Jahongir Otajonov klipini taqiqlagani uchun “O‘zbekkonsert”ga videomurojaat yo‘lladi

Jahongir Otajonov klipini taqiqlagani uchun “O‘zbekkonsert”ga videomurojaat yo‘lladi

Avvalroq, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi kliplar badiiy kengashi Jahongir Poziljonov va Dilafro‘z Hayitmetovalar ijro etgan “Mehmonim” dueti,  Sevara Yusupovaning (Sevara taxallusi bilan efirga chiqayotgan)  “Uzun yo‘l”, Mahliyo Omonning “Farg‘onadan”, Jahongir Otajanovning “Qaddi baland”, Doston Ubaydullayevning “6-xonadon”, Alisher Zokirovning “Mayli, mayli” qo‘shiqlariga olingan videokliplari muhokama qilinib, ularda ba’zi juz’iy kamchiliklar ko‘zga tashlangani sababli efirga berisha taqiq qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur masalaga nisbatan xonanda Jahongir Otajonov ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali javob bilan chiqdi.
 
“Yaratganning qudrati bilan bizning oxirgi yozgan ashulamiz ommalashib ketmoqda. Lekin, “O‘zbekkonsert” bu ashulamizning klipini televideniyeda qo‘yilishini rad etibdi. Sababi nima deb so‘rasak, lisenziyani boshlig‘i Furqat (Konsert-tomosha faoliyatini lisenziyalash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Shavazov) shunday dediki, shoir ba’zi so‘zlarini tushunmagani uchun bu klip rad qilindi. She’rini so‘rashdi, olib borib berdik. Biz bu haqda internetga post qo‘ygandan keyin qandaydir Rajab Ro‘zimuhammad degan yigitimiz qilgan ishlarimizni nomardlikka, tuhmat qilganlikka va shoirning ustidan kulganlikka yo‘yibdi. Rajabboy, biz Yaratganning bandasimiz va Yaratganning bandasi ustidan kulmaymiz. Men o‘sha shoirni shaxsan tanimayman, unga adovatim ham yo‘q, sog‘-salomat bo‘lsin. Furqatdan so‘rab olgin, keyin gapirgan protokoling haqida ham 5 dekabrda gapirgin menga, gap-so‘z chiqib ketgandan keyin 8 dekabrda gapirmagin, mard bo‘lgin. Furqatdan so‘ragin, mard bo‘lsa aytsin, nomard bo‘lsa, bilmadim”, degan Jahongir Otajonov.
 
Shu kunlarda xonandaning “Qaddi baland” nomli qo‘shig‘i va unga ishlangan videoklip ommalashib bormoqda. Klip “Milliy” telekanali orqali namoyish etilayotgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, efir yuzini ko‘rib, ommalashib bo‘lgan ushbu qo‘shiq va unga ishlangan videoklip “O‘zbekkonsert”ning kliplar badiiy kengashidan o‘tmagani haqida rasmiy xabarnoma berildi.
 
Jahongir Otajonov qo‘shiq she’rini tushunarsiz deganlarga javoban, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga qo‘shiq matnini joylashtirib, she’r Xorazmiy qalamiga mansub ekanini ochiqladi.

Qalampir.uz 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!