Jahon matbuoti: Shimoliy Koreyada pandemiyaning kuchli to‘lqini kuzatilmoqda

Jahon matbuoti: Shimoliy Koreyada pandemiyaning kuchli to‘lqini kuzatilmoqda

Shimoliy Koreya koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon o‘z chegaralarini taqa-taqa yopib, “temir intizom” o‘rnatish hisobiga bu infeksiyani mamlakat aholisidan uzoq tutishga urinib kelayotgan edi.

Ammo chegaralarni tan olmaydigan SOVID-19 ayni paytda ushbu davlatda ham murakkab epidemiologik vaziyatni yuzaga keltirgan.

Xususan, may oyining dastlabki ikki haftasida bu yerda 800 mingdan ortiq kishi koronavirus alomatlari bilan sog‘liqni saqlash muassasalariga murojaat qilgan.

Ayni paytga kelib esa bu raqamlar 1,48 million nafardan oshgani aytilyapti. Bemorlardan 819 ming nafari sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytgan bo‘lsa, 663 ming nafari hozir davo muolajalarini olmoqda.

Jumladan, kecha mamlakatda 269 ming nafar odamda SOVID-19 infeksiyasi tasdiqlandi. Xastalik oqibatida yana olti kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Umuman, aprel oyi oxiridan shu kunga qadar Shimoliy Koreyada koronavirus qurbonlari soni 56 nafarga yetgan. Bu haqda bugun mamlakat markaziy axborot agentligi rasmiy xabar tarqatdi.

Davlat mutasaddilarining shoshilinch chaqirilgan yig‘ilishida barcha shahar va tumanlarda qat’iy karantin cheklovlarini joriy etish bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelingan.

Eslatib o‘tamiz, KXDRda 25 million nafar aholi istiqomat qiladi. Biroq shu paytga qadar ulardan deyarli hech biri koronavirusga qarshi emlanmagan.

Chunonchi, mamlakat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Xitoy va Rossiyaning emlash dasturi bo‘yicha takliflarini hozirga qadar qabul qilgani yo‘q.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!