagi hamma narsani jinlar boshqarmoqda degan botil tasavvurga borib qolishgan. Jin va sehr masalasi bahslar, izlanish va dalillar bilan aniq javob berish kerak bo‘lgan muhim mavzulardandir. Chunki u jamiyat voqe’ligida o‘zini butun bo‘y-basti bilan namoyon etmoqda. Muttaham folbinlar zaif, sodda kimsalarni aldab undiradigan sariq chaqalar evaziga kechayu kunduz fasod va buzg‘unchilik qilib, jinlarni hamma narsaga kuchi yetadigan qudratli maxluqlar yoki insonlar taqdiriga ta’sir o‘tkaza oladigan yovuz kuchlar sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Bugungi kunda ulamolarimiz bunday buzg‘unchiliklarning xatari va zararini odamlarga bayon etib, tushuntirib berishlari vojib bo‘lib qoldi. Bundan ham muhimrog‘i, ulamolar kishilarni o‘z muammolarini hal etish, turli xastaliklariga davo izlash uchun «jinlar hamlasidan qutqara oladigan» folbinlarga murojaat qilishdan qaytarib, buning o‘rniga sehr va kasallikka qarshi shar’iy muolajani taqdim etishlari kerak.

Islom kelmasidan oldin ba’zi odamlar jinlardan qo‘rqib, ulardan panoh so‘rab yurishar edi. Qadimda (hozir ham) ba’zi odamlar safarga chiqqanida biror xilvatroq yerda to‘xtab o‘tmoqchi bo‘lsa, o‘sha yerning «egalari» bo‘lgan jinlarning ulug‘laridan panoh so‘rashardi. Buni bilgan jinlarning muttahamligi yanada ortib, «Mana endi biz faqat jinlarga emas, hatto insonlarga ham xo‘jayinmiz», deb g‘ururlanishar edi. Qur’oni Karim bunday tushuncha, fikr-o‘yning botilligini bayon etib, jinlar ham xuddi insonlar kabi Alloh maxluqi va bandasi ekanini, Parvardigorning izn-irodasisiz hech kimga foyda yo zarar yetkaza olmasligini bildiradi. Qatoda aytadi: «Agar odamlar Allohni qo‘yib, jinlardan panoh tilashsa, jinlar ana o‘shanda ularni ozor berish bilan qo‘rqitadi».

Qur’oni Karim xabariga ko‘ra, jinlarning da’vatchisi ular ham Alloh taolo Yer yuzida joriy qilgan nizom va qonunlarga qarshi borolmasligini tan olgan. Insonlarning hayot tarzi va qismatiga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Agar biror kishi jinlar jamoasi a’zosiga zarar yetkazsa, shundagina ular o‘sha kishiga yomonlik qilishi mumkin. Alloh taolo insonlarning itoatsizligi, osiyligi, haddan oshgani uchun qanday jazo joriy qilsa, bu jinlarga ham taalluqli. Ular ham insonlar kabi Yaratganning jazosidan hech qayoqqa qochib qutula olmaydi. Haqiqatan, sehrgar va kohinlar yordam so‘raydigan jinlarning g‘aybni bilishga kuchi yetmaydi.

Ulamolar jinlarga atab jonliq so‘yishning haromligiga ittifoq qilishgan. Allohdan boshqaga atab jonliq so‘yish shirkdir. Allohdan boshqaga atab so‘yilgan narsadan tanovul etish musulmonga haromdir. Folbin va azayimxonlar sehrni yechdirish, jin chalgan kishini muolaja qildirish va shunga o‘xshash ishlarni istab kelgan johil kishilardan muayyan sifatli hayvonni keltirishni talab qilishadi. So‘ng uni so‘yib, qonini kasalga surishni buyurishadi. Jonliq so‘yuvchi garchi jinning nomini talaffuz etmasa-da, lekin amallari niyatga qarab bo‘ladi.

Aqiyda kitoblari asosida tayyorlandi

«Hilol» jurnalining 5(14) sonidan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!