Iste’molchilar foydasiga qariyb 25 million so‘m pul undirib berildi

Iste’molchilar foydasiga qariyb 25 million so‘m pul undirib berildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga turli mazmundagi  murojaatlar kelib tushib,  o‘z ijobiy yechimini topib kelmoqda. Misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, yaqinda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi fuqaro S.Tuyg‘unov tomonidan murojaat kelib tushgan bo‘lib, unda iste’molchi,  o‘z xonadoniga «Nasaf avtotrans  qurilish» MCHJ tomonidan ishlab chiqarilagn turli xil mebel va jihozlar o‘rnatilgani, biroq, u talablarga javob bermasligi, tadbirkorga murojaat qilgan bo‘lsada hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini aytib o‘tgan. 

Murojaat o‘rganilishi natijasida 12 000 000 ( o‘n ikki million)  so‘m mablag‘  tadbirkor tomonidan  ixtiyoriy ravishda iste’molchiga qaytarib berildi.

2020 yilning  22 oktyabr  kuni esa Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi  fuqaro T.Mirzamatovning O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasining  1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilgan.  

Ma’lum qilinishicha,  2019 yilning  27 dekabr  kuni  Chust shahrida joylashgan  «Grand Profil» korxonasi rahbari F.S. bilan o‘zaro kelishib,  xonadoniga  AKFA  eshik va  deraza romlari o‘rnatish bo‘yicha shartnoma    tuzilgan. Shartnomaning umumiy bahosi 11 million so‘m bo‘lib, buyurtmani 20 kun muddatda bajarib, mijozga topshirilishi aytilgan. Biroq, oradan bir yil o‘tgan bo‘lsada, buyurtmachining xonadoniga  AKFA  rom va eshiklarning asosiy  qismlarini o‘rnatib, 10 million so‘m  miqdordagi pulni olib ketgan. Oyna, ustun qoplamalari va oyna osti tokchalari chala qolgan. Buyurtmachining bir necha marotaba  murojaat qilishiga  qaramay, tadbirkorning «erta – indin»i tugamaganini ta’kidlagan.

Mazkur murojaat qonuniy hal etish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudiga pulni undirish yuzasidan da’vo arizasi kiritildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan javobgardan ishni muddatida bajarilmagan qismi uchun  2 054 612 so‘m hamda 5 million so‘m penya,  jami 7 054 612 so‘m miqdoridagi mablag‘ni T.Mirzamatov foydasiga undirib berilishiga erishildi.

Yana bir holat Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Sherxon Xudoyqullovning O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidentining ishonch  telefoni orqali qilgan murojaati O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga kelib tushdi.

Unda aytilishicha, iste’molchi  Qarshi shahrida joylashgan G‘ulomova Zamira G‘iyos qiziga qarashli savdo do‘konidan 2 700.000 so‘mga  sotib olingan rangli televizorning nuqsoni borligi sababli sotuvchiga murojaat qilgan bo‘lsada, hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Ammo Federasiya aralashuvi bilan muammo bartaraf etildi.

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida yashovchi fuqaro O.Razumov ham O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qildi. Unda iste’molchi farzandining tug‘ilgan kuniga sovg‘a  1 650 000 (bir million olti yuz ellik ming) so‘m evaziga Samsung Galaxy A10s rusumli telefon sotib oladi. Lekin uyga kelib telefonga sim karta o‘rnatilgach, uning mikrofoni ishlamasligi ma’lum bo‘ladi. Tadbirkorga murojaat qiladi. U esa «Samsung servis-center» ga yuboradi. Servis markazidagilar telefonni ta’mirlash bilan shug‘ullanishlarini, pulini qaytarish talabini sotuvchiga qo‘yishi kerakligini aytib, uni qaytarib yuboradilar. Tadbirkor esa turli bahonalar bilan uni rad etadi. Mazkur murojaat Farg‘ona shahar jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilishi natijasida iste’molchiga 1 650 000 (bir million olti yuz ellik ming) so‘m pul mablag‘ini qaytarilishiga erishildi.

Hurmatli iste’molchi, agarda sizning huquqlaringiz buzilsa, Federasiyaning «1091» ishonch telefoni yoki @PotrebitelUz_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!