Istanbulda o‘zbekistonlik deya gumon qilingan marhum yigitning shaxsi aniqlandi

Istanbulda o‘zbekistonlik deya gumon qilingan marhum yigitning shaxsi aniqlandi

Oldinroq Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik deya gumon qilingan shaxs vafot etgani, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi uni taniganlar aloqaga chiqishini so‘ragani haqida xabar berilgan edi.

Bosh konsulxona ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganini ma’lum qildi. Olib borilgan ishlar natijasiga ko‘ra, u 1992 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi S.M. ekanligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, 28 mart kuni Bosh konsullik tomonidan jasadni vatanga jo‘natish bo‘yicha marhumning oila a’zolariga huquqiy hamda amaliy yordam ko‘rsatildi.

 

«Mazkur fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritishda befarq bo‘lmasdan o‘zining yordamini ayamagan bloger hamda fidoyi fuqarolarimizga samimiy minnatdorlik bildiramiz», — deyiladi konsullik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligiga 2021 yil mart oyida yuborilgan faksogrammada o‘zbekistonlik deya gumon qilingan ushbu yigit 2020 yil oktyabr oyi boshlarida kuchli zaharlanish oqibatida hushini yo‘qotgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va mobil telefoniga ega bo‘lmagan shaxs Istanbul shahridagi Göztepe prof. dr. Süleyman Yalçın şehir hastanesi’ga yotqizilgani, keyinchalik Cinar 2 Bakım Merkezi’ga ko‘chirilgani ma’lum qilingan.

Uning ahvoli o‘ta og‘irligi tufayli ismi sharifi va qaysi davlat fuqarosi ekaniga oydinlik kiritishning imkoni bo‘lmagan, shu sababli Bosh konsullik uni taniganlar aloqaga chiqishini so‘ragandi.

Fuqaro 23 mart kuni Cinar 2 Bakım Merkezi’da vafot etgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!