Jahon banki: 2025 yil Ukrainaning iqtisodiy o‘sishi sekinlashadi

Jahon banki 2025 yil Ukrainada iqtisodiy o‘sish 2 foizgacha sekinlashishini bashorat qilmoqda. Bu ma’lumot urush yil bo‘yi davom etishi mumkinligi haqidagi taxminga asoslangan.
O‘tgan yil iyun oyida mazkur tuzilma “faol jangovar harakat 2024 yilgacha davom etishi va keyin mo‘’tadillashishi”ni nazarda tutgan holda, 2025-2026 yillarda Ukrainaning o‘rtacha yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 5,8 foizga yetishini prognoz qilgan edi. Tashkilotning yangi hisobotiga ko‘ra, o‘sish 2024 yil 3,2 foiz sekinlashdi. Bu holat savdo va sanoat ishlab chiqarishini to‘xtatib qo‘ygan energiya quvvatlari susayishi va qishki o‘chirishlar kabi muammolar bilan bog‘liq.
Binobarin, mavjud to‘siqlar va infratuzilmaga nisbatan davom etayotgan hujumlarga qaramay, iqtisodiyot o‘sishda davom etgan.
– 2026 yil iste’mol va rekonstruksiyaga sarmoya kiritish hisobiga faol harbiy harakat to‘xtatilishi nazarda tutilgan holda, 7 foizlik barqaror tiklanish kutilyapti, – deyilgan bayonotda.
JB ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida RF bilan mojaro Ukraina aholisining 41 foiziga bevosita ta’sir qilgan. Mudofaa xarajati 2023 yil YAIMning uchdan bir qismini tashkil etdi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi, o‘z navbatida, Rossiyaga qarshi urush 2025 yil oxirida tugashini faraz qilgan holda, Ukraina iqtisodiyoti joriy yil 2,5-3,5 foiz o‘sishi, 2026 yil 5,3 foizgacha tezlashishini bashorat qilgan.