Islombek Ismoilov Elit OCHL tarixida ikkita rekord o‘rnatdi
"Neftchi" bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Elit Osiyo Chempionlar ligasi tarixida bir yo‘la ikkita yosh rekordini yangiladi. Bu haqda Farg‘ona klubi matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Neftchi" musobaqaning ilk turida Iroqning "Eyr Fors" jamoasini mag‘lub etib, muhim uch ochkoga ega chiqdi. Ushbu uchrashuv jamoa bosh murabbiyi Ismoilov uchun ham alohida tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Ma’lum qilinishicha, mutaxassis Elit OCHL tarixida jamoani boshqargan eng yosh murabbiyga aylandi. Shuningdek, u mazkur musobaqada g‘alaba qozongan eng yosh bosh murabbiy sifatida ham yangi rekord o‘rnatdi.
"Islombek Ismoilov o‘z nomini Osiyo futbolining nufuzli musobaqasi tarixiga muhrladi", — deyiladi klub xabarida.
"Eyr Fors"ga qarshi bahs taqdirini Zoran Marushichning goli hal qildi. Ushbu g‘alaba orqali "Neftchi" Elit OCHLdagi dastlabki uch ochkosini qo‘lga kiritdi.
Farg‘onaliklar musobaqaning 2-turida Saudiya Arabistonining "An-Nassr" klubiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 12 oktyabr kuniga belgilangan.
