ISTV internet provayderi "O‘zbektelekom"ning tariflaridan norozi

ISTV internet provayderi "O‘zbektelekom"ning tariflaridan norozi

ISTV internet-provayderi "O‘zbektelekom" AJning yangi narx siyosatidan norozi. Bu haqda kompaniya o‘z "Telegram" kanalida e’lon qildi. 

Kompaniyaning xabar berishicha, "O‘zbektelekom" provayderlarga rasmiy narxdan keskin farq qiluvchi narxni taklif qilmoqda. 

"Ular ("O‘zbektelekom") jiddiy ravishda ulgurji xaridorlarga (provayderlarga) rasmiy press-relizlarda 1 Mbit/s uchun 85 ming so‘m narx aytishgan, biz bilan muloqotda esa ularning menejerlari umuman boshqa narx – 1 Mbit/s uchun 125 ming so‘mni taklif qilishmoqda", deyiladi xabarda. 

Jismoniy shaxslar uchun 1 Mbit/s kafolatlangan tezlikdagi internet narxi 44 ming so‘mni tashkil qilmoqda. 

"Ular O‘zbekiston telekommunikasiya xizmatlari bozorini yo‘q qilish va monopoliyalashtirishni xohlamoqda", deya ta’kidlangan bayonotda. 

Kompaniyaning fikricha, yangi narx siyosati ko‘pchilik provayderlarni qoniqtirmayapti. 

"Ko‘pchilik provayderlar hozir endi qanday ishlashni, faoliyatni davom ettirishdan ma’ni bor yoki yo‘qligini o‘ylamoqda", deya xabar bermoqda kompaniya. 

Bu masala bo‘yicha Turon24 "O‘zbektelekom" fikrini bilmoqchi bo‘ldi, ammo kompaniya aloqaga chiqmadi. 

30 noyabr, juma kuni "O‘zbektelekom" AJ O‘zbekistonda internet tezligining oshishiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazdi. Kompaniya xususiy provayderlarga internet-trafikni yetkazib berish narxi 2 marta kamayganini ma’lum qildi. Oldin narx 1 Gbit/s uchun 169 ming so‘mni tashkil qilgan. Bugundan esa narx 85 ming so‘mga o‘zgarishi kerak edi. 

Bundan tashqari, cheksiz internet narxi 2-4 barobar, internet-trafik narxi esa 2-3 marta arzonlashdi.  


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!