Isroil AQShga G‘azo bo‘yicha reja yuzasidan e’tiroz bildirdi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi 3 avgust kuni AQShga G‘azo bo‘yicha reja yuzasidan xavotirlarini yetkazganini ma’lum qildi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp HAMAS qurolsizlanishga rozi bo‘lganidan keyin ushbu rejani olqishlagan edi.
"Isroil taklif etilgan reja bo‘yicha o‘z mulohazalari va xavotirlarini amerikalik hamkorlariga yetkazdi. Jamoatchilikka e’lon qilingan variant Isroilning pozisiyasini aks ettirmaydi", — dedi Isroil bosh vaziro idorasi matbuot kotibi Doron Spilman.
Uning ta’kidlashicha, Isroil razvedkasi HAMAS 2025 yil oktyabr oyida Tramp tomonidan e’lon qilingan otashkesimdan beri qayta qurollanayotgani va kuch to‘playotganini aniqlagan. Ushbu otashkesim hududda zo‘ravonlik darajasini kamaytirgan bo‘lsa-da, Isroil zarbalar berishda davom etmoqda.
HAMAS 31 iyul kuni kelishuvning keyingi bosqichiga rozi bo‘lganini e’lon qildi. Ushbu bosqich qurollarni yangi tuzilayotgan Falastin boshqaruv qo‘mitasiga topshirishni o‘z ichiga oladi. Tramp bu qadamni 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga hujumi bilan boshlangan vayronkor urushni tugatish yo‘lidagi muhim bosqich deb atadi. U jurnalistlarga Isroil bu o‘zgarishlardan juda xursand ekanini aytdi.
Biroq Netanyahuning matbuot kotibi HAMASning harakatlari guruh “7 oktyabr uslubidagi yangi qirg‘inlarga tayyorlanayotganini ko‘rsatayotgani”ni bildirdi. U Trampning Tinchlik kengashi tomonidan e’lon qilingan rejada G‘azo qo‘shnilariga tahdid solmaydigan, deradikalizasiya qilingan va terrorizmdan xoli hudud bo‘lishi talab qilinganini eslatib o‘tdi.
"To‘liq qurolsizlanishsiz amalga oshirilgan har qanday narsa HAMASga Isroilga yana tahdid solish imkoniyatini qoldiradi", — deb qo‘shimcha qildi u.
