Isroil Falastindan 2000 yillik Sulaymon hovuzlari tortib olmoqchi
The Guardian nashrining xabar berishicha, Isroil bosib olingan G‘arbiy sohildagi yerlar va mintaqa tarixini o‘z nazoratiga olish kampaniyasi doirasida Baytlahm shahri yaqinidagi qadimiy “Sulaymon hovuzlari” suv omborini egallab olish bilan tahdid qildi.
May oyida Isroil moliya vaziri Besalel Smotrich bu hududda falastinliklar egaligini tasdiqlovchi 30 yillik kelishuvlarni bekor qilishini aytganidan beri, bu yerda Isroil harbiylari va ko‘chmanchilari faollashdi. Yaqinda askarlar hovuzda bolalar cho‘milayotgan paytda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ham ishlatgan.
Ushbu qadimiy hovuzlar tizimi miloddan avvalgi II asrga borib taqaladi. Ularni rimliklar Quddusni suv bilan ta’minlash uchun qurgan. Keyinchalik Usmoniylar va inglizlar tizimni kengaytirib, modernizasiya qilgan.
Hozirda bu joy Baytlahm aholisi uchun yagona dam olish maskaniga aylangan. Atrofi Isroil aholi punktlari bilan o‘ralgan shahar xalqi bu yerga cho‘milish, baliq ovlash va piknik qilish uchun keladi.
1995 yildagi Oslo kelishuviga ko‘ra, bu hudud Falastin ma’muriyati nazoratidagi “A zonasi”ga kiradi. Shu paytgacha bu zona daxlsiz hisoblanardi. Isroil moliya vaziri Smotrich esa ushbu hududni Falastin ixtiyorida qoldirishni Oslodagi “dahshatli xato” deb atagan. Ekspertlarning fikricha, hovuzlarning tortib olinishi xalqaro kelishuvlarni butunlay yo‘qqa chiqaradi.
Isroil tomoni bu majmuani “yahudiylarga xos” meros deb da’vo qilmoqda va uning nomi shoh Sulaymon bilan bog‘liqligini aytmoqda. Biroq arxeologlar buni rad etadi: shoh Sulaymon hovuzlar qurilishidan 800 yil avval o‘tgan. Sulaymon nomi XVI asrda Quddus devorlarini ta’mirlagan Usmoniylar sultoni Sulaymon Qonuniy bilan bog‘liq.
