Islohotlarni korrupsiyaning changalidan qutqaring!

Islohotlarni korrupsiyaning changalidan qutqaring!

Korrupsiya – nihoyatda ijtimoiy-siyosiy vayronkor kuch, uning oqibatida milliy iqtisodiyotga putur yetadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, xalqning davlat boshqaruvi hokimiyati organlariga ishonchi yo‘qoladi, uyushgan jinoyatchilik kuchayadi, jamiyatda ma’naviyat izdan chiqa boshlaydi. Shunday illatlarga qarshi murosasiz kurashish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida Yangi Namangan tumanida tadbir o‘tkazildi. Unda, tibbiyot, ta’lim, maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad xalqimizni hayotdan rozi qilish. Eng muhimi, davlat idoralari bevosita xalq ichiga kirib borib, muammolar bilan tanishayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Albatta, bu jarayonda rahbarlarning mas’uliyatini oshirish va o‘ziga bildirilayotgan ishonchni oqlash hamda ta’magirlikka yo‘l qo‘ymaslik borasida ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi. Olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay, ming afsuski, ayrim tashkilot va muassasa rahbar xodimlari orasida korrupsiyaga berilish, ta’magirlik holatlari uchrab turibdi. Qonunlarni bilmaslik biror kishini jazodan qutilishiga bahona bo‘lolmaydi. Kimdir bilib, kimdir bilmasdan deganlaridek, bunday salbiy illatlarning ko‘chasiga kirib qolganliklarini sezmay qoladilar.

Achinarli tomoni shundaki, ayrim nufuzli mansab kursisida o‘tirganlar bila turib korrupsiyaga, poraxo‘rlikka, tanish-bilishchilikka berilib ketayotgani ijtimoiy hayotimizga jiddiy xavf solmoqda. Shunday illatlarga qarshi kurashish, korrupsiyani barvaqt oldini olish maqsadida Yangi Namangan tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining sudyasi va tuman adliya bo‘limi boshlig‘i ma’ruza qildi.

Korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan qutqarish sharafli burchimiz ekanligini hamma birdek tushunmog‘i lozim. Aks holda, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay, poraxo‘rlik va ta’magirlikdan tiyila olmayotgan shaxslar jazoga tortilishi muqarrar! Ma’ruzada yaqin 2-3 yil oralig‘ida korrupsiya va shu bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortayotgani, oson yo‘l bilan boyishga bo‘lgan urinishlar alaloqibat jinoyat sodir etish bilan tugayotgani aniq misollar orqali tushuntirildi.

Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib bo‘lmasligini o‘qib-uqqan, poraxo‘rlik va korrupsiyaga, suiiste’molchilikka qarshi o‘zida immunitet hosil qilgan odamning ishida unum, uyqusida halovat bo‘ladi. Tanish-bilishchilik davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon yetmasligi, qonunlarga, insonning qadr-qimmatiga raxna solmasligi kerak. O‘zining g‘arazli maqsadi uchun har qanday tubanlikdan tap tortmaydigan mas’ul shaxs, nafaqat, o‘zi ishlaydigan korxona va muassasaga, shu bilan bir qatorda butun jamiyatga ziyon yetkazadi. Ochiq muloqot davomida koruppsion jinoyatlar sodir etgan shaxs bir vaqtning o‘zida kelajak avlodning ildiziga ham bolta urishi haqida mulohaza yuritildi. Shuningdek, bunday illatlarga qarshi murosasiz kurashish uchun huquqiy savodxonlikni oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi.

Ochiq muloqot so‘ngida korrupsiyaga qarshi kurashish hozirgi davrning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, korrupsiya tuzog‘iga tushib qolmaslik, uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi keskin kurashish, davlat xizmatchisi degan nomga dog‘ tushirmaslik, xizmat vazifalarini halollik va mas’uliyat bilan bajarish lozimligi aytib o‘tildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!