“Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

“Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

30 noyabr – 2 dekabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” pavilyonida “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkaziladi. Bugun, 23 noyabr kuni esa Turizm va madaniy meros vazirligida yarmarka oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Germaniyaning “Mangold consulting GMBH” raisi, professor Klaus Mangold, vazirlik huzuridagi “Milliy PR markazi” DUK direktori Dilfuza Samandarova, “The Says Lot” MCHJ Bosh direktori Rustam Munasipov va OAV xodimlari ishtirok etdi.

“Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Matbuot anjumanini ochib bergan Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov yarmarkaning ahamiyati va uning soha rivojidagi orni haqida soz yuritdi.

“Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi mintaqada turizm sanoatini qo‘llab-quvvatlash va sayyohlik sohasida xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarni birlashtiradigan, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda turizm sohasidagi eng yorqin xalqaro tadbir bo‘ladi.

Yarmarka doirasida dunyoning 15 dan ortiq davlati o‘z milliy stendlari bilan ishtirok etmoqda, bular orasida Yaponiya va Fransiya kabi yangi ishtirokchi davlatlarning borligi bizni quvontiradi.

Ma’lumot o‘rnida: 2019 yilda 13 davlatdan 60 ga yaqin tashkilot qatnashgan bo‘lsa, bu yil 15 davlatdan 76 ta tashkilot qatnashmoqda. Shu bilan birga, uch kun mobaynida, yetakchi xalqaro ekspertlar bilan forum va sessiyalar, milliy oshpazlarning mahorat darslari, mamlakatimiz madaniy merosini namoyish etuvchi O‘zbekiston hunarmandlarining ko‘rgazmasi va yarmarka tarixida ilk marta mahalliy va xalqaro dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, bu yil yarmarka ishtirokchilari o‘rtasida ko‘plab V2V uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Sohada kuzatilayotgan islohotlar va faol jarayonlar, albatta, Prezident SH.M.Mirziyoyev va Hukumat tomonidan turizm sohasining faol qo‘llab-quvvatlanayotgani natijasidir”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Vazirning takidlashicha, yarmarkada nufuzli xalqaro va milliy mutaxassislar ishtirokida forum va sessiyalar, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari o‘tkaziladigan gastro-bozor tashkil qilinadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston hunarmandlarining ko‘rgazmasi o‘tkazilib, yarmarka tarixida ilk bor xalqaro va milliy dizaynerlar tomonidan nafaqat kiyim-kechak, balki zargarlik buyumlari ham namoyish etiladi.

“Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Ayni damda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Klaus Mangold yurtimizning turistik salohiyati va sohada olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Jurnalistlarning savoliga javob berar ekan, turizm sohasini rivojlantirishda TXTY kabi tadbirlarning o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi va tashkilotchilarga bu borada muvaffaqiyat tiladi.

Bundan tashqari, professor Turizm va madaniy meros vazirligiga sohaga oid qator kitoblarni taqdim etdi.

Shuningdek, tadbirda nutq so‘zlagan “Milliy PR markazi” direktori Dilfuza Samandarova TXTYning bu yilgi ishtirokchilar soni sezilarli darajada ortganini qayd etdi.

“Yarmarkada 15 davlatdan 70 dan ortiq tashkilot o‘z milliy stendi bilan ishtirok etadi, 20 dan ortiq davlatdan maruzachilar, maslahatchilar, ishtirokchilar va mehmonlar qatnashadi. Bugunga qadar 12 ming tashrifchi ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, ularning soni kundan-kunga ortib bormoqda”, – dedi u.

D.Samandarovaning sozlariga kora, 2022 yilgi Toshkent xalqaro turistik yarmarkasida Fransiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va boshqa davlatlardan ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.

Takidlash joizki, joriy yilda TXTY-2022 maydonchasida mahalliy aholi, shuningdek, MDH va Yevropadan 20 mingga yaqin mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari, xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va ananalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi.

TXTY-2022 forumiga turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar taklif etilgan bolib, ular orasida O‘zbekistonning xorijdagi sayyohlik brendi elchilari, “BBC World News”, “Lonely Planet”, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya turizm tashkilotlari uyushmalari vakillari, PR mutaxassislari va boshqalar bor. Shu bilan birga, joriy yilda turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillari orasida ko‘plab B2B uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Shunisi quvonarliki, 2022 yilda TXTY-2022 bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar ro‘yxati sezilarli darajada kengaydi. Mahalliy hamkorlar bilan bir qatorda Rossiyaning shimoliy poytaxti – Sankt-Peterburg shahri ham 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining hamkori sifatida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Malumot uchun, Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi ilk bor 1995 yilda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazilgan.

Ma’lum qilinishicha, pandemiya sababli ikki yillik tanaffusdan so‘ng 2022 yilda Toshkent Xalqaro Turistik Yarmarkasi to‘liq ko‘lamda qaytishi kutilmoqda. Bu qaytish o‘ziga xos bo‘lib, uning o‘ziga xos jihati shundaki, ushbu tadbir tarixda birinchi marta, bu yarmarkani byudjet mablag‘larini jalb qilmasdan, davlat-xususiy sheriklik shaklida o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!