Italiyada Isroil bilan o‘yinga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi
Italiyaning Udine shahrida 2026 yilgi jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi Italiya va Isroil terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlanishiga bir necha soat qolganida minglab odamlar norozilik namoyishi o‘tkazdi.
Shahar markazida faollar “Falastinga ozodlik”, “Isroilni boykot qil” kabi shiorlar bilan chiqishgan ommaviy namoyish bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar Falastin bayroqlari va “Isroilga qizil kartochkani ko‘rsating” yozuvi tushirilgan plakatlarni ko‘tarib, Isroil terma jamoasini G‘azoda sodir etgan jinoyatlari uchun xalqaro sport musobaqalaridan chetlatishni talab qilishdi.
Ayrim marshchilar Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lgan 18 mingdan ortiq bolaning ismlari yozilgan 23 metr uzunlikdagi ramziy kafanni ko‘tarib yurishdi.
Namoyishchilardan biri — Andrea ismli italiyalik faol Anadolu agentligiga bergen intervyusida, aparteid va genosidni o‘zida mujassam etgan davlatga qarshi o‘yin o‘tkazishni nomaqbul deb hisoblashini bildirdi.
“Bu 7 oktyabrdan boshlanmadi; falastinliklarga, xususan, G‘azoda genosid yillar davomida amalga oshirilmoqda”, — dedi u.
Andrea, shuningdek, o‘yinning o‘tkazilishi Isroil siyosatini qonuniylashtirishini ta’kidladi:
“Biz Isroilni barcha sport musobaqalaridan, ayniqsa FIFA va UEFA turnirlaridan chetlatishni talab qilamiz”.
Yana bir italiyalik faol “Isroilga qizil kartochkani ko‘rsat” aksiyasini qo‘llab-quvvatlab, “Falastin ozod bo‘lgunga qadar” namoyishlar davom etishini ta’kidladi.
Aksiya ishtirokchilaridan biri Markoning aytishicha, faollar “hurmat va insoniy mehr” ramzi sifatida halok bo‘lgan bolalarning ismlari yozilgan kafanni olib kelgan.
“Kamsituvchi siyosat olib borayotgan davlat sport musobaqalarida qatnashmasligi kerak. 1960–1970-yillarda Janubiy Afrika Olimpiadadan chetlatilganidek, Isroil ham chetda qolishi lozim. Bu adolat va demokratiya yo‘lidagi muhim qadam bo‘lar edi”, — dedi u.
Respublika maydonidan Pervomay maydonigacha bo‘lgan yurish yakunlangach, ayrim namoyishchilar o‘yin bo‘layotgan “Bluenergy” stadioniga yetib borishga urindi. Polisiya ommani tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalandi. Bir necha namoyishchi hibsga olindi, ANSA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bir jurnalist boshidan jarohat olgan.
Italiya matbuoti xabariga ko‘ra, kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tgan o‘yinni 25 ming tomoshabindan 8 mingga yaqini tomosha qilgan. Milliy madhiyalar vaqtida ayrim italiyalik muxlislar Isroil madhiyasini kuylashgan, boshqalar esa qarsaklar bilan javob berishgan.
Shuningdek, Udine, Rim va Milan kabi boshqa shaharlarda ham Isroilni xalqaro sport musobaqalaridan chetlatish talabi bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgani xabar qilingan.
Italiya matbuoti ta’kidlashicha, o‘yin vaqtida snayperlar, sapyorlar va Isroilning “Mossad” maxsus xizmati vakillari joylashtirilgan bo‘lib, bu holat muxolifat doiralarida qattiq tanqidga sabab bo‘lgan.
