Jazoir parlamenti o‘t qo‘yish va bola o‘g‘irlash uchun o‘lim jazosini ma’qulladi
Jazoir parlamenti quyi palatasi qasddan o‘t qo‘yish va bolalarni o‘g‘irlash kabi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Qonun loyihasi avgust oyida mamlakatning bir qator hududlarida sodir bo‘lgan yirik o‘rmon yong‘inlari ortidan prezident Abdulmajid Tebbun tashabbusi bilan tayyorlangan. O‘sha voqealarda 12 kishi halok bo‘lgan.
Tuzatishlarga ko‘ra, o‘rmon va dalalarni qasddan yoqish, davlat yoki xususiy mulkni ayrim og‘ir jinoyatlar doirasida ataylab yo‘q qilish hamda milliy xavfsizlik va jamoat barqarorligiga jiddiy tahdid soluvchi harakatlar uchun ham o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Hujjat bolalarni o‘g‘irlash uchun ham o‘lim jazosini belgilaydi. Agar jinoyat qiynoq, jinsiy zo‘ravonlik yoki o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan bo‘lsa, jazoni og‘irlashtirish ko‘zda tutilgan.
Qonun kuchga kirishi uchun parlament yuqori palatasi a’zolarining kamida to‘rtdan uch qismi uni qo‘llab-quvvatlashi va keyin prezident tomonidan imzolanishi kerak.
Jazoir qonunchiligida o‘lim jazosi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, 1993 yildan beri mamlakatda birorta ham qatl amalga oshirilmagan.
