Isroil kuchlari tomonidan kaltaklangan falastinlik erkak olgan jarohatlari tufayli vafot etdi
Bosqin ostidagi Sharqiy Quddusda Isroil kuchlari tomonidan kaltaklangan 57 yoshli falastinlik erkak olgan jarohatlari tufayli vafot etdi.
Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati bayonotida aytilganidek, uning Ramalladaggi xodimlari Isroil tomonidan o‘ldirilgan falastinlik jasadini qabul qilgan.
Ma’lum qilinishicha, erkakning jasadi Ramalla va Quddus o‘rtasidagi Kalendiya o‘tish joyida Qizil Yarim Oy jamoasiga topshirilib, shifoxonaga yetkazilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Jenin janubidagi Zubabda shahridan bo‘lgan falastinlik Isroilga ishlash uchun yo‘l olganida chegara devoridan oshib o‘tishga uringan va Isroil kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangan.
2023 yil 8 oktyabrda G‘azodagi genosid boshlanganidan beri Isroil falastinlik ishchilarga Isroildagi rasmiy ruxsat etilgan ish joylariga qaytishni taqiqladi. Bu esa ba’zilarni hayotini xavf ostiga qo‘yib, devorni kesib o‘tishga majbur qildi.
Falastin kasaba uyushmalari umumiy federasiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, qirg‘in boshlanganidan beri Isroil armiyasi Quddus va G‘arbiy sohilda 38 nafar falastinlik ishchini o‘ldirgan.
Huddi shu davr mobaynida Isroil kuchlari ishga yoki uyga qaytishga uringan 12 mingga yaqin falastinlik ishchini qo‘lga olgan.
G‘azo, ishg‘ol qilingan Sharqiy Quddus va G‘arbiy sohildagi genosid bilan bir vaqtda Isroil armiyasi va ko‘chmanchilar hujumlari natijasida kamida 1052 falastinlik halok bo‘lgan, taxminan 10 300 nafari yaralangan. Falastin rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, shu vaqt ichida 20 mingdan ortiq odam hibsga olingan, ularning 1600 nafari bolalardir.
