Islomga intilgan ayol: Ingliz tili o‘qituvchisi Yelena qanday qilib muslima bo‘ldi?

Islomga intilgan ayol: Ingliz tili o‘qituvchisi Yelena qanday qilib muslima bo‘ldi?

Men Yelena bilan Musulmon yoshlari festivalida tanishib qoldim. Meni har doim Islomga kirgan rus millati vakillari qiziqtiradi. Lenaning Buyuk Bulg‘ordagi Oq masjidda o‘tkazilgan qorilar tanlovida birinchi o‘rinni olganini eshitganimdan so‘ng qiziqishim ikki barobar kuchaydi.

– Lena, sizning Islomga kirishingizga nima turtki bo‘ldi? Bu dinning mavjudligini birinchi marta qachon eshitgan edingiz?

Islom dini haqida maktab o‘quvchisi vaqtimda eshitganman. Sinfimizda bir bola namoz o‘qib, ro‘za tutar edi. Uning ta’sirida yana bir bola musulmon bo‘ldi. Men ular bilan ko‘p suhbatlashardim, ular menga musulmonlar va ularning dini haqida so‘zlab berishardi.  Islom haqidagi dastlabki tasavvurlarim o‘sha vaqtda paydo bo‘lgan.

– Bu din sizni nimasi bilan o‘ziga jalb qildi?

– Birinchi galda meni hayratga solgani – musulmonlarning spirtli ichimliklar ichmasligi va ko‘ngilochar tadbirlardan yiroqligi bo‘ldi. Bir safar musulmon sinfdoshimning uyiga mehmonga bordim va musulmonlarning oilaviy hayotini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ular juda ham mehmondo‘st, ozoda va narsalari ko‘p bo‘lsa-da, tartib bilan joylashtirilgan edi. Bunday orastalik  menga juda ham yoqib qoldi. Ana shu voqea mening Islomga jiddiy qiziqishim va  uning fazilatlarini his qilishimga asos bo‘ldi. O‘sha sinfdoshim, aytganimdek, bolaligidanoq musulmon edi va unga ota-onasi namoz o‘qishni o‘rgatgan edi. Yuqori sinfga o‘tganimizda esa u namozni mustaqil o‘qir va menga Islom haqida juda ko‘p qiziqarli narsalarni gapirib berar edi. Meni hammasidan ham ilmiy ixtirolar va kashfiyotlarning Qur’oni karim oyatlari bilan to‘g‘ri kelib qolganlari qiziqtirar edi. Shunday qilib, mening Islom bilan qiziqishim borgan sari kuchayib boraverdi, ko‘p kitoblarni o‘qib chiqqanimdan so‘ng yaqinlarimga agar men bundan 1500 yil oldin tug‘ilganimda nasroniy bo‘lishim mumkin edi, endi esa Islom butun olam xalqi uchun nozil qilingan ekan, men ham muslima bo‘lishni istayman deb gapira boshladim. Maktabni tugatganimdan so‘ng peduniversitetga o‘qishga kirdim. Otam bilan diniy mavzuda suhbatlashganimizda – u hali mening Islomga kirganimni bilmas edi – men unga Isoga topinmasligimni, Tangri bitta ekani va Unga o‘xshash boshqa hech narsa yo‘qligini aytdim. U mening fikrimga qo‘shildi va mening tanlovimni to‘g‘ri deb topdi.

– Demak, sizning e’tirofingiz unga zarba bo‘lmadi?

– Bilmadim, ehtimol, zarba bo‘lsa ham bo‘lgandir. Ammo buni menga sezdirmadi. U menga: “Bu sening tanloving, sening hayoting, men senga qaysi dinni ushlashing kerakligiga ta’sir o‘tkazishga haqqim yo‘q”, dedi. U haydovchi bo‘lib ishlaydi va butun mamlakat bo‘ylab yuk tashiydi. U juda ham aqlli odam. O‘sha vaqtda otam mening bu qarorimga hurmat bilan yondashadi va Islom ahkomlarini bajarishimga qarshilik qilmaydi, deb umid qilgan edim. Shukrki, yanglishmagan ekanman.

– Bunga oilaning boshqa a’zolari qanday munosabatda bo‘ldi?

– Onam bir necha yil burun vafot etgan. Akamning o‘z oilasi bor, u alohida yashaydi. U meni har tarafdan kuzatib yurdi. O‘ylashimcha, mening tanlovimni tushuna olmadi. Darvoqe, biz bu mavzuda hech fikr almashganimiz yo‘q edi. Baribir, o‘zaro munosabatimiz yaxshi. boshqa qarindoshlarim bu masalaga turlicha yondashdi. Ko‘z yoshi to‘kkanlar ham, nasihat qilganlar ham, tahdid etganlar ham bo‘ldi.  Ammo bularning barchasiga men jilmayib javob qildim. Men ularga unchalik ahamiyat bermadim. Men uchun eng muhimi, otamning munosabati edi. Albatta, hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. bu gaplarni eshitgan opam juda ham darg‘azab bo‘ldi va yig‘lay boshladi.  Men unga: «Nega yig‘layapsan? Axir men baxtimni topdim-ku!» dedim. Men qarindoshlarimga haqiqatan, baxtimni topganimni tushuntirishni xohladim, ammo bu oson ish emas edi.  Mabodo, odam qaror qabul qilib olsa, uni ishontirish juda ham qiyin ish. Sizga qarshi borayotganlarga jahl qilish aslo mumkin emas. Ularga Qur’oni karimda aytilganidek, “Sizga o‘zingizning diningiz, menga – o‘zimniki” tamoyiliga rioya qilib, muloyim muomala qilgan ma’qul.

– “Islomda millatlarga bo‘lish yo‘q” degan ta’kidga qanday qaraysiz?

– Menimcha, inson hech qachon o‘zining kelib chiqishini unutmasligi kerak. Biz axir Islom diniga turli millatlar e’tiqod qilishidan hayratlanmaymiz-ku. Qarindoshlarim bilan munozara qilgan choqda men ularga mana bu mantiqni aytdim, nima men Islomga kirishim uchun arab bo‘lishiim kerakmi. Din – bir narsa, millat boshqa tushuncha, ularni aralashtirmaslik kerak. Mening dinim – Islom, millatim – rus va hamisha rus bo‘lib qolaman.  Chunki mening millatimda ajdodlarimning qoni oqmoqda. E’tiqod bilan millatni o‘zaro qiyoslamaslik kerak. Harholda qarindoshlarim bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldim. Chunki men ular bilan ko‘proq diydorlashishga va muomalada bo‘lishga harakat qilaman.

– Diniy bayramlarni uyda qanday kutib olasiz?

– Musulmonlarning bayramini biz uyda nishonlamaymiz. Chunki uyda yolg‘iz men musulmonman, xolos. Shunday bo‘lsa ham o‘tgan yili yaqinlarim ramazon hayiti bilan qutlashdi. Ular bayramlarini nishonlayotgan choq stol ustida spirtli ichimliklar paydo bo‘ladi, men darhol o‘zimni chetga olishning payida bo‘laman. Nima bo‘lganda ham, qarindoshlarim bilan Islomga oid mavzularda juda ham ehtiyotkorlik qilmasdan gaplashyapman. Bordi-yu, ularni biror masala qiziqtirib qolsa, savoliga dadil javob bermoqdaman.

– Siz ismingizni o‘zgartirishni istamadingizmi, odatda, Islomga kirganlar shunday qilishadi?

– Shu savolga qiziqib ko‘rdim. Menga ismingiz, xunuk bo‘lmasa yoki ma’nosi bemaza bo‘lmasa o‘zgartirish shart emas deb tushuntirishdi.

– Qiziq, sizning bu qadamingizni maktabdagi hamkasblaringiz va universitetdagi kursdoshlaringiz qanday qarshi oldi?

– Ulardan meni yaqindan bilganlari Islomga kirishga tayyor bo‘lib yurganimdan xabardor edi. Hatto menga: “Sen o‘zingni nasroniy deb hisoblagan taqdiringda ham, baribir, dunyoqarashing musulmoncha bo‘lib qolaveradi”, deyishar edi. O‘sha kezlarda men e’tiqodim bo‘yicha opa-singillar bilan unchalik yaqin emas edim. Biroq vaqt o‘tishi bilan ulardan qayerda tahorat olib, namoz o‘qisa bo‘lishi haqida so‘rab bilib oldim. Oradan ko‘p o‘tmay, mening dindosh dugonalarim paydo bo‘ldi. Men ular bilan juma namoziga qatnar edim.

– Keyingi hayotingiz qanday davom etdi? Axir ro‘mol o‘rab yurib ishga joylashish oson ish emas…

– Birinchi marta beshinchi kursda o‘qiyotganimizda Amerikaga borganda ro‘mol o‘radim. Muammolar maktabga pedamaliyotga borganimda chiqa boshladi. Amerikada musulimalar bilan dugona bo‘lib qoldim, ular menga muslima ayolning kundalik kiyimini kiyishni tavsiya qilishdi. Ana o‘sha kundan beri ro‘molimdan ayrilmayman. Birinchi marta ramazon ro‘zasini ham Amerikada tutdim. Men bu ro‘zani juda ham intiq kutdim va qanday o‘tar ekan, axir musofir yurtlarda bo‘lsam, deya g‘oyat tashvishlandim. Shukrki, Parvardigor madadkor bo‘ldi.  Halol taom masalasida ham muammo bo‘lmadi. Men baliq va dukkakli ovqatlar bilan oziqlandim. Tirikchilik uchun restoranda qo‘shimcha ish sifatida ishlaganim sababli oziq-ovqatda muammo tug‘ilmadi. Diniy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarimni pleerimdan Qur’on va nashidalar tinglash bilan qondirdim. Ishga kirgan vaqtimda esa menejerga murojaat qilib namoz o‘qishga ruxsat bormi deb so‘radim va savolimga ijobiy javob oldim. Hatto mening namoz o‘qishim uchun alohida xona ham qilib berishdi.  Hamkasblarim buni to‘g‘ri tushundi va belgilangan vaqtda men ularni xabardor qilib namozimni o‘qib olardim.

– Ummon ortida musulmonlarga munosabat qanday?

– Men kichkina shaharchada yashadim va o‘sha shahardagi yagona muslima men edim. Shu vaqtga qadar mahalliy aholi faqat musulmon sayyohlarni ko‘rgan ekan-u, ammo ular bilan suhbatlasha olmagan ekan. Yangi tanishlarimdan biri menga oshkora: “Biz musulmonlarni sevadigan toifadan emasmiz, biz ulardan qo‘rqamiz. Sen bilan gaplashib turib shunga amin bo‘ldimki, musulmonlar hech ham xatarli odamlar emas ekan”. Albatta, ana shu so‘zlarda dunyoda yuz berayotgan hodisalardagi bizning aksimiz ko‘rinadi.

– Hozirgi ishlayotgan joyingizda – siz dars berayotgan maktabda sizga munosabat qanday?

– Maktab direktorining o‘zi namoz o‘qimaydi. Ammo muslimalarning hurmatini joyiga qo‘yadi. Maktabdagi darsim va ishim namoz o‘qishimga xalaqit qilmaydi.  Darslarim ikkida tugaydi va peshinni o‘qib olishga ulguraman.  Agar boshqa joyda ishlaganimda vaqt masalasida muammo bo‘lishi mumkin edi. O‘quvchilar meni muslima sifatida emas, pedagog sifatida biladi. Ularning e’tiborini boshqa holat: mening yosh o‘qituvchiligim ko‘proq tortdi. Shu boisdan o‘quvchilar bilan osongina til topishib oldik. O‘n birinchi sinf o‘quvchilari orasida Islomga, nasroniylikka qiziquvchilar bor va ular ko‘plab savollar beradi. Muslima ayol sifatida maktab jamoasida bir marta ham qing‘ir ko‘z bilan qaragan kishi bo‘lganini sezmadim. Ha, qarindosh-urug‘larim ham meni yaxshilik bilan kutib olishdi.

– Ishga kirish uchun boshingizda ro‘molingiz bilan kelganingizda bu yerdagi tushunmovchiliklar va boshqa ko‘ngilsizliklardan qanday qutuldingiz?

– Albatta, ish tintiv va shaxsiy buyumlarni titkilab ko‘rishgacha bormadi. Biroq amaliyot o‘tash uchun Qozonda ishga joylashish masalasi so‘roq-savollarsiz kechmadi. Menga tatar maktabiga borishni tavsiya qilishdi. Men esa ularga tatarchani bilmasligimni aytib, ro‘molda hech qanday yomon narsa yo‘qligi, bor-yo‘g‘i u bir parcha latta ekanini tushuntirishga urindim. Meni maktabga faqat ro‘molsiz ishlashga taklif qilgan Zelenodolskka bormoqchi ham bo‘ldim.  Hosili kalom, Verxneuslonskiy rayonidagi qishloq maktablaridan biriga ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishga joylashdim. U yerda mendan faqat bitta narsani so‘rashdi: ro‘molim ishlashimga xalaqit qilmaydimi… Hozir ular bunga o‘rganib qoldi va mening ishlashimda hech qanday muammo yo‘qligiga ishonch hosil qilishdi.

– Festivalda birinchi o‘rinni oldingiz va Qur’onni namunali o‘qishni ko‘rsatdingiz, Kitob bilan tanishar ekansiz birinchi marta o‘zingizni qachon baxtiyor his qilgansiz?

– Birinchi qilgan ishim arab tilini o‘rganish bo‘ldi. zero, tilni bilmasam o‘qiyotgan namozimning ma’nosini tushuna olmas edim. Dastlab arab alifbosini o‘rgandim va bir necha qisqa surani o‘qib yodlab oldim. Keyin  Zelenodolsk madrasasiga o‘qishga kirdim va Qur’onni o‘qishni o‘rgandim. U yerda bizga ajoyib mudarris dars berdi. U muqaddas Qur’onning har bir so‘zini tushuntirib berardi.  O‘sha dargohda men Qur’oni karim Allohning so‘zi ekaniga qat’iyan imon keltirdim-da  oyat va suralarni ko‘proq yod olishga jazm etdim. Hozirgi vaqtda Rossiya islom universitetining shariat fanlari fakultetida o‘qiyapman. O‘qishim menga shu vaqtga qadar o‘rganganlarimni tizimlashtirishni o‘rgatmoqda.

Rimma GATINA suhbatlashdi,

Damin JUMAQUL tarjima qildi

Manba: hidoyat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!