Intizomli soliq to‘lovchilarga QQS summasi 7 kunda qaytariladi

Intizomli soliq to‘lovchilarga QQS summasi 7 kunda qaytariladi

Soliq to‘lovchilarni QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan intizomli soliq to‘lovchilarga o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish tezlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi belgilandi.

Soliq to‘lovchilarni QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibiga ko‘ra, soliq organlari tomonidan ularning faoliyati 7 kunlik muddatda avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlildan o‘tkazilishi va soliq xavfining past, o‘rta hamda yuqori darajalariga ajratilishi nazarda tutilgan.

Bunda:

  • Soliq xavfi past darajada bo‘lgan soliq to‘lovchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri maxsus ro‘yxatdan o‘tkaziladi va hech qanday soliq nazorati tadbirlari amalga oshirilmaydi;
  • Soliq xavfi o‘rta darajada bo‘lgan soliq to‘lovchilar keyingi keladigan o‘n ikki oy ichida soliq nazoratining tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish sharti bilan maxsus ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
  • Soliq xavfining yuqori darajasiga tushgan soliq to‘lovchilarning arizasi rad qilinishi yoki mavjud QQS guvohnomalari ushbu kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar avtomatik ravishda vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi.

2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:

  • asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operasiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan avtomat tizimida aks ettirish;
  • xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yo‘q qilinganda va hisobdan chiqarilganda 3 ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv” AATda aks ettirish.
  • 2022 yil 1 yanvardan yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yiladi. Bunda hisobga qo‘yish masofadan turib faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.

Ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!